Bismillahir Rohmanir Rohiym
Uchinchi foyda: Qayg‘ular baxtning, xursandchilikning naqadar buyuk ne’mat ekanini yodingizga soladi.
Kim qayg‘uning achchiq sharobidan totib ko‘rgan bo‘lsa, baxtli onlarining qiymati naqadar ulkanligini his qiladi. Hayotingizda biror marta g‘am-qayg‘u chekmagan bo‘lsangiz, baxt nimaligini, uning qadrini hech qachon bilmagan bo‘lardingiz.
Baxt, shodlik, quvonch – Alloh taolo bergan bir hadyadir. Yosh go‘dakni o‘ynatsangiz, beg‘uborlik bilan qiqirlab kuladi. Bilingki, hali aqli kirmagan shu go‘dakni ham Alloh kuldiryapti. “Men unga yoqyapman, shuning uchun kulyapti”, deyishingiz mumkin. Lekin bu go‘dakni siz ham, sizning yoqimli xatti-harakatlaringiz ham kuldirgani yo‘q. Go‘dakka qiziqishni ham, buning natijasida paydo bo‘lgan kulgini ham Robbimiz ilhom qiladi. Agar Alloh uni xafa qiladigan narsalar haqida aql yuritib, o‘ylaydigan qilib qo‘yganida, sizning bu harakatlaringiz uni kuldira olmagan bo‘lar edi.
Bir qiz aytadi:
«Otam bizga kuldirib qo‘ygani uchun ham Allohga shukr qilishni o‘rgatganlar. Ha, bizga kulgi ne’matini bergan Robbimizga shukrona aytamiz. Oilaviy yig‘inlarimizda ko‘pincha hazil-mutoyiba qilar edik, ayniqsa uxlashdan oldin rosa kulishardik. Erta tongda esa otam: «Bizni shu oddiy narsalar bilan xursand qilib, kuldirib qo‘ygani uchun Allohga shukr qilinglar!» der edilar. Bu so‘zlarni otamdan juda ko‘p yillar eshitib yurdik: «Kuldirib qo‘ygan Robbimizga shukr keltiraylik!».
Bizni kuldirib, xursand qilib, buning halovatini his ettirgan va buning qanchalar ulug‘ ne’mat ekanini bildirib qo‘ygan Allohga hamdlar bo‘lsin! Xususan, qayg‘u va tushkunlik keng ildiz otgan bugungi zamonda bu ne’matlar uchun Allohga hamdlar bo‘lsin!»
Boshqa bir qiz yozadi:
«Boshlang‘ich sinfda o‘qiyotgan paytlarimda buvim chaqaloqlarni o‘ynatib o‘tirardilar. Chaqaloq kulsa, unga qarab, «Seni kuldirgan Zot bunchalar ulug‘-a? Xohlasa, yig‘latib ham qo‘yadi-ku», der edilar. Buvim kulayotgan chaqaloqni ko‘rsalar, uning onasiga: «Bolangizni kuldirgan Robbingizga shukr qiling! Agar xohlasa, uni chaqib yig‘latadigan kichik hasharotni yuborib qo‘yardi», derdilar.
Buvim shu yo‘l bilan menga kulgi va quvonch ne’matini qadrlashni, ularni his etishni o‘rgatgan edilar. Ulg‘ayganimdan keyin chaqaloqlarning yig‘lashini, kulishini kuzatib, baxt va kulgi ham Allohning mo‘jizalari, buyukligiga dalolat qiladigan belgilari ekanini tushunib yetdim. Afsuski, juda ko‘pchilik bundan bexabar. Ular baxtni boshqa yerlardan izlab yurishibdi. Sizni kuldirayotgan narsa kulgili latifa emas, sizni xursand qilayotgan narsa hazilkash dugona emas, kulgingizga sabab bo‘layotgan narsa kulgili surat ham emas. Bularning barchasi arzimas sabablar, xolos. Qodir Alloh sizning xursand bo‘lishingizga, kulishingizga izn bermasa, tabassum qilishga hech qanday kuch topa olmaysiz. Shuning uchun baxtni, quvonchni o‘z Egasidan – Allohdan so‘rang. Har kulganingizda Robbingizga shukrlar ayting. Agar shukr qilsangiz, U Zot ne’matini albatta ziyoda qiladi. Buvim o‘zlari bilmagan holda meni bunga odatlantirib qo‘ygan ekanlar».
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh tarjimasi.
Joriy yilning 16 sentyabr kuni Qashqadaryo viloyatida «Inson qadri ulug‘langan yurtda mehr va e’tibor har bir xonadonga kirib boradi» shiori ostida xayrli tadbir o‘tkazildi.
Mazkur tashabbusga Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Farhod Kushakov hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatdagi vakili, bosh imom-xatib Rahmatillo domla Usmonov boshchilik qildi.
Tadbir doirasida shahar va tuman bosh imom-xatiblari hududlardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan va bemor fuqarolarning xonadonlariga tashrif buyurdilar.
Samimiy muloqotlar davomida fuqarolarning hol-ahvoli va ehtiyojlari o‘rganilib, ularga ma’naviy dalda berildi. Xonadon egalariga bayramona kayfiyat ulashish maqsadida oziq-ovqat mahsulotlari, ehson va sovg‘a-salomlar topshirildi.
Shuningdek, imom-xatiblar yurtdoshlarimiz bilan oila mustahkamligi, o‘zaro mehr-oqibat, sabr-qanoat hamda saxovatning fazilatlari haqida diniy-ma’rifiy suhbatlar olib bordilar. Bu kabi xayriya tadbirlari jamiyatda hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga, odamlar qalbida ertangi kunga ishonch uyg‘otishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati