O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi ko‘p yillar diniy-ma’rifiy sohada xizmat qilgan Namangan shahridagi “Abdulqodir qori” jome masjidi imom-noibi Yunusxon qori Jabbarovning vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhum ulamoni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Haq taolo marhum domlamizning ahli oilasi, farzandu arjumandlari, safdoshlari, shogirdlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum imomimizni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Yunusxon domla Jabbarovning yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Inna lillahi va inna ilayhi roji’un!
«Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz U Zotga qaytuvchimiz».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati bosh imom-xatibi, Ulamolar kengashi a’zosi Abdulloh domla Samatov Pop tumanidagi «Yakka tut» hamda Mingbuloq tumanidagi «Gulbog‘» jome masjidlarida bo‘ldi.
Tashrif davomida bosh imom-xatib mazkur masjidlarda namozxonlar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida qayta qurilayotgan tahoratxonalar holati bilan yaqindan tanishdi.
Qurilish jarayonlari ko‘zdan kechirilib, barpo etilayotgan zamonaviy tahoratxonalarning sifatli, milliy me’morchilik an’analari va barcha sanitariya-gigiyena talablariga to‘liq javob beradigan tarzda amalga oshirilishi bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Shuningdek, ushbu xayrli ishlarda fidoyilik ko‘rsatayotgan quruvchilar va hissa qo‘shayotgan yurtdoshlarimiz haqqiga duo qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati