Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim juma kuni Oli Imron nomli surani o‘qisa, Alloh va Uning farishtalari quyosh botguncha unga salavot aytib turadilar», – dedilar (Tabaroniy rivoyat qilgan).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam juma kuni bomdod namozida «Alif lam mim. Tanzilu…»ni – Sajda(surasi)ni – va «Hal ata ’alal-insani»ni qiroat qilar edilar» (Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilishgan).
Ibn Abu Sayf Yamaniy «Al-lam’a fi rag‘oibi yavmil jumu’a» kitobida Termiziyning quyidagi gaplarini keltiradi:
«Tasbeh namozini juma kuni zavol paytida o‘qish mustahabdir. Birinchi rak’atda Fotihadan keyin Takosurni o‘qiydi, ikkinchisida Val asrni, uchinchisida Kofirunni, to‘rtinchisida Ixlosni o‘qiydi». So‘ng oxirida o‘qiladigan qo‘shimcha duoni ham keltirgan.
«Juma haqidagi oyat va hadislar» kitobidan