Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Sentabr, 2026   |   5 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:44
Quyosh
06:04
Peshin
12:18
Asr
16:41
Shom
18:35
Xufton
19:51
Bismillah
16 Sentabr, 2026, 5 Rabi`us soni, 1448
Maqolalar

Qayg‘usiz joy faqat Jannatda

16.09.2024   9120   4 min.
Qayg‘usiz joy faqat Jannatda

Bismillahir Rohmanir Rohiym

To‘rtinchi foyda: Dunyo qayg‘ulari sizni oxirat xursandchiliklariga, oxirat ne’matlariga mushtoq qilib qo‘yadi.

Abu Sa’id Xudriy va Abu Hurayra roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: "Jannatda shunday jar solinadi: Sizlarga sog‘lik berildi, endi hech qachon kasal bo‘lmaysizlar. Sizlarga hayot berildi, endi hech qachon o‘lmaysizlar. Sizlarga yoshlik berildi, endi hech qachon qarimaysizlar. Sizlarga ne’matlar berildi, endi hech qachon g‘am ko‘rmaysizlar" (Imom Muslim rivoyati).

Jannatda hech kim kasal bo‘lmaydi, hech kim o‘lmaydi, hech kim xafa ham bo‘lmaydi. Hamma abadiy baxt-saodatda, doimiy ofiyatda, rohat-farog‘atda yashaydi.
Jannatda mo‘minlar buyuk haqiqatni tushunib yetadilar: bu yerdagi ne’matlarning eng afzali – Alloh taolo ulardan dunyo tashvishlarini ketkazgani, ibodatlarning mashaqqati, musibatlarning azobi ketib, savoblari qolgani, oxiratning dahshatlarini, azoblarini ketkazib, doimiy baxt-saodat makoni bo‘lmish jannatda yashattirgani ekan.

Alloh taolo marhamat qiladi: «Adn jannatlariga kiradilar, u yerda oltin bilakuzuklar, injular bilan yasanadilar. U yerdagi liboslari ipak bo‘ladi. Shunda ular "Bizdan g‘am-qayg‘uni ketkazgan Allohga hamdlar bo‘lsin. Robbimiz mag‘firatlidir, ko‘p savob beruvchidir", deydilar» (Fotir surasi, 33-34-oyatlar).

Nabiy sollallohu alayhi vasallamning o‘lim to‘shagida yotganlarini eslang. U zotga sizu bizga qaraganda misli ko‘rilmagan mashaqqat, kuchli og‘riq yetdi. Sayyida Fotima onamiz roziyallohu anhoning rahmi kelib, «Otam qiynalib ketdilar...» deb yig‘ladilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam esa shunday dedilar: «Bugundan keyin otangizga qiyinchilik yo‘q. Otangizga hech kimni chetlab o‘tmaydigan narsa (o‘lim) yetdi, xolos. Endi siz bilan Qiyomatda ko‘rishamiz».

Bundan nimani tushunamiz? Demak, o‘lim – nabiylarni, solih zotlarni yaxshilikka eltuvchi ne’mat ekan. Chunki shu o‘lim tufayli bu dunyoning qiyinchiliklari tugaydi, undagi qayg‘u-alamlar o‘tib ketadi. Lekin ular uchun yozilgan ajru mukofotlar qoladi, inshaalloh. Shuning uchun Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Bugundan keyin otangizga qiyinchilik yo‘q», dedilar. Shu bilan qayg‘u zamoni o‘tib ketdi. Dunyoning g‘am-tashvishlari bizni oxirat ne’matlariga mushtoq qilib qo‘yadi, dunyo zindonidan oxirat ne’matlariga chiqadigan kunimizga intizor qilib qo‘yadi.

Bir qiz aytadi:
"Juda ko‘p yillar davomida g‘am-tashvishsiz joyda bo‘lib qolishni orzu qilib yashadim. Uyimizda muammolarning keti uzilmasdi, ota-onam meni xafa qilish bo‘yicha go‘yoki kimo‘zarga o‘ynashardi. Hatto ovqat payti ham tinchlik yo‘q edi, doim baqir-chaqir bilan o‘tardi. Bozordan kiyim-kechak sotib olishim ham onamning baqir-chaqirlari uchun bir bahona edi. Men onam xohlagandek kiyim sotib olishga qanchalik harakat qilmayin, baribir tirnoq ostidan kir qidirib, meni malomat qilaverardilar. Xullas, onamning menga muomalasi xuddi uydagi xizmatkorga qilinadigan muomala edi. Hamma dam olganda mening ham dam olishga, hamma kulganda mening ham kulishga haqqim yo‘q edi go‘yo.
Men o‘zi bu dunyoda baxt yuzini ko‘rarmikanman, deb o‘kinardim, o‘zimga dardkash dugona qidirardim. Lekin hozirgi qizlarning aksariyati ham o‘zimga o‘xshab, g‘am-qayg‘u manbaiga aylanib ulgurgan ekan. Ularning har biri dugonasining baxtsizligi evaziga bo‘lsa ham, baxtga erishishni istaydi.
Bu hayotda menga baxt ulasha oladigan birgina inson – buvim bor edilar, xolos. Lekin buvim ham to‘satdan vafot etib qoldilar. Buvimning vafotidan shunaqangi qayg‘uga botdimki, hatto bir nechta tishim to‘kilib tushdi.
Yoshim ham ulg‘ayib qoldi. Lekin hamon hayot ummonida sarson bo‘lib yuraverdim, yuraverdim... Nihoyat, bir kun jannat haqida o‘qib qoldim. Unda jannat ahlining ushbu so‘zlari yozilgandi: "U Zot O‘z fazli ila bizni shunday joyga joylashtirdiki, u yerda bizga charchoq ham, xorg‘inlik ham yetmaydi". Ana shunda umrimda birinchi marta qayg‘usiz joy faqat Jannat ekanini tushundim. Shunda anglab yetdimki, Jannatda beriladigan ne’matlarning eng yaxshisi – u yerda mutlaqo qayg‘u bo‘lmasligi ekan! Demak, men shuncha paytdan beri qidirib yurgan qayg‘usiz joy – Jannat ekan. Shundan keyin qachon g‘am cheksam, Jannatga mushtoq bo‘laverdim. Shunday qilib, g‘am-tashvishlarim ko‘paygan sari, Oxiratga muhabbatim ziyoda bo‘lib boraverdi".
 

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning

“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh tarjimasi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Xalq qabulxonasi vakillari ishtirokida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi

16.09.2026   5936   1 min.
Xalq qabulxonasi vakillari ishtirokida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston musulmonlari idorasida aholi bilan muloqot tizimini takomillashtirish va murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirishga qaratilgan amaliy seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Unda mazkur yo‘nalishga mas’ul bo‘lgan mutaxassislar bevosita hamda masofaviy tarzda ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov kirish so‘zi bilan ochib, fuqarolarning murojaatlariga yuksak hurmat bilan qarash va ularning dardiga oqilona yechim topish har bir rahbar hamda xodimning nafaqat vazifasi, balki oliy insoniy burchi ekanini alohida ta’kidladi.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasining mas’ul vakillari – Davlat tashkilotlari tomonidan murojaatlar ko‘rib chiqilishini nazorat qilish sho‘basi bosh inspektori Saidakmal Xodjayev hamda sho‘ba yetakchi inspektori Rashid Kurganov ishtirok etib, tizimdagi holatni qonunchilik talablari asosida atroflicha tahlil qilib berdilar.

Soha mas’ul mutaxassislari tomonidan ayni yo‘nalishdagi Prezident Farmoni ijrosi doirasida murojaatlarni ko‘rib chiqishda qonuniylik va tezkorlikni ta’minlash, jarayon shaffofligini oshirish hamda murojaatlarni nazoratdan olishning mexanizmlarini to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.

Ochiq muloqot ruhida o‘tgan mazkur tadbir tizim xodimlarining murojaatlar bilan ishlash madaniyati va huquqiy savodxonligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Amaliy tahlillarga boy bo‘lgan ushbu seminar fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini to‘laqonli himoya qilish hamda xalqimizning diniy-ma’rifiy sohaga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash yo‘lidagi muhim va tizimli qadam bo‘ldi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Xalq qabulxonasi vakillari ishtirokida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi Xalq qabulxonasi vakillari ishtirokida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi
O'zbekiston yangiliklari