Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Sentabr, 2026   |   4 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:43
Quyosh
06:03
Peshin
12:18
Asr
16:43
Shom
18:37
Xufton
19:52
Bismillah
15 Sentabr, 2026, 4 Rabi`us soni, 1448
Maqolalar

Xaridor mahsulotni tatib ko‘rishi joizmi?

16.09.2024   6357   2 min.
Xaridor mahsulotni tatib ko‘rishi joizmi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Cavol: Bozorda sotilayotgan mahsulotlarni xaridorlar yeb ko‘rishi mumkinmi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Xaridor sotib olmoqchi bo‘lgan meva yoki biror yegulikdan sotuvchining ruxsati bilan mazasini tatib ko‘rishi durust. Agar sotuvchi bunga ruxsat bermasa yoki bundan sotuvchi zarar ko‘radigan bo‘lsa, izn so‘ramasdan undan iste’mol qilib bo‘lmaydi.

Bundagi asl qoida shuki, bozorda sotilayotgan narsa sotuvchining mulkidir. Shunday ekan, birovning ruxsatisiz, uning mulkidan olish (yeyish) joiz bo‘lmaydi. Alloh taolo Qur’oni karimda o‘zganing mulkini nohaq yeyishdan qaytargan:

“Ey, mo‘minlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangizlar! O‘zaro rozilik asosidagi tijorat bundan mustasno...” (Niso surasi, 29-oyat).

Ammo bozorlarda sotuvchilar xaridorlar yeb ko‘rishlari uchun olma yoki nok kabi mevalarni kesib-bo‘laklab qo‘ygan bo‘ladi. Bu narsa bozorlarda urfga kirgan va undan olib yegan kishidan hech kim norozi bo‘lmaydi. Bunda o‘sha mahsulotdan sotib olmoqchi bo‘lgan kishi egasining ruxsatisiz tatib ko‘rishi mumkin. Agar o‘sha meva yoki mahsulotlardan olish maqsadi bo‘lmasa, undan ruxsatsiz tatib ko‘rmasligi kerak bo‘ladi.

Ulamolarimiz ishlab chiqqan fiqhiy qoidalardan birida: “Odat – hakam qilingandir”, deyilgan (“Al-Ashboh van-nazoir” kitobi).

Ya’ni, shar’iy dalillarga zid kelmaydigan urf-odat halol-harom, haq-huquq masalalarida hakam bo‘ladi va shu urfga ko‘ra amal qilish durust bo‘ladi.

Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, bu kabi masalalarda joriy urfga ham qaraladi: agar urfda sotuvchining roziligisiz mahsulot ta’mini tatib ko‘rish joriy bo‘lgan va odatda sotuvchi bundan zarar ko‘rmaydigan bo‘lsa, undan tatib ko‘rish durust. Aks holda joiz emas. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Fatvo markazi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Tarixni buzib ko‘rsatmaslik uchun

15.09.2026   7669   2 min.
Tarixni buzib ko‘rsatmaslik uchun

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida "Islom ma’rifati, hadis ilmi va Imom Buxoriy merosi" o‘quv kursi o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan yodgorlik majmuasi gid-ekskursovodlari uchun o‘tkazilgan mashg‘ulotlar doirasida ekskursiya faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, nazariy va amaliy masalalar ko‘rib chiqildi, xabar bermoqda “Samarkandskiy vestnik” nashri.

- Bu yerga tashrif buyurgan har bir ziyoratchi faqat ibodat qilish uchun emas, balki ma’naviy "oziq" olish uchun ham borishi kerak, - deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov. - Bu yerda faoliyat yuritayotgan gidlarning malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yar ekanmiz, ularga Imom Buxoriyning bizga qoldirgan merosini, bu merosning tarixiy manbalarini chuqur o‘rgatishimiz shart.

Kurs doirasida majmuaga birinchi marta tashrif buyurgan mehmonlar bilan muloqotning o‘ziga xos xususiyatlari muhokama qilindi. Xorijlik ziyoratchilarga nafaqat Imom al-Buxoriy hayotidagi faktlar va diniy qadriyatlarimizni yetkazish, balki boy madaniy merosimizni asrab-avaylash va yetkazish kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi.

Gid-ekskursovodlar ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, kelgusidagi ishlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar berdilar. Bu bevosita ekskursiyalarni o‘tkazish paytida yuzaga keladigan masalalarni muhokama qilish imkonini berdi.

Kurs O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Diniy ta’lim sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, viloyat hokimligi hamda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini saqlash va uning atrofini obodonlashtirish departamenti tomonidan tashkil etildi.

Tarixiy obidalar va ziyoratgohlar turizm salohiyatining muhim qismi bo‘lgan Samarqand viloyati uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash alohida ahamiyatga ega. Mehmonga tashrif buyuriladigan joyning tarixi qanchalik to‘liq va tushunarli ochib berilishi gidning professionalligiga bog‘liq. Shuning uchun ham gid-ekskursovodlarning malakasini muntazam oshirib borish, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etish Samarqandda turizm xizmatlari sifatini oshirishda ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari