Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Sentabr, 2026   |   3 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:42
Quyosh
06:02
Peshin
12:19
Asr
16:44
Shom
18:39
Xufton
19:54
Bismillah
14 Sentabr, 2026, 3 Rabi`us soni, 1448
Maqolalar

Hazon bo‘lgan umr

16.09.2024   6757   3 min.
Hazon bo‘lgan umr

Bismillahir Rohmanir Rohiym

O‘z joniga qasd qilish asosan yoshlar orasida tarqalgan bo‘lib, ba’zan katta yoshlilar orasida ham uchrab turadi. Ma’lumotlarga qaraganda, keyingi 15-20 yil davomida o‘z joniga qasd qilish holatlari jahon miqyosida juda ham ko‘payib ketgan. Butunjahon Sog‘liqni Saqlash tashkiloti hududiy boshqarmalarining ma’lumotlariga qaraganda, 15-24 yosh o‘rtasidagi o‘smirlarda bu holat juda ham ortib ketgan. Hatto keyingi o‘n besh yilda ikki barobar ortib ketgan. Fransiyada so‘nggi 10 yilda 3 barobarga ortgan. AQSHda 15-19 yoshdagi o‘smirlar yigitlarlar orasida o‘z joniga qasd qilish keyingi 30 yilda 300 % ga o‘sgan. Qizlar orasida 200 % ga ortgan. Polshada 12-20 yoshli o‘smirlar orasida bu ko‘rsatkich o‘g‘il bolalarda 4 barobar, qizlarda 79 % o‘sgan. Mutaxassislarning tadqiqotlariga ko‘ra o‘z joniga suiqasd qilishning asosiy sabalari quyidagilardir:

  1. Psixologik sabablar;
  2. Jinsiy hayotning erta boshlanishi va ishqiy muammolar;
  3. Oiladagi muammolar;
  4. Ichkilik va giyohvandlik;
  5. Tushkunlik.

Shuni ham eslatib o‘tmoqchimizki, bu fikrlar asosan Yevropa o‘smirshunoslarining fikrlari. Lekin eng etiborlisi shundaki, yuqoridagi barcha muammolar bizning ota-bobolarimiz qonlariga singib ketgan insoniy e’tiqodlar majmuasining saboqlari bilan yechilishi eng oson va to‘g‘ri yo‘ldir. Ya’ni oilada sog‘lom e’tiqod asosi bo‘lgan islomiy tarbiya orqali tushunchalar to‘g‘ri olib borilsa ko‘plab muammolar bartaraf etilishi mumkin.

Inchunun, bolalarimiz yaxshi bilishlari kerakki, o‘z joniga qasd qilish insonni nafaqat shirin hayot kechirish zavqidan mahrum qiladi, balki oxirati uchun ham katta zarar.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham o‘z hadisi shariflarida o‘z-o‘zini o‘ldirish harom ekani, bunday ishni qilgan kishiga oxiratda qattiq azoblar borligi haqida bunday deganlar: “Kimki tog‘ tepasidan tashlanib, o‘z-o‘zini o‘ldirsa, o‘lgandan so‘ng jahannamda ham shu xil azobga giriftor bo‘ladi. Agar zahar ichib o‘zini o‘zi o‘ldirsa, jahannamda ham abadiy shu azobga mubtalo bo‘ladi. Kimki o‘zini temir parchasi bilan o‘ldirsa, u kishi temir parcha qorniga suqulgan holatda jahannam o‘tida abadiy qolur”.

Boshqa bir rivoyatda esa: “O‘zini suvga tashlab yoki osib yoki kuydirib o‘ldirgan kishilarning hukmi ham yuqorida zikr qilinganlar bilan barobardir”, deyilgan (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Ha, shariatimiz ko‘rsatmalarida har bir insoning joni, moli va sha’ni muqaddas va himoyalangandir. Shunday ekan hayotdan bemahal ko‘z yumishi mumkin bo‘lgan har qanday insonning hayoti hech kimni befarq qoldirishi mumkin emas.

Shahobiddin PARPIYEV,

Asaka tumanidagi “Muhammadsolih” jome masjidi imom-xatibi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Toshkentda O‘zbekiston va Pokiston turizm sohasi vakillarining B2B formatidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

14.09.2026   2771   1 min.
Toshkentda O‘zbekiston va Pokiston turizm sohasi vakillarining B2B formatidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Toshkentda O‘zbekiston va Pokistonning Karachi shahri turistik biznesi vakillari ishtirokida B2B formatidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasidagi bevosita aloqalarni kengaytirish, yangi turizm mahsulotlarini yaratishga bag‘ishlangan tadbir “Centrum Air” aviakompaniyasi tomonidan tashkil etildi. Uchrashuv Toshkent–Karachi yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yilishi munosabati bilan “FAM Trip” tanishtiruv turi doirasida o‘tkazildi.

Joriy yilning 10–12 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tgan tashrif davomida Karachi turizm biznesining 10 nafar vakili O‘zbekistonga keldi. Delegatsiya Toshkent va Samarqandning tarixiy, madaniy va diqqatga sazovor sayyohlik maskanlari hamda mamlakatning zamonaviy turizm infratuzilmasi bilan tanishdi.

B2B formatidagi uchrashuvda O‘zbekistonning turizm salohiyati va hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari taqdimoti o‘tkazildi. Unda Pokiston bozorida Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xivani qamrab oluvchi tarixiy-madaniy yo‘nalishlar, Buyuk Ipak yo‘li yo‘nalishlari, gastronomik, ekologik va ziyorat turizmini targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratildi.

Ikki mamlakat turizm sohasi vakillari qo‘shma turpaketlarni ishlab chiqish, yangi yo‘nalishlarni shakllantirish hamda O‘zbekiston va Pokiston bozorlarida turistik mahsulotlarni ilgari surish masalalarini muhokama qildi.

Ta’kidlanganidek, Karachi va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovning yo‘lga qo‘yilishi turizm yo‘nalishlari, jumladan, “Karachi–Toshkent–Samarqand” yo‘nalishini rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi va kelgusida O‘zbekistonning boshqa sayyohlik markazlarini ham qamrab olish imkonini beradi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari