Ko‘rik-tanlov
Mo‘min-musulmonlar so‘zi va amali bir-biriga uyg‘un insongagina ergashadi, uning gaplariga quloq soladi, aytganlarini bajari, hurmatini joyiga qo‘yadi.
Shu bois imom har doim aytganlariga, avvalo, o‘zi amal qiladigan, ma’rifatli, o‘z ustida tinimsiz ishlashi, sohaga doir yangiliklardan doimo xabardor bo‘lishi kerak.
Bunday darajaraga erishish uchun esa O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar o‘rtasida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan «Yil imomi» ko‘rik-tanlovi muhim o‘rin tutadi.
Tanlovning shahar-tuman bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 22 nafar imom-domla Toshkent viloyati bosqichida qatnashdi.
«Zangiota» masjidida «Yil imomi» ko‘rik-tanlovining Toshkent viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Qur’oni karim tilovati bilan boshlangan tadbirni Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov ochib berdi.
Ishtirokchilarning chiqishlari hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra quyidagilar «Yil imom – 2024» tanlovining Toshkent viloyati bosqichi g‘olibi deb topildi:
I o‘rin: Bekobod tumani «Chanoq» jome masjidi imom-xatibi Yoqubjon domla Buxarboyev;
II o‘rin: Bo‘stonliq tumani «Mulla Po‘lat ota» jome masjidi imom-xatibi Ne’matulloh domla Isomov;
III o‘rinlar: Ohangaron shahar «Xonobod» jome masjidi imom-xatibi Abdulhakim domla Akmalov hamda Zangiota tumani «Mir Abdulla eshon» jome masjidi imom-xatibi Farrux domla Sultonov.
Tadbir so‘ngida g‘oliblar O‘MI viloyat vakilligi va «Vaqf» xayriya jamoat fondining viloyat filiali tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
«Yil imomi–2024» ko‘rik-tanlovi viloyat bosqichida birinchi o‘rinni egallagan Bekobod tumani «Chanoq» jome masjidi imom-xatibi Yoqubjon domla Buxarboyev tanlovning respublika bosqichida qatnashadi.
Vakilimizga tanlovning respublika bosqichida muvaffaqiyat tilab qolamiz.
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazining Katta majlislar zalida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» mavzusidagi I ilmiy-amaliy anjumani boshlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu nufuzli tadbirda Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, shuningdek, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari, bosh imom-xatiblar va OAV vakillari ishtirok etmoqda. Anjumanga jami 700 nafarga yaqin pedagog va soha vakillari jalb etilgan bo‘lib, ularning 300 nafari bevosita zalda, 400 nafari esa hududlardan videoselektor orqali qatnashmoqda.
So‘zga chiqqan notiqlar so‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbuslari bilan diniy-ma’rifiy sohani takomillashtirish va zamonaviy kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga to‘xtalib o‘tmoqda. Ta’kidlanganidek, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti va madrasasi hamda 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi ilm ahliga keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Toshkent islom institutida magistratura ochildi, tizimdagi 510 nafar pedagogning 50 nafardan ortig‘i PhD va DSc ilmiy darajalariga ega bo‘ldi.
Shuningdek, yurtimizdagi diniy ta’lim muassasalariga Misrning Al-Azhar majmuasi ustozlari jalb etildi. 90 ta fan dasturi va yangi avlod darsliklari yaratildi. Mir Arab, Xadichai Kubro, Hidoya va Ko‘kaldosh madrasalari zamonaviy binolarga ega bo‘lib, Iordaniya, Misr va Birlashgan Arab Amirliklarining yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorliklar rivojlanmoqda.
Ushbu nufuzli anjumandan ko‘zlangan maqsad ham professor-o‘qituvchilar uchun ilmiy-amaliy muloqot maydonini yaratish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, ta’lim jarayoniga raqamli va innovatsion usullarni keng joriy etishdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati