Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Sentabr, 2026   |   2 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:41
Quyosh
06:01
Peshin
12:19
Asr
16:45
Shom
18:40
Xufton
19:56
Bismillah
13 Sentabr, 2026, 2 Rabi`us soni, 1448
Maqolalar

Qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tariladi

17.09.2024   8607   4 min.
Qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tariladi

Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilib, qo‘lning bosh barmog‘i quloqning yumshog‘iga yetkaziladi va takbiri tahrima – “Allohu akbar” lafzini aytib namozga kiriladi.

Qo‘llar ko‘tarilganda kaftning ichki tomoni Qiblaga qaratilib, barmoqlar biroz ochilgan holatda bo‘ladi. Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilishi haqida bir qancha hadislar kelgan bo‘lib, quyida ulardan ba’zilarini keltiramiz:

Voil ibn Hujr roziyallohu anhu: “Men Nabiy sollallohu alayhi vasallamni namozga kirishda takbir aytib, qo‘llarini ko‘tarib, quloqlari barobariga ko‘targanlarini ko‘rdim”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Molik ibn Huvayris roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon (namozga kirish uchun) takbir aytsalar, ikki qo‘llarini quloqlari barobariga ko‘tarar edilar” (Imom Muslim rivoyati).

Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozga kirishda takbir aytib, ikki bosh barmoqlarini quloqlari barobarigacha ko‘tarar edilar” (Imom Hokim, Imom Doraqutniy rivoyati).

Ulamolarimiz: “Hadislarda kelgan “qo‘lni quloq barobariga ko‘tarish”dan maqsad – uni quloqqa tekkizishdir, chunki quloqning yumshog‘iga qo‘l tegishi qo‘lning quloq barobariga ko‘tarilganining aniq belgisidir”, deganlar.

Bu haqda “Al Bahrur-roiq sharhi kanzud-daqoiq” kitobida quyidagilar aytilgan: “Hadisdagi tenglashtirishdan maqsad – ikki qo‘lni quloqlarga tenglashganiga ishonch hosil qilish uchun ikki bosh barmoqni quloqlarning yumshoq joyiga tekkiziladi”.

Namozga kirishda ikki qo‘lni quloq yumshog‘iga tekkizish haqida “Durrul Muxtor” kitobida quyidagilar aytiladi:

“Ikki bosh barmoqni qulog‘larning yumshoq joyiga tekkizgan holatda takbir aytish – hadislardagi tenglashtirishdan ko‘zda tutilgan narsa shudir. Chunki busiz tenglashganiga ishonch hosil bo‘lmaydi”.

Demak, namozga kirishda takbiri tahrima aytiladi va unda qo‘llar quloq barobaricha ko‘tariladi. Bu hanafiy mazhabimiz ulamolarining ijtihodlari bo‘lib, bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ko‘plab sahih hadislar rivoyat qilingan.

Payg‘ambar alayhissalom namozga kirishda muborak qo‘llarini yelkalari barobarigacha ko‘targanlariga dalolat qiladigan hadislarni mukammal o‘rgangan ulamolarimiz bu masalada quyidagicha xulosa qilganlar:

Sovuqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qo‘llari kiyimlari ichida bo‘lgani va u qalin kiyimning yengi bo‘lmagani sababli namozga kirishda qo‘llarini yelka barobarigacha ko‘targanlar.

Tabiiyki, bunday holatda qo‘l yelkadan tepaga ko‘tarilmaydi. Sovuq bo‘lmagan paytlarda Payg‘ambar alayhissalomning qo‘llari kiyimlarining ichida bo‘lmagani uchun namozga kirishda qo‘llarini quloqlari barobarigacha ko‘targanlar. Bunga mashhur sahobiy Voil ibn Hujrning quyidagi rivoyatlari dalolat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borga – nimda u zotni ikki qo‘llarini quloqlari barobariga ko‘targan holda takbir aytganlarini ko‘rdim. Keyingi yil borganimda esa ular (Payg‘ambarimiz va sahobalar)ning ustilarida (qalin) kiyimlari bor edi. (Ular namozga kirishda) qo‘llarini ko‘krak barobarigacha ko‘tardilar” (Imom Tahoviy rivoyati).

Mashhur muhaddis Imom Abu Ja’far Tahoviy rahmatullohi alayh mazkur hadisdan quyidagi xulosani chiqarganlar: “Demak, Voil ibn Hujr roziyallohu anhuning (Payg‘ambarimiz va sahobalar namozga kirishda) qo‘llarini yelkalarigacha ko‘tarar edilar degan hadislari qo‘llari kiyimlari ichida bo‘lgan paytga tegishlidir. Ammo (Payg‘ambarimiz va sahobalar namozga kirishda) qo‘llarini quloqlarigacha ko‘tardilar, degan hadislari qo‘llari kiyimlari ichida bo‘lmagan paytga tegishlidir.

Shunday ekan, biz hanafiylar takbiri tahrimada qo‘l ko‘tarish haqidagi Voil ibn Hujr roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadislarini barchasiga amal qilamiz: Sovuq sababli qo‘llar kiyim ichida bo‘lgan paytda qo‘lni ko‘tarish mumkin bo‘ladigan joygacha ko‘taramiz. U ham bo‘lsa yelka barobaridir. Agar qo‘llar kiyim ichida bo‘lmasa Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga o‘xshab qo‘llarimizni quloqqacha ko‘taramiz” (“Sharh maoni-l-osor” kitobi).

Ma’lumki, hozirgi kunda qo‘llar kiyim ichida bo‘lmaydi, sababi barcha kiyimlarning yengi bor. Demak, hozirgi paytda namozga kirishguvchi kishi qo‘llarini qulog‘i barobarigacha ko‘taradi.

Takbiri tahrima (Allohu akbar)ni aytgandan so‘ng dunyoviy narsalar haqida fikrlash, gaplashish va turli harakatlar qilish mumkin emas.

“Sunnatga muvofiq namoz o‘qing” kitobidan olindi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Turkiy davlatlar muftiylari Boku shahrida jamlanadi

13.09.2026   2481   1 min.
Turkiy davlatlar muftiylari Boku shahrida jamlanadi

Joriy yilning 13–16 sentyabr kunlari Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi hamda uning doirasidagi bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tadi.

Yig‘inlarda turkiy dunyoning yetakchi din peshvolari – O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Allohshukur Poshshozoda, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy nazorati raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov, Turkmaniston muftiyci Rahmon Qurbonmurodov kabilar boshchiligidagi turkiy davlatlar ulamolaridan iborat delegatsiyalar ishtirok etadi.  

Mamlakatimiz delegatsiyasi safidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi, Fatvo markazi, hududiy vakilliklar hamda oliy diniy ta’lim muassasalaridan vakillar joy olgan.

Tadbirlar doirasida ulamolar musulmon ummati uchun muhim bo‘lgan shar’iy masalalar, zamonaviy fatvolar va mushtarak tashabbuslarni muhokama qilib, yakuniy hujjatlarni imzolaydilar. Shuningdek, ilmiy-amaliy anjuman, ikki tomonlama muzokaralar hamda tabarruk qadamjolar ziyorati ham rejalashtirilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari