Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Dekabr, 2024   |   23 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:47
Peshin
12:28
Asr
15:18
Shom
17:02
Xufton
18:22
Bismillah
24 Dekabr, 2024, 23 Jumadul soni, 1446
Maqolalar

Namozdan keyingi tilovat va jamoat bilan duo qilish

19.09.2024   3072   2 min.
Namozdan keyingi tilovat va jamoat bilan duo qilish

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Jamoat bo‘lib duo qilish haqida Habib ibn Maslama al-Fehriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Bir qavm jamlansa, ba’zisi duo qilsa va qolganlari “Omiyn”, desa, albatta Alloh ularni ijobat qiladi”, dedilar (Imom Hokim, Imom Tabaroniy rivoyati).

“Kashful qino’” kitobida quyidagilar aytilgan: “Imom Bomdod va Asrdan keyin o‘sha paytda farishtalar hozir bo‘lishi e’tiboridan duo qiladi. Qavm “Omiyn”, deb turadi. Shunda ijobatga yaqin bo‘ladi. Shuningdek, mazkur ikkisidan boshqa namozlarda ham duo qiladi. Chunki farz namozidan keyingi payt duo qabul bo‘ladigan vaqtlardandir”.

Shuningdek, namozdan keyin Qur’on tilovat qilish ham savobli amallardan sanaladi. Qur’on o‘quvchiga ulkan savoblar, buyuk fazllar xabarini berganidek, uni tinglovchiga ham ana shunday go‘zal ajr hamda ulug‘ mukofotlar bordir.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Allohning kitobidan bir oyat tinglagan kishiga ziyoda yaxshiliklar yoziladi, Allohning kitobidan bir oyat tilovat qilgan kishiga Qiyomat kunida nur bo‘ladi”.

Imom Lays ibn Sa’d aytadilar: “Hech kim Qur’on tinglovchidan ko‘ra tezroq rahmatga erishmaydi. Chunki Alloh taolo: “Qur’on tilovat qilinganda, uni tinglang va jim turinglar, shoyad, rahmatga erishsangiz” deb marhamat qilgan”.

Hanafiy ulamolarimiz kishining Qur’on tinglashi o‘zi qiroat qilishidan afzaldir, deyishadi. Chunki tinglovchi Qur’on tinglashi bilan farzni ado qiladi. Qur’on qiroati esa, farz emas.

Hanafiy olimi Abu Su’ud rahmatullohi alayh: “Qur’on tinglash qiroat qilishdan savobliroqdir, chunki tinglash farz, qiroat farz emas”, deganlar.

“Sunnatga muvofiq namoz o‘qing” kitobidan olindi.

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Fiqhga ikki xil qarash mumkinmi?

23.12.2024   1186   1 min.
Fiqhga ikki xil qarash mumkinmi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Faqihlarning fiqhga bergan ta’riflarida «dalil» degan so‘z bormi? Yo‘q. Ular faqat mukallaflarning amallari haqida gapirishdi, hukmlarning mukallaflarga nisbatan joriy bo‘lish holatlariga e’tibor qaratishdi. Demak, umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, fiqhga ikki xil ta’rif berildi. Biri usuliy ulamolarning ta’rifi, ya’ni «Qur’on va Sunnatdan hukmlarni qay tarzda chiqarib olish haqidagi ilm» degan ta’rif. Ikkinchisi fuqaholar bergan ta’rif bo‘lib, unda hosil bo‘lgan hukmlarning mukallaflarga qanday joriy qilinishi asosiy o‘ringa qo‘yildi. Bu hukmlar mutlaq mujtahidlar tarafidan chiqariladi. Hukmni faqat mutlaq mujtahid chiqara oladi. Ana shu mujtahid muayyan bir hukmni Qur’on va Sunnatdan qanday chiqarganini o‘rganish usul ilmining mavzusidir. Chiqarilgan hukmni o‘zimizga va jamiyatga tatbiq qilish esa muftiy va faqihlarning ishidir.

Demak, fiqhga ikki xil qarash mumkin ekan: hukmni chiqarib olish va uni tatbiq qilish. Bizning xatoimiz shuki, hukmni ishlab chiqish bilan uni tatbiq qilish orasidagi farqni tushunmayapmiz. Tushunmaganimiz uchun ham keraksiz gaplarni gapiryapmiz. Biz yuqorida aytib o‘tgan ikki yo‘nalish – tahallul, ya’ni dinga yengil qarash va tashaddud, ya’ni dinda g‘uluvga ketish yo‘nalishlari yo ikkinchi ta’rifdan bexabar qolishdi, yoki unga e’tiborsiz qarashdi. Ular faqat birinchi ta’rifni, ya’ni hukmni qay tarzda ishlab chiqishni izohlashdi.

«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan