Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Mo‘min (iymonli) bo‘lmaguningizcha jannatga kirmaysizlar, bir-birlaringizni yaxshi ko‘rmaguningizcha mo‘min (iymonli) bo‘lmaysizlar. O‘zaro bir-biringizni yaxshi ko‘rishingizga sabab bo‘ladigan ishni aytaymi? Orangizda salomni yoyinglar!» (Imom Muslim «Sahih»ida rivoyat qilgan).
Jannatga kirish sharti iymonli bo‘lishdir. Hadisdagi: “Mo‘min (iymonli) bo‘lmaysizlar” jumlasidan murod “komil iymonli” bo‘lmaysizlardir. Har bir musulmon Rasululloh sollallohu alayhi va sallam amrlariga amal qilishi lozim.
Salom musulmonning boshqa musulmonlarga nisbatan qalbidagi muhabbatning tasdig‘idir. Salom berish bilan inson qarshisidagi kishiga xotirjamlik ulashadi. Chunki “Assalomu alaykum” deyish tinchlik, salomatlik tilashdir.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ba’zida sahobalariga savol berib, ba’zida ulardan javobini so‘rardilar, ba’zan aksincha bo‘lardi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shu tarzda sahobalar qalblarida Islom ahkomlari va odoblarini mustahkam o‘rnatganlar.
Shuningdek, Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam bizlarga salom berishning odoblari va tartiblarini ham o‘rgatganlar: ulovdagi piyodaga; yolg‘iz kishi ko‘pchilikka; yosh kattalarga salom beradi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kichik kattaga, o‘tib ketayotgan o‘tirganga, kamchilik ko‘pchilikka salom beradi”, dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati). Birinchi bo‘lib salom berish kishining yaxshiligi, qalbi pokligi belgisidir.
Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Musulmon birodari bilan uch kundan ortiq arazlashishi halol emas. Uchrashganlarida unisi ham, bunisi ham yuz o‘girib ketadi. Ularning yaxshisi birinchi salom berganidir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: «U zot o‘tirgan bir necha odamlar oldiga kelib: “Sizlarning yaxshingiz va yomoningiz kimligini aytaymi?” dedilar. Ular hech nima deyishmadi. U zot savollarini uch marta takrorladilar. Shunda bir kishi: “Ha, yo Rasululloh, yaxshimiz va yomonimiz kimligini ayting”, dedi. U zot: “Yaxshingiz yaxshiligi umid qilinadigan, yomonligidan qo‘rqilmaydigan kishidir. Yomoningiz esa yaxshiligi umid qilinmaydigan, yomonligidan qo‘rqiladigan kishidir”, dedilar» (Imom Termiziy “Sunan”ida rivoyat qilgan).
Manbalar asosida
Jamshid SHODIYEV tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV