Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Yanvar, 2025   |   17 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:46
Peshin
12:38
Asr
15:40
Shom
17:24
Xufton
18:42
Bismillah
17 Yanvar, 2025, 17 Rajab, 1446
Maqolalar

Mo‘minlarni yaxshi ko‘rish iymondandir

20.09.2024   5930   2 min.
Mo‘minlarni yaxshi ko‘rish iymondandir

Abu Hurayra roziyallohu anhudan ri­voyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Mo‘min (iy­monli) bo‘lmaguningizcha jannatga kir­maysizlar, bir-birlaringizni yaxshi ko‘rmaguningizcha mo‘min (iymonli) bo‘lmaysizlar. O‘zaro bir-biringizni yaxshi ko‘rishingizga sabab bo‘ladigan ishni aytaymi? Orangizda salomni yoyinglar!» (Imom Muslim «Sahih»ida rivoyat qilgan).  

Jannatga kirish sharti iymonli bo‘­lishdir. Hadisdagi: “Mo‘min (iymonli) bo‘lmaysizlar” jumlasidan murod “komil iymonli” bo‘lmaysizlardir. Har bir musulmon Rasululloh sollallohu alayhi va sallam amrlariga amal qilishi lozim.

Salom musulmonning boshqa musulmon­larga nisbatan qalbidagi muhabbatning tasdig‘idir. Salom berish bilan inson qarshisidagi kishiga xotirjamlik ula­shadi. Chunki “Assalomu alaykum” deyish tinchlik, salomatlik tilashdir.

Rasululloh sollallohu alayhi va sal­lam ba’zida sahobalariga savol berib, ba’zida ulardan javobini so‘rardilar, ba’zan aksincha bo‘lardi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shu tarzda sahobalar qalblarida Islom ahkomlari va odoblarini mustahkam o‘rnatganlar.

Shuningdek, Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam bizlarga salom berish­ning odoblari va tartiblarini ham o‘r­gatganlar: ulovdagi piyodaga; yolg‘iz kishi ko‘pchilikka; yosh kattalarga salom beradi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan ri­voyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kichik kattaga, o‘tib ketayotgan o‘tirganga, kamchilik ko‘pchilikka salom beradi”, dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati). Birinchi bo‘lib salom berish kishining yaxshiligi, qalbi pokligi belgisidir.

Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhu­dan rivoyat qilinadi. Rasululloh sol­lallohu alayhi va sallam dedilar: “Mu­sulmon birodari bilan uch kundan or­tiq arazlashishi halol emas. Uchrash­ganlarida unisi ham, bunisi ham yuz o‘girib ketadi. Ularning yaxshisi bi­rinchi salom berganidir” (Imom Buxoriy rivoyati). 

Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: «U zot o‘tirgan bir necha odamlar oldiga kelib: “Sizlarning yaxshingiz va yomoningiz kimligini aytaymi?” dedilar. Ular hech nima deyishmadi. U zot savollarini uch marta takrorladilar. Shunda bir kishi: “Ha, yo Rasululloh, yaxshi­miz va yomonimiz kimligini ayting”, dedi. U zot: “Yaxshingiz yaxshiligi umid qilinadigan, yomonligidan qo‘r­qilmaydigan kishidir. Yomoningiz esa yaxshiligi umid qilinmaydigan, yomonligidan qo‘rqiladigan kishidir”, dedilar» (Imom Termiziy “Sunan”ida rivoyat qilgan). 

Manbalar asosida

Jamshid SHODIYEV tayyorladi.

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Go‘zal hayotni istaganlarga 10 tavsiya

13.01.2025   4304   1 min.
Go‘zal hayotni istaganlarga 10 tavsiya

1. Sahar vaqtlarida istig‘for aytishni odat qilmoq. 
"(Ular) sabrli, sadoqatli, itoatli, saxovatli va sahar choqlarida Allohdan mag‘firat so‘raydigan kishilar edi" (Oli Imron surasi 17-oyat).

2. Fikrlash uchun xilvatda qolmoq.
"...va osmonlaru yerning yaratilishi haqida fikr yuritadilar"
(Oli Imron surasi 191-oyat).

3. Yaxshilar bilan suhbatdosh bo‘lmoq.
"Siz o‘zingizni ertayu kech Parvardigorlari "yuzi"ni istab, Unga iltijo qiladigan zotlar bilan birga sabr qilishga undang!"
(Kahf surasi 2-oyat).

4. Hamisha Allohni esda tutmoq.
"Ey imon keltirganlar; Allohni ko‘p eslangiz"
(Ahzob surasi, 41-oyat).

5. Xushu’ bilan namoz o‘qimoq.
"Ular namozlarida o‘zlarini kamtar tutuvchidirlar"
(Mu’minun surasi, 2-oyat).

b. Tadabbur bilan Qur’on o‘qimoq.
"Qur’on
(oyatlarining ma’nolari) haqida(chuqurroq)fikr yuritmaydilarmi? (Niso surasi, 82-oyat)

7. Qattiq issiq kunlarda nafl ro‘zalar tutmoq.
Alloh taolo faxrlanib aytadi: "Bandam o‘zining taomi, ichimligi va shahvatini Men uchun tark qildi".

8. Sadaqani yashirincha bermoq.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "O‘ng qo‘l berganni chap qo‘l bilmasin".

9. Musulmonning bironta g‘amini ketkazmoq.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Musulmondan g‘amni ketkazgan insonni Alloh ham qiyomat kunida g‘amini ketkazadi", deganlar.

10. Bu o‘tkinchi dunyodan zuhd bilan o‘tmoq.
"Holbuki, oxirat yaxshiroq va boqiyroqdir" (A’lo surasi, 17-oyat).
 

«O‘kinma» kitobidan