O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Qoraqalpog‘iston respublikasi Taxiatosh tumani bosh imom-xatibi Rafatdin domla Omirzaqovning padari buzrukvorlari Anasxon hoji otaning vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Rafatdin domla Omirzaqovga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz
* * *
“Albatta, Alloh taolo sizlarning shifongizni sizlarga harom bo‘lgan narsada qilgan emas!” (Imom Tabaroniy va Imom Bayhaqiy rivoyati).
* * *
“Kishining og‘ziga tuproq solishi harom luqma solishidan yaxshiroqdir”
(Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyati).
* * *
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Haromdan oziqlangan hech bir jasad jannatga kirmaydi”(Imom Abu A’lo rivoyati).
Duoning qabul bo‘lishi uchun ikkita sabab lozim. Birinchisi, halol luqmadir.
Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib, duosi qabul bo‘lmaganidan arz qilganida, u zot: “Ey Sa’d, haromdan uzoq bo‘lgin! Chunki kimning qorniga harom luqma kirsa, uning duosi qirq kungacha ijobat bo‘lmas”, dedilar.
Yahyo ibn Muoz aytadi: “Ibodat Alloh xazinalaridan biridir. Bu xazinaning kaliti esa duodir. Bu kalitning tishlari esa halol kasb va halol luqmadir”.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Ayrim kishilar Allohning moliga nohaq sho‘ng‘iydilar. Qiyomat kunida ularga do‘zax bo‘lur” (Imom Buxoriy rivoyati).
Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam yana aytganlar: «Bir kishi uzoq safar qiladi, sochi to‘zg‘ib, ust-boshi chang bo‘ladi. Qo‘llarini osmonga cho‘zib: “Ey Rabbim, ey Rabbim”, deydi. Holbuki, yegani harom, ichgani harom, kiygani harom va haromdan oziqlangan. Bas, uning duosi qanday ijobat bo‘lsin?!» (Imom Muslim rivoyati).
Nigora MIRZAYEVA, to‘pladi.
“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 9-sonidan