Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Sentabr, 2026   |   5 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:44
Quyosh
06:04
Peshin
12:18
Asr
16:41
Shom
18:35
Xufton
19:51
Bismillah
16 Sentabr, 2026, 5 Rabi`us soni, 1448
Maqolalar

Kim dinni mahkam tutsa...

23.09.2024   7493   3 min.
Kim dinni mahkam tutsa...

Kim dinni mahkam tutsa, qadri yuksaladi, kim haqqa intilsa, faxru izzati mukammal bo‘ladi. 

Izoh: Allohning Kalomida bunday oyat bor: “Dinga zo‘rlab (kiritish) yo‘qdir. (Zero) Haq Yo‘l zalolatdan ajrab bo‘ldi. Bas, kim shaytondan yuz o‘girib, Allohga iymon keltirsa, u hech ajrab ketmaydigan mustahkam halqani ushlabdi. Alloh Eshitguvchi, Bilguvchidir” (Baqara surasi, 256-oyat). Hech ajrab ketmaydigan mustahkam halqa – dindir. “Albatta Alloh nazdidagi (maqbul bo‘ladigan) din Islom dinidir” (Oli Imron surasi, 19-oyat), – deydi Alloh taolo yana bir oyatida. Rostgo‘ylik, halimlik, hushyorlik, zakiylik, kamgaplik, soddadillik, mardlik, shijoat, hayo kabi fe’llar insonni viqorli qiladi. Shuning uchun ham shaytondan yuz o‘girib, Allohga iymon keltirgan inson salobatli ko‘rinadi. Dinni mahkam ushlagan kishining qadri yuksalishi shundan. Chunki u mudom Haqqa yuzlangan, demak, yuksaklik sari intilgan bo‘ladi. Bu mukammal faxrga loyiq intilishdir. 

Agar sizga bir inson yaxshilik qili­shingizdan oldin rahmat aytsa, uning orzusini ro‘yobga chiqaring. Shunda uning boshlangan ishini oxiriga yetkazib qo‘y­gan bo‘lasiz.

Izoh: Agar kimdir sizdan umidvor bo‘lib, hali qilmagan ishingiz uchun rahmat aytsa, umidini so‘ndirmang, istagini bajo qiling. Shunda rahmat bilan boshlangan ish rahmat bilan nihoyasiga yetgan bo‘ladi. Sizga hojati tushgan odamning oldindan bildirgan minnatdorligi siz bilan uning o‘rtasida umumiy xayrni paydo qiladi. U sabab boshlangan xayrni to‘la-to‘kis qilib qo‘yish endi sizning zimmangizda!

Musibatga kuyunish ham musibatdir

Izoh: Musibat o‘z nomi bilan musibatdir. Taqdirning zarbalarini xotirjam va sovuqqon kutib oluvchi inson kamdan-kam topiladi. Bir toifa kishilar bu zarbalardan gangib, asta-sekin o‘ziga keladi. Yana bir toifa esa boshiga tushgan musibatni kattartirib, o‘zi uning tagida qolib ketadi. Bu juda ayanchli holat, boshga tushgan musibatdan ko‘ra ham ayanchliroq holat! Nega? Sababi, har qanday yaxshiyu yomon ishni Allohdan deb bilmoq va unga rozi bo‘lmoq musulmon kishining e’tiqodidir. Demak, bo‘lgan ishni “yaxshi” yoki “yomon” degan nom bilan sifatlashimiz nisbiy. Alloh taolo aytadi: “Sizlar o‘zingiz uchun yaxshi bo‘lgan narsani yoqtirmasligingiz va sizlar uchun yomon bo‘lgan narsani yaxshi ko‘rishingiz mumkin. Alloh bilur, siz bilmassiz” (Baqara surasi, 216-oyat).

Shunday ekan, bizga yoqmayotgan musibat yaxshilik bo‘lsa-chi? Shak-shubhasiz yaxshilik! Chunki bundan ham battar bo‘lishi mumkin edi. Uyingiz yonib kul bo‘ldi. Bu musibat. Lekin jon omon qoldi-ku! Jonga talafot yetgandan ko‘ra uyning yonib kul bo‘lgani yaxshiroq. Demak, biz boshida musibat deb sanagan narsamiz so‘ngida yaxshilik bo‘lib chiqyapti.

Masalaning boshqa tomoni ham bor. Dabdabali uyda, boyliklaringizga ishonib, mol-dunyongizga aldanib yashayotgan edingiz. Qani siz ishongan, siz suyangan narsalar? Barchasi bir lahzada yo‘qqa chiqdi. Ana shu lahzada dunyoning o‘tkinchi va suyanib bo‘lmas narsa ekanini, haqiqiy suyanch nimada ekanini angladingiz. Bu yaxshilik emasmi? 

Arabchadan Rashid ZOHID

tarjimasi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Navoiyda diniy nashrlar targ‘ibotchilariga tashakkurnomalar topshirildi

15.09.2026   8027   1 min.
Navoiyda diniy nashrlar targ‘ibotchilariga tashakkurnomalar topshirildi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasining «Hidoyat» va «Mo‘minalar» jurnallari hamda «Islom nuri» gazetasiga 2026 yil uchun obuna mavsumida faol ishtirok etib, nashrlarni xalqimiz orasida keng targ‘ib qilishga munosib hissa qo‘shgan imom-xatiblar va mas’ullarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
 

Tadbirda Navoiy viloyati bosh imom-xatibi Temurxon domla Atoyev, shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi «Shamsuddinxon Boboxonov» nashriyot-matbaa ijodiy uyi vakillari — Davriy nashrlar bo‘limi boshlig‘i Ibrohim Inomov hamda bosh muharrir Abdujalil Ho‘jamov ishtirok etdilar.

Tadbir davomida diniy-ma’rifiy nashrlarning bugungi kundagi o‘rni va ahamiyati, ularni keng ommaga yetkazishda imom-xatiblar hamda mas’ullarning vazifalari haqida atroflicha fikr yuritildi.


Tadbir yakunida obuna jarayonlarida faol ishtirok etgan bir guruh imom-xatiblar va mas’ullarga tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Navoiyda diniy nashrlar targ‘ibotchilariga tashakkurnomalar topshirildi Navoiyda diniy nashrlar targ‘ibotchilariga tashakkurnomalar topshirildi
O'zbekiston yangiliklari