Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taolo Qur’oni karimda tavhiddan oldin tinchlikni muqaddam qildi. Ibrohim alayxissalom Allohga duo qilar ekanlar, avvalo, Parvardigordan tinchlikni, so‘ngra tavhidni so‘radilar: «(Ey, Muhammad!) Eslang, Ibrohim aytgan edi: Ey, Rabbim! Bu shaharni (ya’ni, Makkani) tinch qilgin, meni va avlodlarimni sanamlarga sig‘inishdan yiroq qilgin!» (Ibrohim surasi, 35-oyat).
Yusuf alayhissalom ota-onalaridan Misrda tinchlik qaror topgandan so‘ng unga kirishlarini so‘radilar: «Bas, (shahar tashqarisida chodirda kutayotgan) Yusufning huzuriga kirganlarida, u ota-onasini o‘z bag‘riga bosdi va “inshoalloh, Misrga tinch-omon kirgaysiz”, – dedi» (Yusuf surasi, 99-oyat).
Muso alayhissalom qo‘rqqan paytlarida, Alloh taolo u zotning qalblariga taskin berib, tinch va xavfu-xatardan holi ekanliklari haqida xabar berdi: «Asoyingni (yerga) tashla! Bas, qachonki, (Muso) uni ilondek qimirlayotganini ko‘rgach, ortiga qaramay qochdi. (Unga deyildi:) Ey, Muso, qayt va qo‘rqma! Zero, sen (xavfu-xatardan) omonlikdagi kishilardandirsan» (Qasas surasi, 31-oyat).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Makkani fath etgan kunda, uning ahliga rahm shafqat ko‘rsatib, musulmonlar tomonidan ularga tinchlik va omonlik yetishini xabar berdilar. Olamlarga rahmat etib yuborilgan zot Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki Abu Sufyonning hovlisiga kirsa u omonda, kimki qurolini tashlasa u omonda, kimki masjidga kirsa u omonda”, dedilar.
Tinchlik ne’mati sihat-salomatlik ne’matidan ham ulug‘roqdir. Imom Roziy rahmatullohi alayh aytadilar: Bir olimdan: “Tinchlik afzalmi yoki sihat-salomatlikmi?” deb so‘radilar.
Olim: “Tinchlik afzal”, deb javob berdi. Buning dalili: “Agar bir qo‘y oyog‘ini sindirib olsa, biroz vaqt o‘tib, sog‘ayib yana o‘tlay boshlaydi. Agar qo‘yni bir joyga bog‘lab, unga yaqin joyga bo‘rini ham bog‘lab qo‘yilsa, u yeyish-ichishdan butkul to‘xtaydi, o‘lgunicha og‘ziga bir dona o‘t ham olmaydi”.
Alloh taolo butun dunyoga tinchlik ne’matini bardavom qilib bersin. Yurtimiz osmoni hamisha musaffo, xalqimiz turmushi faravon bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Joriy yilning 13–16 sentyabr kunlari Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi hamda uning doirasidagi bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tadi.
Yig‘inlarda turkiy dunyoning yetakchi din peshvolari – O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Allohshukur Poshshozoda, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy nazorati raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov, Turkmaniston muftiyci Rahmon Qurbonmurodov kabilar boshchiligidagi turkiy davlatlar ulamolaridan iborat delegatsiyalar ishtirok etadi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi safidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi, Fatvo markazi, hududiy vakilliklar hamda oliy diniy ta’lim muassasalaridan vakillar joy olgan.
Tadbirlar doirasida ulamolar musulmon ummati uchun muhim bo‘lgan shar’iy masalalar, zamonaviy fatvolar va mushtarak tashabbuslarni muhokama qilib, yakuniy hujjatlarni imzolaydilar. Shuningdek, ilmiy-amaliy anjuman, ikki tomonlama muzokaralar hamda tabarruk qadamjolar ziyorati ham rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati