Xalqimiz yurt tinchligini ulug‘ ne’mat, qut-baraka, taraqqiyot garovi, o‘z orzu-intilishlari, ezgu niyatlari ro‘yobining muhim kafolati deb biladi. Yoshi ulug‘larimiz duoga qo‘l ochganlarida Yaratgandan elu yurtimizga tinchlik-omonlik, yaxshilik va to‘kinlik so‘rab qilgan niyatlari zamirida ham ana shunday chuqur ma’no-mazmun mujassam.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 78-sessiyasida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish taklifini ilgari surgan edilar.
Ushbu tashabbusga muvofiq, ayni kunlarda joriy yilning 15-16 oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiyani yuqori saviyada o‘tkazish uchun katta tayyorgarlik ko‘rilayotgani xayrli natijalarga erishish uchun katta imkoniyatdir.
Islom dini ta’limotida tinch-osoyishtalik, xotirjamlik ulug‘ ne’mat ekani ta’kidlanadi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. Ular – sihat-salomatlik va xotirjamlikdir», – dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati).
Boshqa bir hadisi sharifda: “Kim o‘z uyida tinchlikda, tani sog‘lom, bir kunga yetadigan taomi bor holda tong ottirsa, unga butun dunyo ne’matlari to‘lig‘icha berilgandek bo‘libdi”, – deyilgan (Imom Buxoriy rivoyati).
Nega hadisi sharifda har kuni, har doim muhtoj bo‘ladiganimiz uch ne’mat: sog‘liq, tinchlik va qut-barakaga urg‘u berildi? Chunki bu ne’matlar bo‘lmasa, turmush izdan chiqadi, yashash qiyinlashadi.
Tinchlik – farovonlikning muhim omili. Osoyishta yurtda yuksalish bo‘ladi, farovon eldan xotirjamlik arimaydi. Shukrki, saodatli, fayzli kunlarda yashayapmiz. Millatimiz ma’naviyatiga xos mehr-oqibat, ahillik, o‘zaro hurmat-izzat singari fazilatlarni yurtdoshlarimiz qalbida yanada mustahkamlab, yosh avlod ongiga singdirib ertangi kunimizning yanada charog‘on bo‘lishini, ezgu maqsadlarimiz ijobatini ta’min etamiz. Shu bois elu yurtimizning eng buyuk boyligi bo‘lgan tinchlikni mustahkamlash, uni doimo asrash har birimizning nainki fuqarolik, balki farzandlik burchimiz hamdir.
Bugun globallashuv davrida yashayapmiz. Sayyoramiz uzra hali-hanuz urushlar, jangu jadallar tingan emas. Boz ustiga, axborot xuruji ham avjida. Turli ig‘voyu bo‘htonlar ildiz otyapti, siyosiy kurashlar tinmayapti. Jahon maydonida manfaatlar goh oshkor, goh pinhona to‘qnash kelayotir. Uzoq-yaqin mintaqalarda butun boshli xalqlarni, mamlakatlarni nog‘orasiga o‘ynatayotgan, achinarlisi, otani bolaga, akani ukaga, singilni opaga qarshi qilib qo‘yayotgan tuzoqlar, fitnalar, nifoqlar alangasi milliardlab yoshlarning tafakkuriga nayza sanchishga urinayotgani ham bor gap.
Shular oqibati o‘laroq, bo‘y ko‘rsatayotgan ur-yiqitlar, bepisandlik, g‘azab va nafrat, o‘ch, qasoskorlik kabi mudhish illatlar aqli raso har qanday kishini tashvishga solmoqda. Shu boisdan, bugungi zamonning o‘zi voqelikka ochiq ko‘z va teran mushohada bilan qarashni, jahonda va yon-atrofimizda kuzatilayotgan ma’naviy tahdid va xatarlarni to‘g‘ri baholab, ulardan tegishli saboqlar chiqarib yashashni talab etmoqda.
Alloh taolo Qur’oni karimda birovning umriga zomin bo‘lish o‘ta og‘ir gunoh ekanini ta’kidlab, bunday marhamat qiladi: «Biror jonni o‘ldirmagan yoki Yerda (buzg‘unchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarini qilmagan insonni o‘ldirgan odam xuddi hamma odamlarni o‘ldirgan kabidir. Unga hayot baxsh etgan (o‘limdan qutqarib qolgan) odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir» (Moida surasi, 32-oyat).
Bu hukm aslida Isroil avlodiga qarata aytilgan bo‘lsa-da, u barcha musulmonlar uchun ham tegishlidir (“Madorikut tanzil va haqoqiqut ta’vil”).
Hudaybiya sulhida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bilan bir ming besh yuz sahoba bor edi. Makka ahli bilan tinchlik sulhi bitildi. Uning bandida o‘n yil urishmaslik, insonlar shu muddat ichida bir birlaridan omonda bo‘lishlari qayd etilgan edi. Tinchlik sulhidan keyin juda ko‘p insonlar Islom dinini qabul qildilar. Oradan ikki yil o‘tib, makkaliklar ahdnomani buzdilar. Makka fathiga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bilan birga o‘n ming sahoba bordi.
Tinchlik va osoyishtalikni asrab-avaylash, himoya qilish faqat muayyan sohalar xodimlarining vazifasi emas. Bu yo‘lda barchamiz, butun xalqimiz yanada jips bo‘lib, hamjihatlikda harakat qilishimiz shart. Biz imom-xatiblar ham o‘zimizning kasb mahoratimiz, nutq madaniyatimiz, dunyoqarash va fikr doiramizni kengaytirishga doimo e’tibor qaratishimiz hamda muntazam izlanishda bo‘lishimiz lozim. Tinchlik va mehr-oqibatni o‘zida mujassam etgan muqaddas islom dinimizni pok saqlash, uning asl mohiyatini unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodlarga to‘g‘ri tushuntirish va islom madaniyatining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etishni o‘zimizning dolzarb vazifamiz, deb bilamiz.
Tinchlik to‘g‘risida ko‘p va xo‘b gapirilyapti. Xo‘sh, tinchlik bizga nima beradi, degan savol kimningdir xayoliga kelishi mumkin. Bu borada aniq raqamlarga murojaat qilsak:
– umra bo‘yicha kvotalar olib tashlandi, har yilgi haj kvotasi 5 mingdan 15 ming nafarga oshirildi;
– 2017–2023 yillarda 234.791 nafar ziyoratchi haj va umra amallarini bajardi.
2017 yilda 7 350 nafar, 2018 yilda 7 200 nafar, 2019 yilda 7 269 nafar, 2022 yilda 12 045 nafar, 2023 yilda 15 150 nafar, 2024 yilda 15 150 nafar yurtdoshimiz islomning beshinchi ruknini ado etdi.
2017 yilda 6.172 nafar kishi umraga borgan bo‘lsa, 2018 yilda 16.909 nafar, 2019 yilda 38.000 nafar, 2020 yilda 36.864 nafar, 2022 yilda 59.954 nafar, 2023 yilda 43.943 nafar, 2024 yilda 7620 nafar yurtdoshimiz umraga bordi.
Bu shunkachi raqamlar emas. Bu raqamlar zamirida tinchlik-osoyishtalik, farovonlik mujassam.
Mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, yoshlarimizni turli mafkuraviy xurujlardan himoyalash, yon-atrofda yuz berayotgan voqealarga teran nigoh bilan qarash har bir imom-xatibning vazifasidir.
Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida o‘tkaziladigan xalqaro anjuman ana shu jihatlari bilan barchaga birday manfaatli bo‘ladi, inshaolloh.
Abduqahhor domla YUNUSOV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi
O‘zbekiston sayyohlik salohiyatini Janubiy Koreyada keng targ‘ib etish maqsadida nufuzli “EBS” telekanali tomonidan mamlakatimiz turizm imkoniyatlariga bag‘ishlangan maxsus teledastur efirga uzatildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Sayyohlar orasida katta auditoriyaga ega bo‘lgan “Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab sayohat” teledasturi orqali janubiy koreyalik tomoshabinlarga O‘zbekistonning ekoturizm, gastronomik, ziyorat, tog‘ va landshaft turizmi borasidagi imkoniyatlari haqida keng ma’lumot berildi.
O‘zbekistonga tashrif buyurgan “EBS” telekanali ijodiy guruhi mamlakatimizning mashhur sayyohlik yo‘nalishlari, YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent shaharlarining qadimiy me’moriy yodgorliklari, turli hududlardagi zamonaviy ko‘ngilochar markazlar, milliy hunarmandchilik, o‘zbek milliy taomlari hamda yurtimizning betakror tabiat manzaralari haqida hikoya qildi.
Ko‘rsatuvda janubiy koreyalik sayyohlar uchun O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishning afzalliklari ham keng yoritildi. Xususan, bugungi kunda Toshkentdan mamlakatimizning tarixiy shaharlariga zamonaviy va qulay “Afrosiyob” tezyurar poyezdi orqali Ipak yo‘li yo‘nalishlari bo‘ylab sayohat qilish mumkinligi ta’kidlandi.
“EBS” telekanali muxbiri Toshkentning o‘ziga xos me’moriy qiyofasiga alohida e’tibor qaratgan. Uning fikricha, poytaxt me’morchiligida o‘rta asrlarga oid tarixiy obidalar, zamonaviy ko‘p qavatli binolar va sobiq ittifoq davri me’morchiligi an’analari o‘ziga xos uyg‘unlik kasb etgan.
Dasturda O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish imkoniyatlari haqida so‘z yuritilar ekan, mamlakat poytaxtidan tarixiy shaharlarga avtomobil yo‘llari bilan bir qatorda temir yo‘l orqali ham qulay safar qilish mumkinligi ma’lum qilingan.
“Yilning barcha faslida ertalab va kechqurun Toshkentning bosh vokzalidan Buxoro va Samarqand yo‘nalishida qulay tezyurar “Afrosiyob” poyezdlari qatnaydi. Maksimal tezligi 230 km/soat bo‘lgan ushbu poyezd Toshkentdan Buxorogacha bo‘lgan qariyb 600 kilometrlik masofani uch soatu 40 daqiqada bosib o‘tadi. Bu aviaparvozga nisbatan qulay va arzonroq”, – deya qayd etilgan teledasturda.
Ko‘rsatuvda Samarqand va Buxoro shaharlari Markaziy Osiyoning muhim madaniy durdonalari sifatida e’tirof etilgan.
“Buxoro shahri 2500 yildan ortiq tarixga ega. Eski shahar markazida Buxoroning eng diqqatga sazovor yodgorliklaridan biri – 1127 yilda qurilgan Minorai Kalon joylashgan. Uning balandligi 47 metr, poydevori esa 10 metrni tashkil etadi”, – deya ma’lumot beriladi manbada.
Samarqand haqida so‘z yuritilar ekan, uning 2750 yillik tarixga ega ekani, dunyodagi eng qadimiy shaharlardan biri sifatida asrlar davomida turli bosqinlar va vayronagarchiliklarga guvoh bo‘lganiga qaramay, o‘zining betakror va ertaknamo ulug‘vorligini saqlab qolgani ta’kidlangan.
Teledasturning yana bir muhim jihati – unda O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi tarixiy va me’moriy obidalar bilan bir qatorda, milliy hunarmandchilik, urf-odatlar, milliy taomlar hamda mamlakatning turli hududlaridagi go‘zal tabiat manzaralari haqida batafsil ma’lumot berilganidir.
Ko‘rsatuvda O‘zbekistonning mehmondo‘stligiga ham alohida urg‘u berilgan.
“Sayyoh sifatida qayerga bormang, xoh mehmon uylarida, xoh bozorlar yoki shunchaki ko‘chada mahalliy aholi bilan uchrashsangiz, samimiy mehmondo‘stlik va iliqlikni his qilasiz”, – deydi “EBS” telekanali ijodiy guruhi.
Umuman, Janubiy Koreyaning yetakchi telekanallaridan biri bo‘lgan “EBS” orqali O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, betakror tabiati, milliy taomlari, mehmondo‘stligi va zamonaviy turizm infratuzilmasi keng auditoriyaga namoyish etilgani mamlakatimizning ushbu davlat sayyohlik bozoridagi jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati