Mamlakatimizda buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy merosini o‘rganish, xalqimiz hamda xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish, muhimi, yoshlarimiz ongi va shuuriga yetkazib, ularda ona-Vatanga bo‘lgan muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yaqinda davlatimiz rahbarining “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilingani ana shu ezgu ishning uzviy davomi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Hujjatga muvofiq, Imom Termiziyning “ash-Shamoil al-Muhammadiyya” va “Sunani Termiziy” asarlari moturidiylik aqidasi va hanafiylik mazhabiga tayangan holda ko‘p jildlik akademik tarjimasi hamda sharhi tayyorlanadi. Demak, o‘quvchilar tez orada ushbu nodir asarlarning yangi nashridan ham bahramand bo‘lishadi.
Darhaqiqat, bobolarimiz yozib qoldirgan ma’naviy merosni o‘rganish bugungi axborot asrida, xususan, kishilar ongi va qalbini egallash uchun kurashlar ketayotgan bir paytda har jihatdan muhimdir.
Afsuski, hozirgi paytda ayrim to‘g‘ri yo‘ldan adashayotgan, turli g‘alamis kimsalarning aldaviga uchrab qolayotganlar ham yo‘q emas. Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, bu toifadagilar bilan suhbatlashsangiz ularning Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi bobokalonlarimizning asarlaridan umuman bexabarligi ma’lum bo‘ladi.
Shunday ekan, ulug‘ mutafakkirlarimizni yaqindan tanish, ularning benazr merosidan bahramand bo‘lish orqaligina farzandlarimizni turli xurujlardan asray olishimiz mumkin.
Darvoqe, Imom Abu Iso Muhammad ibn Iso Termiziy hozirgi Termiz shahridan olti farsax uzoqlikda joylashgan Bug‘ qishlog‘ida 209-hijriy sanada tavallud topgan. Kunyalari Abu Iso, ismlari Muhammad, otasining ismi Iso, bobosining ismi Savradir.
U zotning ustozlari ko‘p bo‘lib, eng mashhuri Imom Buxoriydir. Aksariyat hadislarni Buxoriydan rivoyat qilgan. Imom Muslim, Abu Dovud hamda Basra, Kufa, Xuroson, Hijoz shayxlari ham u kishining ma’naviy ustozlaridan bo‘lib, ularning ra’y va vositalariga murojaat qilib turgan.
U zotning “Sunani Termiziy” kitobi “Sahih Buxoriy” va “Sahih Muslim” kitoblaridan keyingi o‘rinda turadi. Imom Termiziy hadislarni jamlash va aniqlashda, yodlash hamda zikr qilishda alohida maqomga ega bo‘lgan.
Imom Termiziyning shogirdlaridan biri: “Imom Buxoriyning vafotidan keyin Xurosonda Abu Iso Termiziydek ilmda, zehnda, taqvoda, zohidlikda biror kishi topilmas edi”, degan.
Shayxlardan biri Imom Termiziyni imtihon qilish maqsadida unga qirqta g‘arib hadisni aytib, savol beradi. Imom Termiziy qirqta hadisni birorta harfda ham xato qilmay, avvalidan oxirigacha o‘qib beradi. Shayx: “Sendek kishini ko‘rmaganman”, deydi.
Imom “Sunan” kitobi foydasi ko‘p, takror so‘zlari oz, chiroyli tartibda yozilgandir. Abu Ali Mansur ibn Abdulloh Xolidiy Imom Termiziyning “al-Jomi’us-Sahih” kitobini sifatlab: “Kimning uyida mana shu kitob bo‘lsa, go‘yo uyida Payg‘ambarimiz gapirayotgandek bo‘ladilar”, degan.
Imom Buxoriy shogirdi Imom Termiziyga: “Sen mendan foydalanganingdan ko‘ra, men sendan ko‘proq foydalandim”, degan.
Imom Termiziyning “Kitobu azim” (“al-Jomi’ as-Sahih”) kitobi “Sahihut Termiziy” nomi bilan mashhur. Shuningdek, “Shamoilun Nabaviya”, “Ilalu mufrad”, “Ilalu fiy oxiri jomi’”, “Kitobuz zuhd”, “Kitobut tarix”, “Asmous sahoba”, “al-Asmo val kuna”, “Kitobu fiyl asaril mavqufa” kabi asarlari ham dunyo kitobxonlari tomonidan alohida qardlanadi.
Buyuk bobolarimizning hayot yo‘llarini, ularning asarlarni o‘rgansak, biz uchun juda katta manfaatlar bor. Zotan, butun islom olamida Imom Termiziydek olimlarning kitoblari katta qiziqiz bilan o‘rganilar ekan, bu borada biz barchaga ibrat bo‘lishimiz kerak.
Abduqahor domla YUNUSOV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida "Islom ma’rifati, hadis ilmi va Imom Buxoriy merosi" o‘quv kursi o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan yodgorlik majmuasi gid-ekskursovodlari uchun o‘tkazilgan mashg‘ulotlar doirasida ekskursiya faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, nazariy va amaliy masalalar ko‘rib chiqildi, xabar bermoqda “Samarkandskiy vestnik” nashri.
- Bu yerga tashrif buyurgan har bir ziyoratchi faqat ibodat qilish uchun emas, balki ma’naviy "oziq" olish uchun ham borishi kerak, - deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov. - Bu yerda faoliyat yuritayotgan gidlarning malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yar ekanmiz, ularga Imom Buxoriyning bizga qoldirgan merosini, bu merosning tarixiy manbalarini chuqur o‘rgatishimiz shart.
Kurs doirasida majmuaga birinchi marta tashrif buyurgan mehmonlar bilan muloqotning o‘ziga xos xususiyatlari muhokama qilindi. Xorijlik ziyoratchilarga nafaqat Imom al-Buxoriy hayotidagi faktlar va diniy qadriyatlarimizni yetkazish, balki boy madaniy merosimizni asrab-avaylash va yetkazish kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi.
Gid-ekskursovodlar ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, kelgusidagi ishlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar berdilar. Bu bevosita ekskursiyalarni o‘tkazish paytida yuzaga keladigan masalalarni muhokama qilish imkonini berdi.
Kurs O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Diniy ta’lim sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, viloyat hokimligi hamda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini saqlash va uning atrofini obodonlashtirish departamenti tomonidan tashkil etildi.
Tarixiy obidalar va ziyoratgohlar turizm salohiyatining muhim qismi bo‘lgan Samarqand viloyati uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash alohida ahamiyatga ega. Mehmonga tashrif buyuriladigan joyning tarixi qanchalik to‘liq va tushunarli ochib berilishi gidning professionalligiga bog‘liq. Shuning uchun ham gid-ekskursovodlarning malakasini muntazam oshirib borish, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etish Samarqandda turizm xizmatlari sifatini oshirishda ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati