O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari, Quvasoy shahar bosh imom-xatibi Alisher domla Naimovning volidai muhtaramalari vafoti munosabati bilan u kishining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhuma onaxonni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlari va solih amallarini o‘zlariga hamroh aylasin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Oxirat safariga kuzatilgan onaxon el-yurt koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Haq taolo marhuma onaxonning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan marhuma onaxonning yaqinlariga, xususan, Alisher domla Naimovga hamdardlik bildiramiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
O‘zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari Istanbul shahrining Bashakshehir tumanida hamyurtlarimizning murojaatlarini tinglash va ularning masalalariga amaliy ko‘mak ko‘rsatish maqsadida sayyor qabul o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tashrifdan asosiy maqsad ushbu hududda yashab, faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimizga zarur konsullik-huquqiy maslahatlar berish va ularni qiziqtirgan savollar yuzasidan amaliy ko‘mak ko‘rsatishdan iborat bo‘ldi.
Safar davomida diplomatlarga O‘zbekiston Musulmonlari idorasi vakillari ham hamrohlik qildi. Ular yurtdoshlarimizning islom diniga oid savollariga javob berdi va turli taqiqlangan hamda aqidaviy jihatdan noto‘g‘ri yo‘nalishdagi tashkilotlarga aldanib qolmaslik uchun zarur maslahatlar berdi.
Hamyurtlarimizning Turkiya hududida qonuniy yashashiga oid masalalar, ularning huquqiy holati, hujjatlari hamda konsullik yordami ko‘rsatish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Bosh konsulxona vakillari zarur hollarda O‘zbekiston fuqarolariga hujjatlarni rasmiylashtirish hamda vatanga qaytish bilan bog‘liq masalalarda amaliy ko‘mak berishga tayyor ekanini bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati