Joriy yilning 15 sentyabr kuni “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini nishonlash to‘g‘risidagi” Prezident qarori qabul qilingani barcha mo‘min-musulmonlarni xursand qildi. Chunki muqaddas dinimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Imom Termiziy bobomizning tavallud kuni keng ko‘lamda nishonlanishi bir tomondan dinimizga ko‘rsatilayotgan katta etiborning ifodasi bo‘lsa, ikkinchi tomondan jahon jamoatchiligiga u zot qoldirgan ilmiy merosni keng targ‘ib qilishdir.
Mazkur qarorda Toshkent shahrida 2024 yilning oktyabr oyida “Islom –tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjumanni tashkil etish hamda anjuman doirasida Termiz shahrida “Imom Termiziy ilmiy merosining Islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy anjuman o‘tkazish ta’kidlanadi.
Ushbu xalqaro anjumanlarni o‘tkazish muqaddas Islom ilmlari rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodimiz Imom Abu Iso Muhammad Termiziyning ulkan ilmiy merosini yanada puxta o‘rganish va bu bebaho ilmiy merosni xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib etishga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.
Imom Abu Iso Muhammad ibn Iyso ibn Savra ibn Muso Sulamiy Termiziy milodiy 824 yil unchalik badavlat bo‘lmagan xonadonda tavallud topgan. U zot Bug‘ (hozirgi Sherobod tumani) qishlog‘ida vafot etgani sababli otiga al-Bug‘iy taxallusi ham qo‘shilgan. Allomaning yoshlik yillari Termizda o‘tgan, dastlabki ilmni ham shu shaharda olgan. Bolaligidan o‘ta ziyrakligi, xotirasining kuchliligi va noyob qobiliyati bilan o‘z tengqurlaridan ajralib turgan at-Termiziy diniy va dunyoviy fanlarni, ayniqsa, hadis ilmini alohida qiziqish bilan egallagan va bu boradagi o‘z bilimlarini muttasil oshirish uchun ko‘pgina Sharq mamlakatlariga borib tahsil olgan. Jumladan, Iroq, Isfahon, Xuroson, Makka va Madinada ko‘p yillar yashagan. Uzoq vaqt davom etgan safarlari chog‘ida ilm al-qiroat, ilm al-bayon, fiqh, tarix, ayniqsa, o‘zi yoshligidan qiziqqan hadis ilmidan o‘z davrining yirik olimlaridan ilm o‘rgangan. Uning ustozlari sirasiga Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Qutayba ibn Said, Is'hoq ibn Muso, Mahmud ibn G‘aylon va boshqa mashhur muhaddislar kiradi.
Imom Termiziy hadislarni to‘plashda va o‘rganishda har bir qulay fursatdan unumli foydalangan. U yo‘lda, safarda bo‘lganda ham yoki bir joyda muqim turganda ham o‘z ustozlaridan, uchratgan roviylaridan eshitgan hadislarni darhol yozib olib, ularni tartibli ravishda alohida-alohida qayd qilib borgan.
Imom Termiziy Islom olamida olti eng mashhur hadis to‘plamlaridan biri «Al-jome’us sahih», shuningdek, «Ash-shamoilul Muhammadiya», «Kitobuz zuhd», «Kitobut tarix», «Asmous sahoba», «Al-asmo val kuno», «Al-ilal» kitoblarni ta’lif etganlar. Prezident qarorida Imom Termiziy asarlarini ko‘p jildlik akademik tarjima qilish va sharhini tayyorlash hamda nashr ettirish masalalari ham tilga olingan.
Imom Termiziyning hayoti va ilmiy faoliyatiga mansub qo‘lyozma, qadimiy kitoblar, noyob asarlarni aniqlash, ularni O‘zbekistonga olib kelish va restavratsiya qilish mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ham e’tiborga loyiqdir.
Muqaddas islom ilmlari rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk vatandoshimiz Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini nishonlash maqsadida tashkil etiladigan anjumanlar o‘sib kelayotgan yosh avlodning ma’naviy olamini boyitishga, ularning qalbida milliy iftixor, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi, inshoalloh.
Rahmatilla USMONOV,
Qashqadaryo viloyati bosh imom-xatibi
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati