Bir kunning o‘zida yuzdan ziyod xonadonga kirib, odamlarning dardu tashvishlariga quloq tutish, ularga imkon qadar ko‘maklashish – Vatanini, xalqini, hamshaharlarini, mahalladoshlarini sevgan odamlarning ishidir.
Shu yil 25-sentyabr kuni poytaxtimizning Olmazor tumanidagi "Islomobod" jome masjidida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov, tumanlar imom-xatiblari hamda shu yil haj safariga borib kelgan hoji otalar, hoji onalar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Shundan so‘ng tumandagi xonadonlarga kirilib, ulardan hol-ahvol so‘raldi.
Hadisi sharifda: “Insonlarning Alloh taologa eng seviklisi odamlarga ko‘p manfaati yetkazadiganidir” (Imom Tabaroniy rivoyati), deyilgan.
Shunday ekan, har bir hoji o‘z hududidagi imom-xatib ko‘makchi sifatida mahallama-mahalla yurib, aholiga, ayniqsa, yoshlarga pandu nasihatlar qilishyapti. Chunki hojilarning so‘zlari ta’sirchan bo‘ladi. Farzandlarimizning turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishining oldini olishda ularning xizmati katta bo‘lyapti. Hojilarimizning sa’y-harakatlari bilan xalqimizning ma’naviyati, ma’rifati yanada oshib boryapti.
Imomlarimiz poytaxtimiz tumanlari mahallalariga chiqib, hojilar ishtirokida xonadonlarga kiryaptilar. Yoshlar bilan suhbatlar o‘tkazilib, ularga tinchlikning qadriga yetish, shukronalik bilan yashash, har xil aqidasi buzuq kimsalar tuzog‘idan ehtiyot bo‘lish zarurligi haqida tushuntirish ishlarini olib borishyapti.
MuslimShosh
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Vaqf” xayriya jamoat fondining Jizzax viloyati filiali tomonidan xayriya tadbiri tashkil etildi.
Viloyatning turli hududlaridan bo‘lgan boquvchisini yo‘qotgan 35 nafar bolaning xatna to‘yi qilib berildi.
Tadbirda bolajonlarga velosiped, kostyum-shim va ko‘ylaklar, shirinliklar qutisi sovg‘a qilinib, bayram dasturxoni yozildi.
Bolajonlarga qo‘shilib, ularning yaqinlari ham quvonchdan tashakkur aytib, tashkilotchilar, Yurtboshimiz haqlariga duolar qilishdi.
Shuningdek, tadbir doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularga ham hadyalar ulashildi.
Bunday ezgu tashabbuslar jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va insonparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati