Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning muborak hadislarida jamiyat hayotining eng daqiq nuqtalarigacha qamrab olingan Ana shunday hadislardan birida inson tabiatidagi illatlardan bo‘lgan baxillik va badxulqlikdir. Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan: “Ikki xislat mo‘minda jam bo‘lmaydi: baxillik va badxulqlik”, deyilgan hadisni Imom Termiziy “Sunan”ida keltirgan. Bu bejiz emas, albatta.
Haqiqatan, bu ikki illat mo‘minning tabiatiga yot. Zero, Qur’oni karim oyatlarida ham, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning hadisi shariflarida ham mo‘minlarning g‘oyat saxiyligi hamda xushxulqligi qayta-qayta ta’kidlangan. Mutafakkir bobomiz Nizomiddin Mir Alisher “Arba’in” (“Qirq hadis”) asarida mazkur hadisni sharhlagan:
Mo‘min ersang, qilib durringni nisor,
El bila ravshan o‘l nechukkim sham’.
Negakim, Tengri hech mo‘minda,
Buxlu badxo‘yluqni qilmadi jam’.
Navoiy hazratlari birinchi misrada mo‘minga xos fazilat haqida so‘z yuritar ekan, saxiylikni dur sochish deb atagan. Shoir saxiylik va yaxshilikka shamni misol keltirib, “Sen ham shamdek elga ravshanlik tarat”, degan. Keyingi misralarda esa Tangri hech bir mo‘minda baxillik va yomon xulqlikni jamlamadi, deya yuqoridagi hadis mazmunini keltirgan. Demak, Alisher Navoiy mazkur hadisni “Arbain”ga kiritish jarayonida Imom Termiziyning “Sunan”idan foydalangan va undagi hadisni badiiylashtirib, mumtoz adabiyotimizdagi go‘zal qit’alardan birini yaratishga muvaffaq bo‘lgan.
“Sunani Termiziy”ga kiritilgan hadislardan yana biri shukr mavzusiga bag‘ishlangan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam o‘z ummatlarini hamisha shukrga chorlaganlar va uning qanday amalga oshishi haqida ham chiroyli o‘gitlar berganlar. Shunday o‘gitlaridan birida shukr, eng avvalo, insonning insonga bo‘lgan munosabatida vujudga kelishini ta’kidlab, “Kim odamlarga shukr qilmasa, Alloh azza va jallaga ham shukr qilmabdi”, deganlar.
Darhaqiqat, bandaning bir-biriga nisbatan shukr maqomida bo‘lishi, uning Yaratuvchiga nisbatan shukrini anglatadi. Masalan, bir yostiqqa bosh qo‘ygan er va xotinning bir-biriga shukri o‘ziga shunday juftni ato etgan Allohga bo‘lgan shukrini anglatadi va bunday oilada fayzu baraka, tinchlik-osoyishtalik qaror topadi. Shuningdek, qo‘ni-qo‘shnilar, rahbar va xodimlar, turli millat vakillari, mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro shukr ham ahillikni, tinch-totuv yashashni, birdamlikni, to‘kin-sochinlik va farovonlikni, bag‘rikenglikni, taraqqiyotni vujudga keltiradi.
Zero, yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida ta’kidlaganidek: “...yosh avlodning ma’naviy-ruhiy olamini boyitish, ularning qalbida milliy iftixor, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirish”ga qaratilgan mazmun mujassam. Shuning uchun tabiatan shokirlardan bo‘lgan Alisher Navoiy hazratlari bu hadisga ham e’tibor qaratgan va uni ham she’riy yo‘lda juda chiroyli talqin etishga muvaffaq bo‘lgan:
Ulki xoliqg‘a shukr der, avval
Shokir o‘lmoq kerak xaloyiqdin.
Kimki, maxluq shukrini demagay,
Demagay dag‘i shukr xoliqdin.
Shoir ta’kidlashicha, Xoliqqa (Allohga) shukr qiluvchi, avvalo xaloyiqqa shukr qilmog‘i kerak. Zero, maxluq (yaratilganlar)ning shukrini qilmaganlar, Xoliqning shukrini ham qilmaydilar.
Biz mazkur maqolada ulug‘ alloma Imom Termiziy tafakkuri ummonidan arzimas bir qatra haqida so‘z yuritdik va bahonada yana bir ulug‘ ajdodimiz Alisher Navoiy tafakkuri xazinasiga ham birrov ko‘z tashlab o‘tdik, ammo bu qatra va bu injulardan olam-olam ma’no uqdikki, ularning hammasi butun olamlarga rahmat bo‘lib kelgan ulug‘ Zot – Payg‘ambarimiz Muhammad sollalohu alayhi va sallamning hadisi muboraklari sharofatidandir. Biz yoshlarimiz ongiga mazkur hadislar mazmunini, haqiqiy mo‘minlik sifatlarini qancha chuqur singdirsak, ularning tafakkuri shunchalar teranlashadi, dunyoqarashi kengayadi, Vatanga, elu yurtga, qolaversa, butun insoniyatga bo‘lgan mehru muhabbati ortadi. Bunda, albatta, Imom Termiziydek ulug‘ allomalarimizning bebaho durdonalari biz uchun juda katta ahamiyat kasb etadi.
Alisher NAIMOV,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari,
Quvasoy shahar bosh imom-xatibi
O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini hayotga tatbiq etish, milliy va diniy merosni chuqur o‘rganish hamda ma’naviy-ma’rifiy bilimlarni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar doirasida Farg‘ona, Qashqadaryo va boshqa hududlardan kelgan imom-xatiblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldilar. Ular Markazdagi muzey ekspozitsiyalari, noyob qo‘lyozmalar, Renessans davrlariga bag‘ishlangan bo‘limlar va zamonaviy interaktiv yechimlar bilan tanishib, ushbu maskanni ilm, ta’lim va ma’naviyatni uyg‘unlashtirgan muhim milliy platforma sifatida baholadilar, xabar bermoqda iccu.uz.
Farg‘ona viloyati Buvayda tumani «Katta mahalla» masjidi imom-xatibi Rahmatulloh G‘oyibnazarov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur Markazni yosh avlod uchun muhim ma’rifat maskani sifatida baholadi.
«Bu yerda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy meros va mamlakatimiz taraqqiyoti haqidagi ekspozitsiyalarni ko‘rib katta taassurot oldik. Bu yerga kelgan har bir inson o‘z tarixini chuqurroq anglaydi, yoshlar esa ilmga va vatanparvarlikka yanada ko‘proq intiladi. Bu yerda olgan bilim va taassurotlarimizni xalqimizga yetkazishni o‘zimizga vazifa deb bilamiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani bosh imom-xatibi, «Muborak» jome masjidi imom-xatibi Otabek Xolmurodov Markaz kutubxonasida ilmiy izlanishlar uchun yaratilgan sharoitlarga e’tibor qaratdi.
Uning ta’kidlashicha, elektron kitoblar fondi, Brayl alifbosidagi adabiyotlar, maxsus tadqiqot xonalari va noyob manbalarning bir joyda jamlangani Markazni nafaqat muzey, balki keng qamrovli ilmiy resurs markaziga aylantirgan.
«Bu kutubxona ilmiy izlanish bilan shug‘ullanuvchilar uchun haqiqiy bilim maskani ekan. Bu yerda yaratilgan sharoitlar ilm ahlini yanada ko‘proq izlanishga undaydi. Biz bu imkoniyatlar haqida yoshlarimizga albatta targ‘ibot olib boramiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani bosh imom-xatibi Ahmadxon Nizomov esa Markazning ilmiy konsepsiyasiga alohida to‘xtaldi.
Uning fikricha, har bir ekspozitsiya ortida keng ko‘lamli tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar mujassam bo‘lib, bu yerdagi interaktiv muhit tashrif buyuruvchilarni faqat tomoshabin emas, balki izlanuvchiga aylantiradi.
«Bu yerga bir marta kelib barchasini to‘liq anglash qiyin. Har bir ekspozitsiya ortida katta ilmiy mehnat mujassam. Ayniqsa, allomalarimiz merosi, tadqiqot markazlari va interaktiv imkoniyatlar insonni yanada chuqur izlanishga chorlaydi. Bu maskan kelajak avlod uchun ulkan ma’naviy boylik va Yangi O‘zbekistonning ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim poydevordir», — dedi u.
Tashrif yakunida ishtirokchilar Markazda jamlangan boy ilmiy va madaniy meros, raqamli ekspozitsiyalar hamda ta’lim imkoniyatlarini keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish Uchinchi Renessans g‘oyalarini hayotga tatbiq etish, milliy o‘zlikni anglash va ilmiy merosga qiziqishni yanada kuchaytirishga xizmat qilishini qayd etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati