Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Sentabr, 2026   |   2 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:41
Quyosh
06:01
Peshin
12:19
Asr
16:45
Shom
18:40
Xufton
19:56
Bismillah
13 Sentabr, 2026, 2 Rabi`us soni, 1448

Siz emasmi, yo Rasululloh ﷺ

25.09.2024   13300   8 min.
Siz emasmi, yo Rasululloh ﷺ

Sizning payg‘ambarligingizni tasdiq qilmay musulmon bo‘la olmayman, yo Rasululloh! Chunki Alloh taolo Qur’oni karimda: “Allohga hamda Uning ummiy Nabiysiga iymon keltiring!”, (A’rof surasi, 158-oyat) degan-ku!

Iymonimning asosiy poydevorlaridan biri sizga muhabbat qo‘yishdir, yo Rasululloh! Axir, siz o‘zingiz: “Sizlardan birortangiz men unga to ota-onasi, bolasi va barcha insonlardan ko‘ra suyukliroq bo‘lmagunimcha hargiz komil mo‘min bo‘la olmaydi ”, degansiz-ku! Darhaqiqat, siz mana shunday oliy muhabbatga loyiqsiz, yo Rasululloh.

Alloh taolo sizning zikringizni baland, qadringizni oliy qildi. Ismingizni O‘zining ismi ila yonma-yon zikr qildi. Biz mo‘minlar faqat siz rozi bo‘ladigan ishlarni qilamiz. Axir, Alloh taolo mo‘minlik uchun sizni rozi qilishni shart qilgan-ku, yo Rasululloh! “Agar mo‘min bo‘lsalar, rozi qilishlariga Alloh va Uning Rasuli haqliroqdir” (Tavba surasi, 62-oyat).

Biz sizning buyrug‘ingizni ikkilanmasdan, so‘zsiz bajaramiz. Chunki sizning amringizga xilof qilganlarni Alloh taolo fitna va alamli azob yetishidan ogohlantirgan-ku, yo Rasululloh! (Payg‘ambarning) amriga xilof ish tutadigan kimsalar o‘zlariga biror fitna yetishi yoki alamli azob yetishidan hazir bo‘lsinlar!” (Nur surasi, 63-oyat).

Biz sizga to‘liq itoat qilamiz. Chunki Alloh taolo sizga bo‘lgan itoatni O‘ziga bo‘lgan itoat bilan yonma-yon qo‘ygan va O‘zining itoatiga sizga bo‘lgan itoatni shart qilgan-ku, yo Rasululloh! “Kim payg‘ambarga itoat qilsa, batahqiq, u Allohga itoat qilibdi” (Niso surasi, 80-oyat).

Qiyomat kuni biz hasrat-nadomat qilmasligimiz uchun bu dunyoda sizga ergashamiz, hech qachon buyrug‘ingizga xilof ish qilmaymiz. Chunki sizga ergashmagan, itoat qilmagan hamda sizning amringizga qarshi ish qilgan osiylar qiyomat kuni, albatta, juda qattiq pushaymon bo‘lishadi-ku, yo Rasululloh! “Yuzlari olov ichida aylantirilayotgan kunda ular: “Eh, koshki Allohga itoat qilganimizda edi, Rasuliga itoat qilganimizda edi!”, derlar” (Ahzob surasi, 66-oyat).

Biz siz tanlagan yo‘lni tanlaymiz, chunki siz bilan bir yo‘lni tanlamagani sababli qiyomat kuni zolimlar hasrat-nadomat chekishadi-ku, yo Rasululloh! “U kunda zolim ikki qo‘lini tishlab: “Ey, voh!!! Payg‘ambar ila bir yo‘lni tutganimda edi!”, der. “Ey, voh!!! Koshki falonchini do‘st tutmaganimda edi. Batahqiq, menga zikr (Qur’on) kelganidan so‘ng u (gumroh do‘st) meni adashtirdi. Shayton insonni yordamsiz tashlab ketguvchidir”, der (Furqon surasi, 27–29-oyatlar).

Biz Alloh taologa suyukli banda bo‘lishimiz uchun sizga ergashamiz va itoat qilamiz. Chunki Alloh taolo O‘zining muhabbatiga – sizga ergashishni va itoat qilishni shart qilgan-ku, yo Rasululloh!. “Ayting (ey, Muhammad!): “Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag‘firat qiladi”. Alloh kechiruvchi va rahmlidir. Ayting: “Alloh va Rasuliga itoat qiling. Agar yuz o‘girsangiz, Alloh, shubhasiz, kofirlarni sevmas” (Oli Imron surasi, 31–32-oyatlar).

Biz o‘zaro o‘rtamizda chiqqan kelishmovchiliklarga sizni va siz olib kelgan odil shariatni hakam qilamiz. Axir, o‘zaro chiqqan kelishmovchiliklarga sizni hakam qilmagunimizcha, keyin siz chiqargan hukmga dillarimizda tanglik topmay, butunlay taslim bo‘lmagunimizcha, zinhor komil mo‘min bo‘la olmasligimizga Alloh taolo O‘zi bilan qasam ichgan-ku, yo Rasululloh! “Yo‘q, Robbinggizga qasamki, sizni o‘z oralarida chiqqan kelishmovchiliklarga hakam qilmagunlaricha, so‘ngra, siz chiqargan hukmga dillarida tanglik sezmay, butunlay taslim bo‘lmagunlaricha, zinhor mo‘min bo‘la olmaslar!” (Niso surasi, 65-oyat).

Siz nimani keltirgan bo‘lsangiz – olamiz, siz nimadan qaytargan bo‘lsangiz – qaytamiz. Chunki Alloh taolo bizga siz keltirgan narsani olib, siz qaytargan narsadan qaytishni buyurgan-ku, yo Rasululloh! “Payg‘ambar sizlarga nimani keltirsa, o‘shani olinglar va nimadan qaytarsa, o‘shandan qaytinglar. Allohdan qo‘rqinglar. Albatta, Alloh azobi shiddatli zotdir” (Hashr surasi, 7-oyat).

Bizning Alloh taolodan va oxirat kunidan umidimiz bor. Shuning uchun har bir ishimizda sizdan o‘rnak olamiz. Axir, Qur’oni karimda Allohdan va oxirat kunidan umidvor mo‘minlarga namuna qilingan zot siz emasmi, yo Rasululloh?! “Batahqiq, sizlar uchun – Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo‘lganlar hamda Allohni ko‘p zikr qilganlar uchun Rasulullohda go‘zal namuna bordir” (Ahzob surasi, 21-oyat).

Jannatda nabiylar, siddiqlar, shahidlar va solihlar bilan birga bo‘lishimiz uchun sizning ko‘rsatmalaringizga bo‘ysunamiz. Axir, Alloh taolo ne’matlantirgan bandalar bilan jannatda birga bo‘lish bashoratiga sizga itoat qilish shart qilingan emasmi, yo Rasululloh?! "Kim Allohga va Rasulga itoat qilsa, aynan o‘shalar Alloh ne’matlantirgan nabiylar, siddiqlar, shahidlar va solihlar bilan birgadirlar. Ularning hamrohlari naqadar go‘zaldir!" (Niso surasi, 69-oyat).

Butun olamlarga rahmat qilib yuborilgan zot – siz emasmi, yo Rasululloh?! “Biz sizni olamlarga faqat rahmat qilib yuborganmiz” (Anbiyo surasi, 107-oyat).

Sizga ko‘plab salovatlar aytamiz. Chunki sizga salovat aytishni Alloh taolo mo‘minlarga buyurgan. Axir Alloh taolo O‘zi ham, Uning farishtalari ham sizga salovat aytishadi-ku, yo Rasululloh! “Albatta, Alloh va Uning farishtalari Payg‘ambarga salovat ayturlar. Ey, iymon keltirganlar! Siz ham unga salovot ayting va salom yuboring” (Ahzob surasi, 56-oyat).

“Va tezda Robbingiz sizga ato qilur va siz rozi bo‘lursiz” (Zuho surasi, 5-oyat) oyati nozil bo‘lganda, “Unday bo‘lsa, ummatimdan birortasi do‘zaxda bo‘lishiga rozi bo‘lmasman”, degan zot siz emasmi, yo Rasululloh?!

Makka davri hayoti oddiy insonlar hamda mazlumlar uchun ibratli bo‘lgan, Madina davri esa hukm yuritish qo‘lida bo‘lgan hokimlarga rahbarlik qilish ta’limini bergan ibratli hayot sizning hayotingiz emasmi, yo Rasululloh?

Siz haqingizda nima dey olaman, yo Rasululloh? Darhaqiqat, Alloh taolo rabboniy, ko‘rkam yig‘ilishda payg‘ambarlardan ahdu paymon olib, shunday degan: “Eslang, Alloh Nabiylardan shunday ahd olgan edi: “Men sizlarga kitob va hikmat berganim uchun, endilikda sizlardagi narsani tasdiqlovchi bir Payg‘ambar (Muhammad) kelganda, albatta, unga iymon keltirasiz va yordam berasiz, – deb turib: “Iqror bo‘ldingizmi? Bu haqda ishonchli ahdu paymonimni qabul qildingizmi?” deganida, ular: “Iqror bo‘ldik”, deyishdi. U: “Endi guvoh bo‘linglar, men ham sizlar bilan birga guvoh bo‘luvchilardanman”, dedi”. (Oli Imron suarsi, 81-oyat).

Yo Rasululloh, siz va mening misolim xuddi qorong‘u kechada sahroda adashib, yo‘lini yo‘qotgan, nima qilarini bilmay dovdirab, tushkunlikka tushgan, so‘ngra osmonga oy chiqib, uning nurida o‘z yo‘lini topib olgan kishiga o‘xshaydi. Shunda men xursandligimdan: “Ey oy, Alloh qadringni baland, nuringni ziyoda, o‘zingni esa to‘lin va go‘zal qilsin”, deyman.

Darhaqiqat, Alloh taolo qadringizni baland qildi. “Sizning zikringizni yuqori ko‘tarib qo‘ydik” (Sharh surasi, 4-oyat).

Darhaqiqat Alloh taolo nuringizni ziyoda qildi. “Darhaqiqat, sizlarga Allohdan nur (Muhammad sollallohu alayhi vasallam) va oydin Kitob keldi” (Moida surasi, 15-oyat).

Darhaqiqat, Alloh taolo sizni butkul go‘zal qildi. “Ey Nabiy, albatta, Biz sizni guvohlik beruvchi, xushxabar eltuvchi, ogohlantiruvchi, Allohning izni ila Unga (Uning diniga) da’vat qiluvchi hamda (yo‘l ko‘rsatuvchi) nurli chiroq qilib yubordik” (Ahzob surasi, 45–46-oyatlar).

Alloh taolo bizlarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga munosib ummat qilsin! Qiyomat kuni u zot sollallohu alayhi vasallamning shafoatlariga muyassar aylasin! Omiyn!

Qudratulloh Sidiqmetov

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Zeki Kaymaz: Kelgusi o‘n yil ichida O‘zbekistonni turkiy dunyoda yorqin yulduz sifatida ko‘raman

21.08.2026   96429   2 min.
Zeki Kaymaz: Kelgusi o‘n yil ichida O‘zbekistonni turkiy dunyoda yorqin yulduz sifatida ko‘raman

Turk tili instituti Ilmiy kengashi a’zosi, filolog olim, professor Zeki Kaymaz O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.

– Avvalo, O‘zbekiston xalqini istiqlolning 35 yilligi munosabati bilan chin ko‘ngildan tabriklayman. O‘ttiz besh yil oz vaqt emas. Men yuz yildan oshgan mustaqil Turkiya fuqarosi sifatida Sizlarga ham yana ko‘p asrlar mustaqillik shodiyonasini nishonlashingizni tilayman.

Tarixga nazar tashlasak, Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston bilan yaqin munosabatda bo‘lib kelganmiz. Ayniqsa, Turkiyadagi milliy ozodlik kurashi davrida bizga bu diyordan jo‘natilgan ko‘makni doimo katta minnatdorlik bilan yodga olamiz.

Qardosh o‘zbek xalqi biz uchun doimo yaqin birodar, qalin do‘st bo‘lib kelgan. O‘zbekistonning bugungi taraqqiyoti bizni juda mamnun qiladi. Ushbu zaminga har borganimda go‘zal va obod mamlakatni ko‘ramaz. Yurtingizda madaniyat va ma’rifat o‘choqlari bisyor. Albatta, bu tamaddun va sivilizatsiyaning ildizlari uzoq o‘tmishga borib taqaladi.

Markaziy Osiyodagi ilk o‘rta asrlardagi Birinchi renessans hamda Amir Temur asos solgan Ikkinchi renessans davrlarida bu zaminda buyuk sivilizatsiya shakllandi. Toshkentda bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi, Imom Moturidiy ziyoratgohi kabi madaniy-ma’naviy maskanlar islom olamida muhim ahamiyatga ega.

Geostrategik mavqei nuqtayi nazaridan, men kelgusi o‘n yil ichida O‘zbekistonni turkiy dunyo, xususan, Markaziy Osiyo davlatlari orasida yorqin yulduz sifatida ko‘raman.

Buning sabablari bor, albatta. Avvalo, mamlakatdagi kuchli iqtisodiyot. Qolaversa, chuqur ildizlarga ega bo‘lgan boy madaniyat va tarix. Turkiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va yaqin hamkorlik aloqalari ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Tilagim – do‘stlik rishtalarimiz yanada mustahkamlansin, davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari yuqori darajaga ko‘tarilsin.

Yana bir bor mustaqillik bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman va o‘zbek xalqiga samimiy salomlarimni yo‘llayman.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari