Bugungi kunda ekstremizm va terrorizm nafaqat alohida mamlakatlarning milliy xavfsizligiga, balki jahon hamjamiyatiga jiddiy tahdid solayotgan omilga aylanib ulgurdi. Terrorizm millat yo din tanlamaydi, uni biror millat yoki dinga nisbat berish mutlaqo noto'g'ri. Zero, terrorizmni hech qaysi din, hech qaysi millat oqlamaydi. Bo'lib ham, nomining o'ziyoq tinchlik va omonlikni ifodalovchi Islom terrorni mutloq qoralab kelgan. Eksterizm va terrorizm islom va islom ummatiga yot hisoblanadi. Mo'min-musulmon qo'li bilan, tili bilan birovga ozor bermaydi. Eksterizm va terrorizm esa o'zgalarga zo'ravonlik qilish, o'zgalarga ozor berishdir. O'zgalarga ozor berish, o'zgalarga zo'ravonlik qilish esa zulmdan boshqa narsa emas.
Afsuski, asrimizda ekstremizm va terrorizm xavfi ortmoqda. U siyosiy barqarorlikni, milliy, fuqarolararo va millatlararo totuvlikni buzishga, ko'p millatli va ko'p dinli davlatni obro'sizlantirishga zamin yaratmoqda. Kuni kecha Rossiya davlatida tinch aholiga qarata amalga oshirilgan terror harakati ham buning isbotidir.
Biroq muqaddas dinimiz ta'limotlarining asl mohiyatini anglamagan musulmonlar, ayniqsa, musulmon yoshlarining terror ishtirokchisiga aylanib qolishi, din va musulmon nomidan turli xunrezliklarda qatnashishi achinarli hol, ummat uchun musibatdir.
Muqaddas islom dini zulm va zo'ravonlikning har qanday ko'rinishini qat'iy qoraydi. Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Albatta, Alloh adolatga, ezgu ishlarga va qarindoshga yaxshilik qilishga buyuradi hamda buzuqchilik, yovuz ishlar va zulmdan qaytaradi” (Nahl surasi, 91-oyat).
Islom bir insonga tajovuz qilishni butun insoniyatga tajovuz qilish yoki bir inson hayotini saqlab qolishni butun insoniyatni saqlab qolish, deya baholaydi: “Biror jonni o'ldirmagan yoki erda (buzg'unchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarni qilmagan insonni o'ldirgan odam xuddi hamma odamlarni o'ldirgan kabidir. Unga hayot baxsh etgan (o'limdan qutqarib qolgan) odam esa, barcha odamlarni tiriltirgan kabidir”(Moida surasi, 32-oyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday ogohlantirdilar: “Musulmon musulmonning birodaridir, unga zulm qilmaydi, uni tahqirlamaydi, yordamsiz tashlab qo'ymaydi”. So'ng: “Taqvo mana bu erdadir”, deya ko'kslariga uch marta ishora qildilar va: “Musulmon birodarini haqorat qilishi kishining yomonligiga etarli dalildir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Musulmonni so'kish fosiqlik, o'ldirish esa kufrdir”, dedilar (Muttafaqun alayh).
Islom dini va terror bir-biriga butunlay qarama-qarshidir. Islom bir insonni o'ldirish u yoqda tursin, unga biroz ozor berishdan ham qaytaradi. Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalom: “Haqiqiy musulmon uning qo'lidan va tilidan boshqa musulmonga ozor etmaydigan kishidir”, deb ta'kidlaganlar.
Guvohi bo'lganingizdek, muqaddas dinimiz insonni nohaq qon to'kish u yoqda tursin, hatto qo'l yoki til bilan o'zgalarga ozor berishdan ogohlantirgandir. Biroq turli ekstremistik va terrorchi tashkilotlar o'zlarining g'arazli maqsadlaridan kelib chiqib, islom ta'limotining ayrim g'oya va tamoyillari mazmun-mohiyatini bir yoqlama, noto'g'ri talqin qilib, odamlarni hidoyat yo'lidan adashtirishga urinmoqda.
Aziz birodarlar, muhtaram yoshlar! Odamlarni Islom dinidan qo'rqitish bilan shug'ullanuvchilar – Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan yovuz kimsalardir. Modomiki, ular har qanday qabih ishdan qaytmas ekan, musulmonlarni yomonotliq qilish, bo'hton yog'dirish, ko'plab xunrezliklar sodir etishdan ham tap tortmaydi. Bunday qing'irliklarni qandaydir ko'rinmas kuchlar qo'lida qo'g'irchoq bo'layotgan islomni niqob qilgan to'dalar zimmasiga qo'yib, muborak Islom dini bilan bog'lashga harakat qiladilar. Bu yovuz kuchlar dinimizning ma'rifatparvar g'oyalari va hayotbaxsh o'gitlarini o'zlarining manfur maqsadlariga etishlarida to'siq deb biladilar va uni tanazzulga uchratish uchun jon-jahdlari bilan harakat qiladir hamda bu maqsad yo'lida har qanday yomonlikni qilishga tayyordirlar. Siz esa ularning bu kabi yolg'on va puch da'volariga uchmang!
Hulosa o'rnida aytamizki, terrorizm va eksterizmdan ogohva hushyor bo'lishimiz, undan o'zimizni va farzandlarimizni uzoq tutishimiz barchamizning burchimizdir.
Ubaydulloh ABDULLAYeV,
Farg'ona viloyati bosh imom-xatibi
Shri-Lankaning “Solombo Times” nashrida “O‘zbekistonda Yangi uyg‘onish davri: kelajak texnologiyalari yordamida buyuk o‘tmishni qayta tiklash” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Shri-Lankalik taniqli jurnalist Fazan Navaz tomonidan yozilgan ushbu materialda so‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonni bunyod etish, “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirishga qaratilgan islohotlar va ularning samarali natijalari xususida so‘z yuritilgan.
Muallifning yozishicha, Markaziy Osiyo markazida sokin, ammo ulkan ahamiyatga ega inqilob yuz bermoqda. Bu kurash qurol-yarog‘ bilan emas, balki qo‘lyozmalar, muzeylar va mikrochiplar yordamida amalga oshirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston Samarqand va Buxoro kabi shaharlar jahon ilm-fani, she’riyati va falsafasining yetakchi markazlari bo‘lgan O‘rta asrlardagi “Oltin asr” shon-shuhratini qayta tiklashga intilmoqda.
Bu jarayonning o‘ziga xos jihati shundaki, O‘zbekiston ming yildan ziyod tarixga ega madaniy merosni asrash, qayta tiklash va keng ommaga yetkazish uchun sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalardan faol foydalanmoqda.
Nashrda O‘zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosi hamda uni saqlash bo‘yicha islohotlarga to‘xtalib o‘tilgan. Qayd etilganidek, bu zamin insoniyat tarixidagi eng buyuk allomalarga beshik bo‘lgan. Astronom va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek Samarqandda yulduzlarni hayratlanarli darajada aniq kuzatish imkonini bergan rasadxona barpo etgan. Xorazmdagi Ma’mun akademiyasi olimlari esa Yevropada Renessans boshlanishidan ancha avval matematika va tibbiyot sohalarida yuksak yutuqlarga erishgan edi.
O‘zbekiston yetakchisi bu tarixiy merosni tez-tez tilga olib, Mirzo Ulug‘bekni nafaqat buyuk olim, balki ilm-fanni eng yuksak qadriyat deb bilgan davlat arbobi sifatida ta’riflaydi. Davlat rahbari bugungi yangilanish jarayonini “Uchinchi Renessans” deb atab, uni O‘zbekistonning ilmu ma’rifat va madaniyat markazi sifatidagi mavqeini qayta tiklashga qaratilgan umummilliy loyiha sifatida baholaydi. Tarixchilar ta’biri bilan aytganda – bu atama mintaqada avval mavjud bo‘lgan ikki buyuk yuksalish davridan keyingi navbatdagi uyg‘onish bosqichini anglatadi.
Muallifning fikricha, O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini amalga oshirish shunchaki gap emas, balki davlat siyosatiga aylangan.
“Bu ulkan maqsadning eng yorqin ramzi joriy yil Toshkentda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazidir. 2026 yil mart oyida 40 mamlakatdan tashrif buyurgan 1500 dan ortiq mutaxassis ishtirokida qurib bitkazilgan mazkur markaz o‘z bag‘rida islom olamining eng noyob yodgorliklaridan biri – VII asrga mansub Usmon Mus'hafini saqlaydi. Shuningdek, bu yerda ilmiy laboratoriyalar, restavratsiya ustaxonalari va arxivlar faoliyat yuritadi. Markaz allaqachon dunyodagi eng chiroyli yangi muzeylardan biri sifatida e’tirof etilgan”, – deya qayd etgan jurnalist.
Materialda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston yondashuvining boshqalardan ajratib turadigan muhim jihati – bu sun’iy intellektdan iqtisodiy taraqqiyot vositasi sifatidagina emas, balki madaniy merosni muhofaza qilish vositasi sifatida ham foydalayotganidadir.
Sun’iy intellekt turizm sohasini ham tubdan o‘zgartirmoqda. Bu tashabbus 2026 yilda mamlakatga 12 million sayyohni jalb qilish rejasining bir qismi hisoblanadi.
Fazan Navaz o‘z maqolasini “Uchinchi Renessans” o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga to‘liq erishadimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Biroq bugunning o‘zidayoq O‘zbekiston qanday yo‘ldan odimlab borayotgani aniq ko‘rinib turibdi”, – degan so‘zlar bilan yakunlagan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati