Shu yil 26 sentyabr kuni poytaxtimizdagi “Shayx Zayniddin” jome masjidida “Marvaridlar shodasi” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Qur’oni karim tilovati va xayrli duolar bilan boshlangan tadbir avvalida so‘zga chiqqan notiqlar mazkur yangi kitob bilan ijodkor va ishtirokchilarni qutlash barobarida yurtimizda ayol-qizlarning ilmu ma’rifatini yuksaltirish, ularning salomatliklarini yaxshilash va yosh qizlarni ta’lim-tarbiya olishlari uchun munosib sharoit yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritdilar.
Ma’rifiy tadbir davomida mazkur kitob bugungi kunda jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ayol-qizlar savodxonligini oshirish, shariatimizning ayollarga xos bo‘lgan ahkomlarni sodda va tushunarli tarzda bayon etishda muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Shuningdek, risolaning ona tilimizga tarjima qilinishi va xalqimizga tuhfa etilgani ayni muddao bo‘lganiga urg‘u qaratildi. Bundan tashqari, ma’ruzalarda ayol-qizlarga xos tibbiy, ijtimoiy va psixologik tavsiyalar ham muhokama qilindi.
Tadbir davomida kitob muallifi Hanafiy fiqhi olimi, dinimizga ko‘p yillardan buyon xizmat qilib kelayotgan fazilatli Shayx Saloh Muhammad Abul Hojning tadbir ishtirokchilariga yo‘llagan video tabrigi namoyish etildi. Mazkur kitobni tarjima qilishda ishtirok etgan olimalar va “Xadichai Kubro” madrasasi ustozlari jamoasiga minnatdorlik izhor etildi.
Marosimda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi rais o‘rinbosari, falsafa fanlari doktori, professor Matluba Qahharova, O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim mudirasi v.b. Mohira Zufarova, Muslimaat.uz sayti rahbari, “Marvaridlar shodasi” kitobi bosh muharriri Odinaxon Muhammad Yusuf, shuningdek, Toshkent islom instituti, Xadichai Kubro madrasasi ustoz va talabalari hamda otinoyilar ishtirok etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Qiyomat kuni ba’zilar o‘ylaganidek dahshatli emas, balki u Kun ahdiga sodiq bo‘lgan va o‘sha Kun uchun amal qilganlar uchun ajoyib va go‘zal kun bo‘ladi: “Ularni buyuk dahshat mahzun qilmas” (Anbiyo surasi, 103-oyat).
Ular qayta tirilganlarida va farishtalar ularni kutib turganini ko‘rganlarida, u Kun ajoyib kun bo‘ladi: “Farishtalar ularni: «Bu sizlarga va’da qilingan kuningizdir», – deya kutib olurlar” (Anbiyo surasi, 103-oyat).
Ular shodlikdan butun olamga jar solganda u Kun ajoyib kun bo‘ladi: “Mana, mening kitobimni o‘qib ko‘ringlar!” (Haaqqo surasi, 19-oyat).