Muhtaram ustoz va murabbiylar!
Avvalo, siz, azizlarni, yurtimizdagi ta’lim-tarbiya sohasi xodimlarini O‘qituvchi va murabbiylar kuni – umumxalq bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etib, barchangizga eng ezgu tilaklarimni bildirishdan baxtiyorman.
Xalqimiz o‘zining azmu shijoati, bunyodkorlik salohiyati bilan Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessans poydevorini barpo etayotgan bugungi kunda ushbu ulug‘ ayyomning mohiyati, muallim va ustozlarning jamiyatimiz hayotidagi o‘rni va ahamiyati ayniqsa ortib bormoqda.
El-yurtimiz azaldan e’zozlab keladigan o‘qituvchi va murabbiylarning maqomini, qadr-qimmatini yanada yuksaltirish – biz amalga oshirayotgan davlat siyosatining eng muhim, hal qiluvchi yo‘nalishiga aylangani
ham shundan dalolat beradi.
Zero, donishmandlar aytganlaridek, mamlakat avvalo yerdan rizq-nasiba undiradigan dehqonlar, xalqni yovdan, turli yovuzliklardan himoya qiladigan askarlar, yosh avlodga ta’lim va tarbiya beradigan fidoyi muallimlarning sa’y-harakati bilan obod va farovon bo‘ladi.
Hurmatli vatandoshlar!
Keyingi yillarda milliy taraqqiyot strategiyamiz asosida yurtimizda ta’lim va tarbiya tizimida ham tom ma’noda tarixiy ishlar amalga oshirilmoqda.
Qisqa fursatda sohaga oid ko‘plab qonun, farmon va qarorlar qabul qilinib, bu boradagi huquqiy baza mustahkamlandi. Yangilangan Konstitutsiyamizda o‘qituvchining maqomi alohida belgilab qo‘yildi.
Respublikamizda har yili yangi-yangi ta’lim maskanlari barpo etilib, ularning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati mustahkamlanmoqda. Darslik va o‘quv qo‘llanmalarining zamon talablariga mos yangi avlodi yaratilmoqda.
Ayniqsa, maktabgacha ta’lim tizimi dunyodagi ilg‘or tajribalar asosida mutlaqo yangicha rivojlanish bosqichiga qadam qo‘ydi. Yurtimizdagi bolalar bog‘chalari soni 8 barobar oshib, salkam 38 mingtaga, jumladan, nodavlat ta’lim muassasalari 250 tadan 29 mingtaga, qamrov esa 27 foizdan 76,4 foizga yetgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.
Mamlakatimizda maktab ta’limini rivojlantirish umummilliy harakatga aylandi. Bu haqda so‘z yuritganda, oxirgi yetti yilda 5 mingdan ziyod maktabda, shu yilning o‘zida esa 608 ta maktabda qurilish va ta’mirlash ishlari bajarilganini ta’kidlash lozim.
Ilk bor 530 ta maktabda inklyuziv ta’lim joriy etildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 288 ming nafardan ortiq boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining bepul ovqatlanishi yo‘lga qo‘yildi.
Xususiy sektor rivoji uchun yaratib berilayotgan qulay imkoniyatlar natijasida nodavlat maktablar ulushi 5 foizga yetgani diqqatga sazovordir.
Biz inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ulkan ishlarimiz doirasida o‘qituvchi va murabbiylar mehnatini munosib baholash va rag‘batlantirishga alohida ahamiyat bermoqdamiz.
Bugungi kunda o‘qituvchilarning ish haqi 2016 yilga nisbatan o‘rtacha 2,5 marta, professor-o‘qituvchilarning oylik maoshi esa 4,5 karra o‘sgani, oktyabr oyidan pedagog xodimlarning ish haqi yana 15 foizga oshirilishi shu boradagi sa’y-harakatlarimiz natijasidir.
Ta’lim sifatini yuksaltirish maqsadida pedagoglarning malakasini oshirish bo‘yicha yagona va vertikal tizim yaratildi. Joriy yilda hozirga qadar 142 nafar o‘qituvchi ilg‘or xorijiy davlatlarda malaka oshirib qaytdi. Maktab direktori lavozimiga tayinlash tizimi takomillashtirilib, ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi o‘rnatildi.
Ta’lim-tarbiya sohasiga berilayotgan ulkan e’tibor tufayli yoshlarimiz bilim, fan va texnika, madaniyat va san’at, sport sohalarida yuksak marralarni qo‘lga kiritayotgani barchamizni mamnun etmoqda.
O‘quvchilarimiz 2010-2016 yillarda xalqaro fan olimpiadalarida 73 ta medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, so‘nggi yetti yilda 349 ta, 2024 yilning o‘zida esa 122 ta medalga sazovor bo‘lgani ham birinchi navbatda sizlarning mashaqqatli mehnatingiz samarasidir.
Bu borada xalqaro fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarning ustozlarini rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yilgani va shu maqsadda Davlat budjetidan 6 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgani muhim rag‘batlantiruvchi omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston tarixida birinchi marta buyuk allomalarimizga bag‘ishlangan xalqaro fan olimpiadalarini o‘tkazishni boshladik. Bu esa farzandlarimiz, butun xalqimiz qalbida g‘urur va iftixor tuyg‘usi bilan birga, dunyoda O‘zbekistonning ma’rifiy nufuzini ham yuksaltirmoqda.
Maktabda ikkinchi xorijiy til va kasb-hunarlarni o‘rgatish borasida ham muhim qadamlar tashlandi. Joriy o‘quv yilida 354 ta maktabda 16 mingdan ziyod o‘quvchiga ikkita xorijiy tilni o‘qitish, 289 ta maktabda 40 mingdan ortiq o‘quvchiga kasb-hunar o‘rgatish
yo‘lga qo‘yildi.
Oliy ta’lim sohasida ham katta islohotlar amalga oshirilmoqda. Qisqa muddatda yurtimizda 135 ta yangi oliygoh tashkil etilib, ularning umumiy soni 211 taga yetkazilgani, tizimda qamrov darajasi 4 barobardan ziyod oshib, 9 foizdan 38 foizga yetgani misolida buni yaqqol ko‘rish mumkin.
Qadrli do‘stlar!
Ko‘hna tarix, bugungi hayot tajribasi barcha muammolarning yechimi, savollarning javobi faqat va faqat ta’limda, kamolot va baxt eshiklarining kaliti ta’lim va tarbiyada ekanidan dalolat beradi.
Barchamiz yaxshi tushunamizki, o‘z oldimizga qo‘ygan buyuk maqsadlarga yetishda – jonajon O‘zbekistonimizni erkin va farovon, har tomonlama obod mamlakatga aylantirishda soha rivojini yangi sifat bosqichiga ko‘tarish hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Sizlar bilan bo‘lib o‘tgan sermazmun va samimiy muloqotimizda bu haqda yana bir bor fikr almashib, kelajak rejalarimizni aniq belgilab oldik.
Ishonchim komil, siz, muhtaram pedagoglar, professor-o‘qituvchilarimiz ta’lim sohasidagi islohotlarimizda yanada faol ishtirok etib, “Yangi O‘zbekiston – ma’rifiy jamiyat” degan olijanob g‘oyamizni amalga oshirishga munosib hissa qo‘shasiz.
Hech shubhasiz, biz ta’lim va tarbiya tizimini yanada ravnaq toptirish, soha xodimlari uchun munosib mehnat va turmush sharoitlarini yaratish masalasiga bundan buyon ham ustuvor ahamiyat beramiz va o‘qituvchilikni jamiyatimizda eng obro‘li kasblar qatoriga olib chiqamiz.
Muhtaram ustozlar!
Mana shu shukuhli ayyomda siz, azizlarni yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, ezgu va sharafli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Hamisha sog‘-omon bo‘ling, qadrli va mehribon ustozlar!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Bugunning gapi
“Uch xonali xonadonimni ta’mirlatish uchun ikki oy muddatga kelishib usta tushirgandim, olti oyda zo‘rg‘a chala-chulpa qilib ishini tugatdi...”
“Ustalar nega bunaqa-a? Uyini ta’mirlatib, ustalardan roziman, degan odamni uchratmadim...”
“Ko‘pchiligi odamga firib beradi: ishni vaqtida bajarmaydi, ta’mir ishlari tugagach, boshida kelishilgan narxdan ikki barobar ko‘p mablag‘ so‘raydi...”
Yuqoridagi gaplar – uyini, xonadonini ta’mirlatib, ustalardan kuygan kishilarning dod-faryodlari.
Bugungi kunda jamiyatda ayrim ustalarning o‘z ishini vijdonan bajarmasligi, sifatsiz materiallar ishlatishi, vaqtni cho‘zishi yoki turli nayranglar bilan buyurtmachini aldashi, afsuski, ko‘pchilikni tashvishga solish barobarida shu kasb egalariga nisbatan ishonchning susayishiga yoki butunlay yo‘qolishiga olib kelyapti.
Yaxshi niyatda uyini, xonadonini ta’mirlatmoqchi bo‘lgan kishi usta ishlatgan tanishlaridan so‘rab-surishtirishi tayin. Yaqinda men ham xonadonimni ta’mirlatmoqchi bo‘lib usta izladim. Tanish-bilishlardan, do‘stlarimdan so‘rasam, yarmidan ko‘pi ustalardan nolidi. Bu holat nafaqat moliyaviy zarar, ayni paytda insonlar o‘rtasidagi ishonchning yo‘qolishiga ham sabab bo‘lmyaptimi?!
Islom ta’limotida halol mehnat, omonatdorlik va rostgo‘ylik yuksak fazilat ekani ta’kidlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Darhaqiqat, Alloh omonatni o‘z egalariga topshirishingiz va odamlar o‘rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyurar. Albatta, Alloh sizlarga yaxshigina nasihat qilur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi Zotdir” (Niso surasi, 58-oyat).
Ustalik – yaxshi kasb. Usta omonatdor bo‘lsa, odamlarning hojatini ravo qiladi, ko‘pga foydasi tegadi. Buyurtmachi o‘z molini, mablag‘ini ustaga ishonib topshiradi. Usta shu ishonchni oqlashi, ishni puxta va vijdonan bajarishi shart.
Uy – insonning boshpanasi. Uning har bir g‘ishti ezgu niyat bilan qo‘yiladi, har bir devori umid bilan ko‘tariladi. Ammo, afsuski, ba’zan ayrim ustalar imorat qurish yoki ta’mirlashda nayrang qiladilar. Usta tashqi tomondan devorni silliq suvaydi, ammo ichidagi yoriqlarni berkitadi. Bo‘yoqning yaltirog‘i ko‘zni quvnatadi, lekin ortidagi nuqson vaqt o‘tishi bilan ko‘zga tashlanadi.
Yangi ta’mirlangan xonadondan hali bo‘yoq hidi ketmay turib shiftda yoriqlar paydo bo‘ladi, eshiklar qiyshayib qoladi, pol esa g‘ichirlab imorat egasining asabini buzadi. Buyurtmachi ustaga bergan mablag‘iga ichi achiydi.
Ba’zi ustalar sifatli qurilish materiali olish uchun berilgan pulga arzon mahsulot sotib oladi. Qolgan mablag‘ni esa “mehnat haqim” deb o‘maradi. Sementga qumni ortiqcha qo‘shadi, temir yoki armaturani ingichkarog‘iga almashtiradi, mis simlar o‘rniga alyuminini tortadi.
Yana shunday ustalar ham borki, bir haftada tugatishga kelishilgan ishni bir oygacha cho‘zadi. Bahona ham tayyor: “Material kelmadi”, “Yordamchim betob bo‘lib qoldi”, “Ertaga tugatib beramiz” va hokazo.
Eng yomoni, ustaning qo‘lidan chiqqan uy bir yil o‘tar-o‘tmas yana ta’mirga muhtoj bo‘lib qoladi. Bu hunar emas, hiyladir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim bizni aldasa, bizdan emas”, deganlar (Imom Muslim rivoyati). Bu hadis har qanday sohadagi firibgarlikni qamrab oladi. Agar usta arzon yoki sifatsiz materialni qimmatbaho deb ko‘rsatsa, ishni ataylab chala bajarsa yoki keyin yana ta’mirga muhtoj bo‘ladigan qilib ishlasa, bu aldamchilikdan, firibgarlikdan boshqa narsa emas. Afsuski, bugun ko‘pchilik ustalar hiyla va nayrangni kasb qilib olganlar. Buning oqibatida na o‘zlari baraka topadilar, na buyurtmachi ularga bergan mablag‘iga rozi bo‘ladi.
Haqiqiy usta, o‘z ishini vijdonan qiladigan kishi boshqacha bo‘ladi. U har bir ishini bekamu ko‘st bajaradi. Chunki u odamlardan yashirgan nuqsonni, albatta, Alloh taolo ko‘rib, bilib turishini yaxshi anglaydi. Unday ustalar o‘zlariga Alloh taoloning: “Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara surasi, 195) oyatini hamda Nabiy alayhissalomning: “Alloh taolo o‘z ishini chiroyli, puxta qiladigan kishini yaxshi ko‘radi” (Imom Tabaroniy rivoyati), degan muborak hadislarini o‘zlariga shior qilib olgan bo‘ladilar. Lekin, afsuski, hozir bunday ustalarni topish amrimahol. Borlari ham “qo‘lma-qo‘l”.
Omonatdor ustalar qurgan uylar, yillar o‘tsa ham, yaxshilik bilan eslanadi. Ularning haqlariga xayrli duolar qilinadi. Birgina misol, bizning Sangijumon qishlog‘imizdagi ko‘p uylarni pachirlik usta Turdimurod bobo (Alloh makonini jannat qilsin!) qurgan. O‘sha paytlarda (1960–1990 yillar) vassajuft qilingan shiftlarga ustaning imoratni qurib bitirgan sanasini bitish an’ana bo‘lgan. Har safar qishloqqa borib uyga kirsam, usta boboning “imzosi”ga ko‘zib tushadi va Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilib, u kishining ruhlariga bag‘ishlayman.
Bugun ba’zi ustalarning ishni kelishilgan muddatda tugatmasligi; sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanishi; narxni asossiz oshirishi; kamchiliklarni yashirishi; bir necha oy o‘tib yana ta’mir qilishga majbur bo‘ladigan darajada ish tutishi katta gunohdir. Bunday xatti-harakatlar oqibatida buyurtmachi moddiy zarar ko‘radi, asabiylashadi, vaqt yo‘qotadi va eng achinarlisi, odamlar o‘rtasidagi ishonch susayadi.
Halol rizqning barakasi uning ko‘pligida emas, balki pokligidadir. Aldamchilik bilan, hiyla-nayrang ishlatib topilgan mablag‘ foyda bo‘lib ko‘rinsa-da, unda baraka bo‘lmaydi. Shuning uchun har bir usta o‘z qo‘li bilan topayotgan rizqining halolligi haqida o‘ylashi, har bir mix, har bir g‘isht, har bir sim yoki har bir ta’mir uchun qiyomat kuni hisob berilishini unutmasligi kerak.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh:
O‘ttiz foiz haqiqiy ustalar bor. Ular o‘z kasbi bilan faxrlanadi. Guruhlari bor, shogirdlari, ustozlari bor. Hammasini qoyillatib, asbob-anjomlarini chiroyli qilib qo‘yishgan. Shartnopmani tuzadi, vaqtida ishga keladi, belgilangan muddatda qurilishni yoki ta’mir ishlarini tugatadi, ish haqini olib ketadi. Buyurtmachi ham rozi, usta ham rozi. Bunday kishilarning ishida unum, baraka bo‘ladi. Topgan pullari barakali bo‘ladi.
Haqiqiy usta faqat qurilish yoki ta’mirlashni emas, balki odamlarning ishonchini ham qozonadi. Vijdon bilan qilingan har bir ish ibodatga aylanadi. Aldamchilik va nayrang bilan bajarilgan ish esa vaqtinchalik foyda keltirsa ham, dunyoda obro‘ni to‘kadi, rizq qiyilishiga sabab bo‘ladi, oxiratda esa javobgarlikni keltiradi.
Tolibjon NIZOM