Kim USTOZ?
Alloh Taolo olamlarni bunyod etgandan co‘ng unga sarvar qilib Insonni – Hazrati Odam Ato alayhissalomni yaratdi. Odam Ato qovurg‘asidan Momo Havoni yaratib, ulardan farzandlarini ko‘paytirdi.
Rivoyat etilishicha, odamzotning ko‘ngliga 3 narsa urmas, ya’ni inson 3 narsadan aslo bezor bo‘lmas, doimo ardoqlar ekan.
Birinchisi er uchun – ayol, ayol uchun – er. Chunki ayol Odam Atoning qovurg‘asidan, ya’ni bir vujuddan yaralgan. Vujudda esa oshiqcha a’zo yo‘q. Hech kim biron a’zosidan voz kecholmagani kabi, ayol jinsi erdan, er jinsi ayoldan ayri kecha olmas ekan.
Inson ko‘ngliga urmaydigan ikkinchi narsa – rizq-ro‘zi, yashash omili bo‘lgan non ekan. Mana necha ming-ming yillar o‘tsa ham, Odam Ato va Momo Havo ilk bor ta’mini tatib ko‘rgan bug‘doy hamon ularning avlodlari nasibasi bo‘lib xizmat kilib kelayotir. Dunyodagi ne bir shirinliklar, taomlar non o‘rnini bosolmasligi barchaga ayon.
Bashariyat farzandi uchun uchinchi ulug‘ narsa bu kitob ekan. Zero Qur’ondagi dastlabki oyat «Iqra!» («O‘qing!») ekanligi, ulug‘ Payg‘ambarimiz Muhammad Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o‘qishni o‘rganib, Allohning so‘zlaridan xabardor bo‘lib, ularni xalqqa yetkazganlari, musulmonlar diliga singdirganlari ma’lumdir.
Kitobning Muqaddasligi yana shundaki, odamlar u orqali fikran boyiydilar, aqlan o‘sadilar, ma’nan sog‘lom bo‘ladilar, axloqiy kamol topadilar, qanday so‘zlash, qanday yashash zarurligini, imon-e’tiqodni asrashni biladilar.
Shu boisdan ham Islom dinimiz sahifalaridan asosiy o‘rinni yorug‘ olamning gultoji – Inson, uning rizq-ro‘zi – Non va aql-idroki mahsuli – Kitob odobnomasi va ibratnomasining o‘rin olishi bejiz emas.
Buyuk ota-bobolarimizdan meros bo‘lib qolib kelayotgan dono xalqimizning yuksak ma’naviyati bo‘lmish milliy va diniy qadriyatlarimiz esa bularning hammasi – axloqiy, aqliy va jismoniy maktab ekanligi oltindan qimmat, bebaho va abadiy qadriyatlarimiz, yengilmas kuchimizdir!
Modomiki Islom dinining eng birinchi buyrug‘i «O‘qing!» ekan, demak Islom dini – eng avvalo ma’rifat dini ekan. «Ma’rifat» so‘zi arab tilidan tarjima qilinganda «kishilarning ong-bilimini, madaniyatini oshirishga qaratilgan ta’lim-tarbiya»; «maorif» degan ma’nolarni anglatadi.
Islom dinining asosiy va Muqaddas Kitobi bo‘lmish Qur’oni Karimning yettidan bir qismi faqat ILM mavzusiga doir masalalardan iboratdir.
Islom dini paydo bo‘lishini Yaratganimiz Muhammad alayhissalom orqali Arabiston yarim orolligini iroda etgan bo‘lsa, ushbu Muqaddas, pok Islom dinimizni ilmu-fan, ma’rifat ila rivojlanishini Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Imom Burhoniddin Marg‘inoniy, Imom Bahouddin Naqshbandiy, Muhammad Muso Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Mirzo Ulug‘bek, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Imom Mahmud Zamaxshariylardek buyuk allomalar orqali bizning jannatmakon yurtimizni (!) O‘z ilohiy hikmati ila ixtiyor etdi.
Yaxshilik va ezgulik, bag‘rikenglik va tinchlik, yaqinlari va begonalariga birdek marhamatli bo‘lish, qon to‘kmaslikka chaqiruvchi, nafs vasvasasiga uchmaslik, ota-onaga ular hayot ekanlarida mehribon va saxiylik ila munosabatda bo‘lish, dunyodan o‘tganlarning haqlariga duo qilishga, vatanni sevishga da’vat qiluvchi muqaddas dinimiz, ayniqsa mustaqillik yillarida o‘z qadrini hamda o‘zining azaliy vazifasi – ezgu maqsadlarga chin ma’noda xizmat qilish imkoniyatini topdi.
Bizning qadimiy va go‘zal diyorimiz nafaqat Sharq, balki jahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo‘lganini xalqaro jamoatchilik tan olmoqda va e’tirof etmoqda... Bu tabarruk zamindan ne-ne buyuk zotlar, olimu ulamolar, siyosatchi va sarkardalar yetishib chiqqani, umumbashariy sivilizatsiya va madaniyatning uzviy qismiga aylanib ketgan dunyoviy va diniy ilmlarning, ayniqsa, Islom dini bilan bog‘liq bilimlarning tarixan eng yuqori bosqichga ko‘tarilishida ona yurtimizda tug‘ilib kamolga yetgan ulug‘ allomalarning hizmatlari beqiyos ekani bizga ulkan g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.
Alloh taboraka va taolo O‘zining Kalomi majidi – Qur’oni Karimda va Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam muborak hadisi shariflarida ulug‘lab e’zozlagan yetti toifa insonlarni har bir mo‘min-musulmon kishi qadrlab, hurmat qilishi lozim:
1) ota;
2) ona;
3) ustoz (manfaatli ilm yo kasb-hunar o‘rgatgan inson);
4) olim (faqat diniy yo‘nalishdagina emas, balki inson uchun manfaatli barcha sohalardagi olimlar. Chunki hamma sohalarning ham egasi – Alloh taoloning O‘zidir);
5) Qur’oni Karimdan xabardor kishi;
6) mo‘ysafid odam;
7) adolatli rahbar.
Muqaddas Islom dinimiz hukmlari ham, jannatmakon yurtimiz buyuk va ma’rifatparvar, ulug‘vor va donishmand xalqining Qur’oni Karim va hadisi shariflarga uyg‘unlashib ketgan hatto maqollari ham insonlarni ilm-fan taraqqiyotiga, ilmli kishilarni ulug‘lashga undaydi, ustozlarni hurmatlashga targ‘ib etadi.
Ma’lumki, bu dunyoning rivojlanishida, insoniyatning taraqqiyot etishida ustozning o‘rni beqiyos.
Bizning dono xalqimiz
è «Ustoz – otangdek ulug‘»,
è «Usta borida qo‘lingni tiy,
Ustoz borida – tilingni»,
è «Usta bo‘lsang, ustozingni unutma!»,
è «Ustozingga tik qarasang – to‘zasan,
Hurmat qilsang – asta-asta o‘zasan»,
deb bejizga aytmagan.
Chunki, hammaga ma’lumki, insoniyatning ENG Birinchi Ustozi – bu ALLOH TAOLONING O‘ZI bo‘lsa,
“Alloh Odam (alayhis salom)ga barcha yaratilgan va yaratilajak narsalarga tegishli nomlarni o‘rgatdi” (Qur’oni Karim Baqara surasi 2/31 oyat),
musulmonlarning insonlar ichida ENG Buyuk Ustozi – PAYG‘AMBARIMIZ MUHAMMAD ALAYHISSALOMDIRLAR !
Har bir inson zoti uchun esa ENG Birinchi Ustozi – uning OTA-ONASIDIR ! Zero uni tarbiyalashni hali bu dunyoga kelmasidan oldinroq boshlaydi. Tug‘ilishi bilanoq, to ota-onaning o‘zi bu dunyodan o‘tmaguncha, o‘z farzandiga mehribonlik qilib o‘tadi...
Shuning uchun ham o‘zining qadr-qimmatini bilgan, o‘zining kimligini tushunib yetgan har bir aql-zakovatli, fahm-farosatli odam «Ustozlar va murabbiylar» bayram kunida ham eng birinchi bo‘lib o‘zining doimiy peshqadamlari bo‘lmish o‘z ota-onasidan boshlab, ustoz va murabbiylarini ko‘ngillarini shod qilib, bebaho, betakror va beqiyos duolaridan bahramand bo‘lishga shoshiladi.
Yangi o‘quv yili ham boshlanib, farzandlarimiz ulug‘ va muqaddas, mashaqqatli va sersavob ish bo‘lmish – ilm olishga kirishdilar...
Biz, ota-onalar, farzandlarimizni ulg‘ayishida, ilm olib, bilimli bo‘lishlarida ko‘p jihatlariga serqirrali e’tiborimizni berishimizda quyidagi purma’noli, sermazmunli tarafini ham e’tiborga olishimizni muqaddas dinimiz amr-farmon qilib buyuradi.
Kalomulloh Qur’oni Karimning oyati muboraklariga va Janobi Payg‘ambarimizning muborak hadisi shariflariga binoan «ustoz»ning maqomini mutafakkirlarning mutafakkiri Miralisher Navoiy hazratlari quyidagicha tavsiflaganlar:
“Haq yo‘linda kim sanga bir harf o‘rgatmish ranj ila,
Aylamoq kerak oning haqqin yuz ming ganj ila”.
Shunchalik ulug‘ (!) darajaga ustozning mavqei ko‘tarilgan.
“Ustoz” deganda faqat ma’lum bir sohada yoki faqat ilm sohasida emas, balki ilm-fanning barcha turlarida, kasb-hunar sohalarida ham o‘rgatuvchini biz USTOZ deb tushunishimiz lozim!
Shuning uchun ham bizning dono xalqimiz hurmat va ehtirom ila e’zozlab «Ustoz» deb ulug‘laydi.
Kunlardan bir kuni hazrat Navoiy
Sayr aylamakni qildi ixtiyor.
Mulozimlar ila chiqdilar yo‘lga
Va kichik bolaga keldilar duchor.
O‘shanda Navoiy otidan tushib,
O‘sha yosh bolaga qilibdi ta’zim.
Mulozimlar hayron, a’yonlari lol –
Bunday uchrashuvdan qolibdilar jim.
Bir a’yon qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib,
So‘rabdi: «Hazratim. Bu qandayin hol?
Siz bolaga emas, balki u sizga qilib ta’zim,
Salom berishi dushvor!»
Navoiy debdiki: “Myen ko‘rgan bola
Ustozim – bolaning bobosi edi.
Olislarda qolib ketgan damlarning
Uzoqlardan kelgan sadosi edi…
Ustozim men uchun – otadan ulug‘!
Shuningchun bolaga qildim men ta’zim.
Ustozimdan qolgan nevarasiga
Salom bermasligim – gunohu azim!”
Dono xalqimiz o‘z maqollarida ham “Ustoz otadek ulug‘!” va “Ustoz otangdan ulug‘!” deb aytishlarida ham juda ko‘p ma’nolar bor. Zero bu ulug‘ hikmatlar elning ellik ming elagidan o‘tkazilib, keyin muomalaga qo‘yilgan.
Iloho o‘zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Alloh taolo Qur’oni Karimda buyurgan, Janobi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam muborak hadisi shariflarida tavsiya etgan, o‘tmishda o‘tganlarimizning ruhlari shod bo‘ladigan, xalqimiz xursand bo‘ladigan, ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin!
Ibrohimjon domla Inomov
«Yosh farzandlarni ovqatdan oldin va keyin qo‘l yuvishga, ovqatlanishni «Bismillah» bilan boshlashga, o‘ng qo‘l bilan yeyishga, yeb bo‘lganidan so‘ng Yaratganga shukr aytishga odatlantirishingiz lozim. Shuningdek, o‘ng qo‘l bilan yozish, kiyim kiyganda o‘ngidan boshlash, uyga o‘ng oyoq bilan kirish, har bir ishni «Bismillah» bilan boshlashga ham o‘rgating.
Bolalarga tozalikka rioya qilish, tirnoqlarini olish, kiyimlarini toza-pok saqlash, tahoratxonaga kirish-chiqish tartiblaridan ta’lim bering.
Farzandlarga xoli holda, uyaltirmay, boshqalar oldida sharmanda qilmay nasihat qilishingiz lozim. Ba’zan sho‘xlik qilib, gapingizga quloq solishmasa yoki biror ishda xato qilishsa, ularni urmay-so‘kmay, tushuntirishingiz zarur. Juda iloji bo‘lmay qolganida bir-ikki kun gaplashmay qo‘ysangiz, kifoya.
Farzandlaringizning kimlar bilan do‘st va hamsuhbat bo‘lishlariga e’tiborli bo‘ling, ko‘chada sababsiz, bemaqsad turish va yurishlariga, sizdan so‘ramay, uzoq vaqt biror mashg‘ulot bilan shug‘ullanishlariga yoki olis joyga ravona bo‘lishlariga ruxsat bermang.
Farzandlarni uyda va ko‘chadagi tanish-notanish odamlarga «Assalomu alaykum» deb salom berishga, qo‘ni-qo‘shnilarga yaxshilik va yordam ko‘rsatishga, aziyat yetkazmaslikka, uyingizga kelgan mehmonga hurmat ko‘rsatish va xizmat qilishga odatlantiring.
O‘g‘il-qizlaringizni kufr so‘zlardan, birovlarni haqorat qilishdan, behayo gaplarni gapirishdan qaytaring. Bularning nihoyatda yomonligini, yaramas so‘z-gaplar tufayli odam qattiq gunohkor bo‘lishi va zarar ko‘rishini muloyimlik bilan tushuntiring. O‘zingiz ham bu borada ularga ibrat-namuna bo‘ling, chiroyli axloq sohibi ekaningizni isbotlang.
Farzandlarni qimorning turli ko‘rinishlari, qarta, oshiq va o‘rtaga pul qo‘yib o‘ynaladigan barcha o‘yinlardan qaytarish darkor. Qimor bo‘lmasa ham, qimmatli vaqtini behuda sovuradigan, dars tayyorlash va foydali mashg‘ulotlardan ayiradigan o‘yinlarni ham cheklash lozim. Ularning axloqsiz, behayo, fahsh suratli gazeta-jurnallar, kitoblarni o‘qishlariga, jinsiy munosabatlarni, shafqatsizlik, axloqsizlik, yovuzliklarni targ‘ib qiladigan film va tomoshalarni ko‘rishlariga yo‘l bermang.
“Bamisoli sirka asalni buzganidek, badfe’llik va axloqsizlik ham kishining qilayotgan amallarini buzadi”.
Farzandlaringizni sigaret chekish va aroq ichishdan qaytarib, bu illatlarning inson sog‘lig‘i va iqtisodiga qanchalar zarar keltirishini, kulfatga boshlashini erinmay tushuntiring. Buning o‘rniga meva va shirinliklar iste’mol qilishga targ‘ib eting”.
O‘g‘il-qizlarimizni har qanday holatda ham rost so‘zlashga, yolg‘onni hatto hazil tariqasida ham gapirmaslikka, va’daga albatta vafo qilishga o‘rgatishimiz lozim. Chunki yosh bolalar odatda o‘ta ta’sirchan va taqlid qilishga o‘ch buladilar. Yolg‘onni atrofidagi muhitdan o‘rganib, ota-onasi yoki aka-ukalaridan biror manfaatga erishish uchun yolg‘on ishlatishlari mumkin. To‘g‘rilik har bir yaxshilikning asosi, yolg‘on esa har qanday yomonlikning onasi va boshlanishidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, to‘g‘rilik yaxshilikka boshlaydi. Yaxshilik jannatga boshlaydi. Yolg‘on yomonlikka olib boradi. Yomonlik esa do‘zaxga olib boradi”, deganlar. O‘zimiz ham ularga biror narsa va’da qilsak, olib berishimiz, bordi-yu, buning imkoni topilmay qolsa, ularga tushuntirib, muddatini uzaytirishimiz kerak.
Davomi bor...
Muhammad Quddus ABDULMANNON,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.