Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Avgust, 2026   |   27 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:57
Quyosh
05:27
Peshin
12:30
Asr
17:25
Shom
19:33
Xufton
21:02
Bismillah
10 Avgust, 2026, 27 Safar, 1448

Kim USTOZ?

02.10.2024   14348   24 min.
Kim USTOZ?

Kim USTOZ?

Alloh  Taolo olamlarni  bunyod etgandan co‘ng unga sarvar qilib Insonni – Hazrati Odam Ato alayhissalomni yaratdi. Odam Ato qovurg‘asidan Momo Havoni yaratib, ulardan farzandlarini ko‘paytirdi.

Rivoyat etilishicha, odamzotning ko‘ngliga 3 narsa urmas, ya’ni inson 3 narsadan aslo bezor bo‘lmas, doimo ardoqlar ekan. 

Birinchisi er uchun – ayol, ayol uchun – er. Chunki ayol Odam Atoning qovurg‘asidan, ya’ni bir vujuddan yaralgan. Vujudda esa oshiqcha a’zo yo‘q. Hech kim biron a’zosidan voz kecholmagani kabi, ayol jinsi erdan, er jinsi ayoldan ayri kecha olmas ekan.

Inson ko‘ngliga urmaydigan ikkinchi narsa – rizq-ro‘zi, yashash omili bo‘lgan non ekan.  Mana necha ming-ming yillar o‘tsa ham, Odam Ato va Momo Havo  ilk bor ta’mini tatib ko‘rgan bug‘doy hamon ularning avlodlari nasibasi bo‘lib xizmat kilib kelayotir. Dunyodagi ne bir shirinliklar, taomlar non o‘rnini bosolmasligi barchaga ayon.

Bashariyat farzandi uchun uchinchi ulug‘  narsa bu kitob ekan. Zero Qur’ondagi dastlabki oyat «Iqra!» («O‘qing!») ekanligi, ulug‘ Payg‘ambarimiz Muhammad Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o‘qishni o‘rganib, Allohning so‘zlaridan xabardor bo‘lib, ularni xalqqa yetkazganlari, musulmonlar diliga singdirganlari ma’lumdir.

Kitobning Muqaddasligi yana shundaki, odamlar u orqali fikran boyiydilar, aqlan o‘sadilar, ma’nan sog‘lom bo‘ladilar, axloqiy kamol topadilar, qanday so‘zlash, qanday yashash zarurligini, imon-e’tiqodni asrashni biladilar.

Shu boisdan ham Islom dinimiz sahifalaridan asosiy o‘rinni yorug‘ olamning gultoji – Inson, uning rizq-ro‘zi – Non va aql-idroki mahsuli – Kitob odobnomasi va ibratnomasining o‘rin olishi bejiz emas.

Buyuk ota-bobolarimizdan meros bo‘lib qolib kelayotgan dono xalqimizning yuksak ma’naviyati bo‘lmish milliy va diniy qadriyatlarimiz esa bularning   hammasi – axloqiy, aqliy va jismoniy maktab ekanligi oltindan qimmat, bebaho va abadiy qadriyatlarimiz, yengilmas kuchimizdir!

 

Modomiki Islom dinining eng birinchi buyrug‘i «O‘qing!» ekan,  demak Islom dini – eng avvalo ma’rifat dini ekan. «Ma’rifat» so‘zi arab tilidan tarjima qilinganda «kishilarning ong-bilimini, madaniyatini oshirishga  qaratilgan ta’lim-tarbiya»«maorif» degan ma’nolarni anglatadi.

Islom dinining asosiy va Muqaddas Kitobi bo‘lmish Qur’oni Karimning yettidan bir qismi faqat ILM mavzusiga doir masalalardan iboratdir.

 

Islom dini paydo bo‘lishini Yaratganimiz Muhammad alayhissalom orqali Arabiston yarim orolligini iroda etgan bo‘lsa, ushbu Muqaddas, pok Islom dinimizni ilmu-fan, ma’rifat ila rivojlanishini Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Imom Burhoniddin Marg‘inoniy, Imom Bahouddin Naqshbandiy, Muhammad Muso Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Mirzo Ulug‘bek, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Imom Mahmud Zamaxshariylardek buyuk allomalar orqali bizning jannatmakon yurtimizni (!) O‘z ilohiy hikmati  ila ixtiyor etdi.

Yaxshilik va ezgulik, bag‘rikenglik va tinchlik, yaqinlari va begonalariga birdek marhamatli bo‘lish, qon to‘kmaslikka chaqiruvchi, nafs vasvasasiga uchmaslik, ota-onaga ular hayot ekanlarida mehribon va saxiylik ila munosabatda bo‘lish, dunyodan o‘tganlarning haqlariga duo qilishga, vatanni sevishga da’vat qiluvchi muqaddas dinimiz, ayniqsa mustaqillik yillarida o‘z qadrini hamda o‘zining azaliy vazifasi – ezgu maqsadlarga chin ma’noda xizmat qilish imkoniyatini topdi.

Bizning qadimiy va go‘zal diyorimiz nafaqat Sharq, balki jahon sivilizatsiyasi  beshiklaridan biri bo‘lganini xalqaro  jamoatchilik tan olmoqda va e’tirof etmoqda... Bu tabarruk zamindan ne-ne buyuk zotlar, olimu ulamolar, siyosatchi va sarkardalar yetishib chiqqani, umumbashariy sivilizatsiya va madaniyatning uzviy qismiga  aylanib ketgan dunyoviy va diniy ilmlarning, ayniqsa, Islom dini bilan bog‘liq bilimlarning tarixan eng yuqori bosqichga ko‘tarilishida ona yurtimizda tug‘ilib kamolga yetgan ulug‘ allomalarning hizmatlari beqiyos ekani bizga ulkan  g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.

 

Alloh taboraka va taolo O‘zining Kalomi majidi – Qur’oni Karimda va Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam muborak hadisi shariflarida ulug‘lab e’zozlagan yetti toifa insonlarni har bir mo‘min-musulmon kishi qadrlab, hurmat qilishi lozim:

1) ota;

2) ona;

3) ustoz (manfaatli ilm yo kasb-hunar o‘rgatgan inson);

4) olim (faqat diniy yo‘nalishdagina emas, balki inson uchun manfaatli barcha sohalardagi olimlar. Chunki hamma sohalarning ham egasi – Alloh taoloning O‘zidir);

5) Qur’oni Karimdan xabardor kishi;

6) mo‘ysafid odam;

7) adolatli rahbar.

 

Muqaddas Islom dinimiz hukmlari ham, jannatmakon yurtimiz buyuk va ma’rifatparvar, ulug‘vor va donishmand xalqining Qur’oni Karim va hadisi shariflarga uyg‘unlashib ketgan hatto maqollari ham insonlarni ilm-fan taraqqiyotiga, ilmli kishilarni ulug‘lashga undaydi, ustozlarni hurmatlashga targ‘ib etadi.

Ma’lumki, bu dunyoning rivojlanishida, insoniyatning taraqqiyot etishida ustozning o‘rni beqiyos.

Bizning dono xalqimiz

è «Ustoz – otangdek  ulug‘»,

 

è «Usta borida qo‘lingni tiy,

Ustoz borida – tilingni»,

 

è «Usta bo‘lsang, ustozingni unutma!»,

 

è «Ustozingga tik qarasangto‘zasan,

Hurmat qilsangasta-asta o‘zasan»,

deb bejizga aytmagan.

 

Chunki, hammaga ma’lumki, insoniyatning ENG Birinchi Ustozi – bu ALLOH TAOLONING O‘ZI bo‘lsa,

“Alloh Odam (alayhis salom)ga barcha yaratilgan va yaratilajak narsalarga tegishli nomlarni o‘rgatdi”  (Qur’oni Karim Baqara surasi 2/31 oyat),

musulmonlarning insonlar ichida ENG Buyuk Ustozi – PAYG‘AMBARIMIZ MUHAMMAD ALAYHISSALOMDIRLAR !

Har bir inson zoti uchun esa ENG Birinchi Ustozi – uning OTA-ONASIDIR ! Zero uni tarbiyalashni hali bu dunyoga kelmasidan oldinroq boshlaydi. Tug‘ilishi bilanoq, to ota-onaning o‘zi bu dunyodan o‘tmaguncha, o‘z farzandiga mehribonlik qilib o‘tadi...

Shuning uchun ham o‘zining qadr-qimmatini bilgan, o‘zining kimligini tushunib yetgan har bir aql-zakovatli, fahm-farosatli odam «Ustozlar va murabbiylar» bayram kunida ham eng birinchi bo‘lib o‘zining doimiy peshqadamlari bo‘lmish o‘z ota-onasidan boshlab, ustoz va murabbiylarini ko‘ngillarini shod qilib, bebaho, betakror va beqiyos duolaridan bahramand bo‘lishga shoshiladi.   

Yangi o‘quv yili ham boshlanib, farzandlarimiz ulug‘ va muqaddas, mashaqqatli va sersavob ish bo‘lmish – ilm olishga kirishdilar...

Biz, ota-onalar, farzandlarimizni ulg‘ayishida, ilm olib, bilimli bo‘lishlarida ko‘p jihatlariga serqirrali e’tiborimizni berishimizda quyidagi purma’noli, sermazmunli tarafini ham e’tiborga olishimizni muqaddas dinimiz amr-farmon qilib buyuradi.

Kalomulloh Qur’oni Karimning oyati muboraklariga va Janobi Payg‘ambarimizning muborak hadisi shariflariga binoan «ustoz»ning maqomini mutafakkirlarning mutafakkiri Miralisher Navoiy hazratlari quyidagicha tavsiflaganlar:

“Haq yo‘linda kim sanga bir harf o‘rgatmish ranj ila,

Aylamoq kerak oning haqqin yuz ming ganj ila”.

 

Shunchalik ulug‘ (!) darajaga ustozning mavqei ko‘tarilgan.

“Ustoz” deganda faqat ma’lum bir sohada yoki faqat ilm sohasida emas, balki ilm-fanning barcha turlarida, kasb-hunar sohalarida ham o‘rgatuvchini biz USTOZ deb tushunishimiz lozim!

Shuning uchun ham bizning dono xalqimiz hurmat va ehtirom ila e’zozlab «Ustoz» deb ulug‘laydi.

Kunlardan bir kuni hazrat Navoiy

Sayr aylamakni qildi ixtiyor.

Mulozimlar ila chiqdilar yo‘lga

Va kichik bolaga keldilar duchor.

O‘shanda Navoiy  otidan tushib,

O‘sha yosh bolaga qilibdi ta’zim.

Mulozimlar hayron, a’yonlari lol 

Bunday uchrashuvdan qolibdilar jim.

Bir a’yon qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib,

So‘rabdi: «Hazratim. Bu qandayin hol?

Siz bolaga emas, balki u sizga qilib ta’zim,

Salom berishi dushvor!»

Navoiy debdiki: “Myen ko‘rgan bola

Ustozim  bolaning bobosi edi.

Olislarda qolib ketgan damlarning

Uzoqlardan kelgan sadosi edi…

Ustozim men uchun otadan ulug‘!

Shuningchun bolaga qildim men ta’zim.

Ustozimdan qolgan nevarasiga

Salom bermasligim  gunohu azim!

Dono xalqimiz o‘z maqollarida ham “Ustoz otadek ulug‘!” va “Ustoz otangdan ulug‘!” deb aytishlarida ham juda ko‘p ma’nolar bor. Zero bu ulug‘ hikmatlar elning ellik ming elagidan o‘tkazilib, keyin muomalaga qo‘yilgan.

Iloho o‘zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Alloh taolo Qur’oni Karimda buyurgan, Janobi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam muborak hadisi shariflarida tavsiya etgan, o‘tmishda o‘tganlarimizning ruhlari shod bo‘ladigan, xalqimiz xursand bo‘ladigan, ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin!

 

Ibrohimjon domla Inomov

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Chin usta qoldimi? (qidiryapman)

10.08.2026   1142   8 min.
Chin usta qoldimi? (qidiryapman)

Bugunning gapi

“Uch xonali xonadonimni ta’mirlatish uchun ikki oy muddatga kelishib usta tushirgandim, olti oyda zo‘rg‘a chala-chulpa qilib ishini tugatdi...”
 

“Ustalar nega bunaqa-a? Uyini ta’mirlatib, ustalardan roziman, degan odamni uchratmadim...”
 

 “Ko‘pchiligi odamga firib beradi: ishni vaqtida bajarmaydi, ta’mir ishlari tugagach, boshida kelishilgan narxdan ikki barobar ko‘p mablag‘ so‘raydi...”
 

Yuqoridagi gaplar – uyini, xonadonini ta’mirlatib, ustalardan kuygan kishilarning dod-faryodlari.


Bugungi kunda jamiyatda ayrim ustalarning o‘z ishini vijdonan bajarmasligi, sifatsiz materiallar ishlatishi, vaqtni cho‘zishi yoki turli nayranglar bilan buyurtmachini aldashi, afsuski, ko‘pchilikni tashvishga solish barobarida shu kasb egalariga nisbatan ishonchning susayishiga yoki butunlay yo‘qolishiga olib kelyapti.


Yaxshi niyatda uyini, xonadonini ta’mirlatmoqchi bo‘lgan kishi usta ishlatgan tanishlaridan so‘rab-surishtirishi tayin. Yaqinda men ham xonadonimni ta’mirlatmoqchi bo‘lib usta izladim. Tanish-bilishlardan, do‘stlarimdan so‘rasam, yarmidan ko‘pi ustalardan nolidi. Bu holat nafaqat moliyaviy zarar, ayni paytda insonlar o‘rtasidagi ishonchning yo‘qolishiga ham sabab bo‘lmyaptimi?!


Islom ta’limotida halol mehnat, omonatdorlik va rostgo‘ylik yuksak fazilat ekani ta’kidlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Darhaqiqat, Alloh omonatni o‘z egalariga topshirishingiz va odamlar o‘rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyurar. Albatta, Alloh sizlarga yaxshigina nasihat qilur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi Zotdir” (Niso surasi, 58-oyat).


Ustalik – yaxshi kasb. Usta omonatdor bo‘lsa, odamlarning hojatini ravo qiladi, ko‘pga foydasi tegadi. Buyurtmachi o‘z molini, mablag‘ini ustaga ishonib topshiradi. Usta shu ishonchni oqlashi, ishni puxta va vijdonan bajarishi shart.


Uy – insonning boshpanasi. Uning har bir g‘ishti ezgu niyat bilan qo‘yiladi, har bir devori umid bilan ko‘tariladi. Ammo, afsuski, ba’zan ayrim ustalar imorat qurish yoki ta’mirlashda nayrang qiladilar. Usta tashqi tomondan devorni silliq suvaydi, ammo ichidagi yoriqlarni berkitadi. Bo‘yoqning yaltirog‘i ko‘zni quvnatadi, lekin ortidagi nuqson vaqt o‘tishi bilan ko‘zga tashlanadi.


Yangi ta’mirlangan xonadondan hali bo‘yoq hidi ketmay turib shiftda yoriqlar paydo bo‘ladi, eshiklar qiyshayib qoladi, pol esa g‘ichirlab imorat egasining asabini buzadi. Buyurtmachi ustaga bergan mablag‘iga ichi achiydi.


Ba’zi ustalar sifatli qurilish materiali olish uchun berilgan pulga arzon mahsulot sotib oladi. Qolgan mablag‘ni esa “mehnat haqim” deb o‘maradi. Sementga qumni ortiqcha qo‘shadi, temir yoki armaturani ingichkarog‘iga almashtiradi, mis simlar o‘rniga alyuminini tortadi.


Yana shunday ustalar ham borki, bir haftada tugatishga kelishilgan ishni bir oygacha cho‘zadi. Bahona ham tayyor: “Material kelmadi”, “Yordamchim betob bo‘lib qoldi”, “Ertaga tugatib beramiz” va hokazo.


Eng yomoni, ustaning qo‘lidan chiqqan uy bir yil o‘tar-o‘tmas yana ta’mirga muhtoj bo‘lib qoladi. Bu hunar emas, hiyladir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim bizni aldasa, bizdan emas”, deganlar (Imom Muslim rivoyati). Bu hadis har qanday sohadagi firibgarlikni qamrab oladi. Agar usta arzon yoki sifatsiz materialni qimmatbaho deb ko‘rsatsa, ishni ataylab chala bajarsa yoki keyin yana ta’mirga muhtoj bo‘ladigan qilib ishlasa, bu aldamchilikdan, firibgarlikdan boshqa narsa emas. Afsuski, bugun ko‘pchilik ustalar hiyla va nayrangni kasb qilib olganlar. Buning oqibatida na o‘zlari baraka topadilar, na buyurtmachi ularga bergan mablag‘iga rozi bo‘ladi.


Haqiqiy usta, o‘z ishini vijdonan qiladigan kishi boshqacha bo‘ladi. U har bir ishini bekamu ko‘st bajaradi. Chunki u odamlardan yashirgan nuqsonni, albatta, Alloh taolo ko‘rib, bilib turishini yaxshi anglaydi. Unday ustalar o‘zlariga Alloh taoloning: “Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara surasi, 195) oyatini hamda Nabiy alayhissalomning: “Alloh taolo o‘z ishini chiroyli, puxta qiladigan kishini yaxshi ko‘radi” (Imom Tabaroniy rivoyati), degan muborak hadislarini o‘zlariga shior qilib olgan bo‘ladilar. Lekin, afsuski, hozir bunday ustalarni topish amrimahol. Borlari ham “qo‘lma-qo‘l”.


Omonatdor ustalar qurgan uylar, yillar o‘tsa ham, yaxshilik bilan eslanadi. Ularning haqlariga xayrli duolar qilinadi. Birgina misol, bizning Sangijumon qishlog‘imizdagi ko‘p uylarni pachirlik usta Turdimurod bobo (Alloh makonini jannat qilsin!) qurgan. O‘sha paytlarda (1960–1990 yillar) vassajuft qilingan shiftlarga ustaning imoratni qurib bitirgan sanasini bitish an’ana bo‘lgan. Har safar qishloqqa borib uyga kirsam, usta boboning “imzosi”ga ko‘zib tushadi va Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilib, u kishining ruhlariga bag‘ishlayman.


Bugun ba’zi ustalarning ishni kelishilgan muddatda tugatmasligi; sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanishi; narxni asossiz oshirishi; kamchiliklarni yashirishi; bir necha oy o‘tib yana ta’mir qilishga majbur bo‘ladigan darajada ish tutishi katta gunohdir. Bunday xatti-harakatlar oqibatida buyurtmachi moddiy zarar ko‘radi, asabiylashadi, vaqt yo‘qotadi va eng achinarlisi, odamlar o‘rtasidagi ishonch susayadi.


Halol rizqning barakasi uning ko‘pligida emas, balki pokligidadir. Aldamchilik bilan, hiyla-nayrang ishlatib topilgan mablag‘ foyda bo‘lib ko‘rinsa-da, unda baraka bo‘lmaydi. Shuning uchun har bir usta o‘z qo‘li bilan topayotgan rizqining halolligi haqida o‘ylashi, har bir mix, har bir g‘isht, har bir sim yoki har bir ta’mir uchun qiyomat kuni hisob berilishini unutmasligi kerak.


Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh:

  •  Men ham (har bir shaxs) jamiyatning a’zosiman. Uy qurmoqchiman, lekin quruvchilik qo‘limdan kelmaydi. Demak, ustaga ehtiyojim bor. Uning oldiga borib, uy qurmoqchiman, shartnoma tuzaylik, deyman. Ustalar kasbi ortidan rizq topadi. Ular bilan kelishib, bugungi naxr bo‘yicha muayyan summa belgilanadi. Muddati va sifat ko‘rsatkichlari kelishib olinadi. Hozirga kunda, Alloh biluvchiroq, ustaman deganlarning 70 foizi aldamchi, nayrangboz, hiylakor: kelishilgan kunda belgilangan manzilga yetib kelmaydi, ishga kech kelib, erta ketadi, vazifasini puxta bajarmaydi, ishini bitirmasdan oldin pul so‘raydi. Takasaltang, taralla-bedod qilib yuradi. Uyning egasi ham xijolatda qoladi. Aksariyati shunaqa. Bunday ustalarga kim ishonadi? Ularga kim ish beradi? Bunday toifalar o‘ziga o‘zi qiladi, ular omadsizlikni o‘zlariga chorlab oladilar.


O‘ttiz foiz haqiqiy ustalar bor. Ular o‘z kasbi bilan faxrlanadi. Guruhlari bor, shogirdlari, ustozlari bor. Hammasini qoyillatib, asbob-anjomlarini chiroyli qilib qo‘yishgan. Shartnopmani tuzadi, vaqtida ishga keladi, belgilangan muddatda qurilishni yoki ta’mir ishlarini tugatadi, ish haqini olib ketadi. Buyurtmachi ham rozi, usta ham rozi. Bunday kishilarning ishida unum, baraka bo‘ladi. Topgan pullari barakali bo‘ladi.


Haqiqiy usta faqat qurilish yoki ta’mirlashni emas, balki odamlarning ishonchini ham qozonadi. Vijdon bilan qilingan har bir ish ibodatga aylanadi. Aldamchilik va nayrang bilan bajarilgan ish esa vaqtinchalik foyda keltirsa ham, dunyoda obro‘ni to‘kadi, rizq qiyilishiga sabab bo‘ladi, oxiratda esa javobgarlikni keltiradi.

 

Tolibjon NIZOM

Maqolalar