Cavol: Do‘stimning ko‘zi ojiz. Unga ayoli tahorat qildirib qo‘yadi. Do‘stim ba’zida ayniqsa, sahar vaqtida ayolimni bezovta qilib uyg‘otgim kelmaydi. Uni uyg‘otmasdan tayammum qilib olsam, bo‘ladimi, deb so‘radi. Shunday qilsa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Tayammum qilish uchun bir qancha shartlar bilan ruxsat beriladi. Shulardan biri tahorat qilishga yordam beradigan shaxs bo‘lmasa, tayammum qilishi mumkin. Agar ayoli kabi tahorat qilishga yordam beradigan shaxs bo‘lsa, tayammum qila olmaydi, balki tahorat oladi. Do‘stingiz ham uyalmasdan ayolini uyg‘otsin va ayoli tahorat qildirishga yordamlashsin. Bu uchun ayoli ko‘plab ajru savoblarga ega bo‘ladi. Qolaversa, qiblani aniqlab berish, namoz o‘qish uchun pok joy topib berish ham kerak. Bu haqda fiqhiy manbalarda ham javob berilgan. Jumladan, “Fatovoi Olamgiriya” kitobida bunday deyilgan:
أوكان لا يجد من يوضئه ولا يقدر بنفسه فإن وجد خادما أو ما يستأجر به أجيرا أو عنده من لو استعان به أعانه فعلى ظاهر المذهب أنه لا يتيمم؛ لأنه قادر. كذا في فتح القدير
“Tahorat qildirib qo‘yadigan kishi topa olmagan va o‘zi ham tahorat qilishga qodir bo‘lmagan kishi tayammum qilsa bo‘ladi. Agar biror xizmatchi yoki ishchi yollasa yoki yonida yordam so‘rasa, yordam beradigan odami bo‘lsa, mazhabdagi zohir gapga ko‘ra bunday kishi tayammmum qilmaydi. Chunki u tahorat qilishga qodir hisoblanadi. “Fathul qadir”da shunday kelgan”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishi doirasida ulug‘ mutafakkir, tasavvuf olimi Sayyid Yahyo Bokuviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.
Ushbu nufuzli tadbirda Turkiy davlatlar tashkiloti, Butunjahon musulmon donishmandlar kengashi, IRCICA, ICESCO, Al-Azhar ulamolar kengashi vakillari hamda yetuk sharqshunos va islomshunos olimlar ishtirok etmoqda.
Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ma’ruza qildilar.
Muftiy hazratlari Sayyid Yahyo Bokuviyning tasavvuf tarixidagi maqomi va uning ta’limoti haqida to‘xtaldilar. Shuningdek, nutqda alloma nafaqat tasavvuf, balki diniy ilmlar, tabiiy va aniq fanlarni egallagan qomusiy olim bo‘lgani, o‘ttizga yaqin asarlari inson nafsini tarbiyalashda muhim qo‘llanma ekani ta’kidlandi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karim va hadisi shariflarga tayangan holda qalb salomatligi va pokligi inson hayotining bosh mezoni ekanini bayon etib, turkiy xalqlarni bog‘lab turgan umumma’naviy ildizlarga alohida urg‘u berdilar:
«Hazrat Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband va Sayyid Yahyo Bokuviy kabi buyuk zotlar ilgari surgan nafs tarbiyasi, insonparvarlik va yuksak axloq g‘oyalari bugun ham qardosh xalqlarimizni birlashtirib turuvchi mustahkam ma’naviy ko‘prikdir. Bunday ulug‘ siymolar merosini hamkorlikda o‘rganish xalqlarimizning ma’naviy birligini mustahkamlash va yoshlarimizni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi».
Uch kunlik anjuman davomida O‘zbekiston ilmiy jamoatchiligi ham ma’ruzalar bilan ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati