Bismillahir Rohmanir Rohiym
Sut aynisa qaymoqqa aylanadi. Qaymoqning qiymati sutdan baland.
Qaymoq achisa pishloq bo‘ladi. Pishloqning qiymati esa, qaymoqdan ham yuqori.
Uzumning sharbati achisa nabiyzga aylanadi. Nabiyz uzumning sharbatidan qimmat turadi.
Siz xato qilganingiz sababli yomon odam bo‘lib qolmaysiz. Aksincha, xatolar sizni shaxs sifatida qiymatingiz ortishiga olib boruvchi tajribalardir.
Xristofor Kolumbning dengizda yo‘nalishni tanlashda xatoga yo‘l qo‘yishi Amerikani kashf etilishiga sabab bo‘ldi.
Aleksandr Flemingning xatosi esa, tibbiyotda eng muhim antibiotik vosita sanalmish penitsillinni kashf bo‘lishiga olib keldi.
Ish davomida yo‘l qo‘ygan xatolaringiz sizni noumidlik va tushkunlikka solmasin. Faqatgina urunishning o‘zigina muvaffaqiyatlarga erishtirmaydi, balki urunishlar asnosida yo‘l qo‘yilgan xatolardan ko‘plab tajriba hosil bo‘ladi.
Bas, xato qilishdan hech qachon qo‘rqmang. Sizni katta ishlar kutmoqda, olg‘a qadam tashlashda davom eting.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
Sayyor yig‘ilish
Bir kishiga ko‘maklashsangiz, u qanchalik shod bo‘ladi.
Endi bir emas, o‘n emas, yuzdan ziyod oilaga ham ma’naviy, ham ma’rifiy, ham moddiy ko‘mak berilsa, qancha kishining ko‘ngli ko‘tarilishini, sizni alqashini tasavvur qilib ko‘ring-a.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida poytaxtimizning Yangi hayot tumanidagi «Niyozmat ota» jome masjidida ma’naviy-ma’rifiy sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari Ergashali domla Rustamov, Toshkent shahar tumanlari bosh imomlari, imom-domlalar, «Haj 2026» ishtirokchilari qatnashdilar.
Tumandagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish maqsadida mahallalarga tashrif buyurildi. Adashib aqidasi buzuq turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan shaxslar, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan ham suhbatlar olib borildi.
Katta hayot tajribasiga ega hoji otalar, hoji onalar imom-xatiblar, otinoyilar bilan birgalikda olib borgan ma’rifiy targ‘ibotlari o‘z samarasini berdi: yuzdan ziyod xonadonga ham ma’naviy, ham moddiy yordam ko‘rsatildi.
* * *
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov Yangi hayot tumanidagi mahallalarga tashrif buyurib, u yerdagi bir qancha xonadonlarga kirib, xonadon egalarining qalblariga xursandchilik ulashdilar.
Quvonarlisi, yangi o‘quv yili arafasida homiylarni jalb qilgan holda 30 ta haqdor xonadon sohiblari farzandlariga sumka, o‘quv qurollari hadya etildi.
Yuzdan ziyod xonadon egalarining ko‘ngli ko‘tarilib, ular ezgu ishlarning boshida turgan barcha aziz insonlarning haqlariga xayrli duolar qilishdi.
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati