Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Sentabr, 2026   |   19 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:00
Quyosh
06:18
Peshin
12:13
Asr
16:21
Shom
18:11
Xufton
19:25
Bismillah
30 Sentabr, 2026, 19 Rabi`us soni, 1448

03.04.2024   204   1 min.
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

ROSTGO‘YLIK – FAZILAT, YOLG‘ONCHILIK – ILLAT

29.09.2026   7268   4 min.
ROSTGO‘YLIK – FAZILAT, YOLG‘ONCHILIK – ILLAT

Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir. Insonlar o‘rtasida o‘zaro ishonch, adolat, hurmat va hamjihatlik qaror topishi ko‘p jihatdan har bir shaxsning halollik va rostgo‘ylik tamoyillariga qay darajada amal qilishiga bog‘liq. Shu ma’noda, bu ikki xislat nafaqat shaxsiy xulq-atvor me’yori, balki oila va jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantiruvchi muhim omil hisoblanadi.


Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.


Halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy boyligini, yuksak axloqiy fazilati va komillikka intilishini namoyon etuvchi muhim mezonlar hisoblanadi. Bunday inson so‘zi va amalida haqiqatga sodiq bo‘ladi, har qanday vaziyatda ham adolat va vijdoniylik tamoyillariga rioya etishga harakat qiladi. Shu bilan atrofdagilarning ishonch va hurmatini ham qozonadi.


Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan.


Alloh taolo Nahl surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: «Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir».


Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir.


Aslida, yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni Afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.


Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar.


Abdulloh (ibn Mas’ud) roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida «siddiq» (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida «kazzob» (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi», dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati).


No‘mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: «Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi…» (Imom Buxoriy rivoyati).


Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga intiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga, jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlaydi.


Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi. 


Yo‘ldoshxon ISAYEV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Manba: «Zarafshon» gazetasi 2026 yil 19-sentabr, №82 (24.262)

Maqolalar