O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi "Sayyid Bahromxon" jome masjidi imom-xatibi O‘ral domla Alimovning padari buzrukvorlarining vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan O‘ral domla Alimovga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati tomonidan aholi bilan o‘tkazilayotgan ochiq muloqotlar fuqarolar masalalarini joyida va ijobiy hal etishda muhim omil bo‘lmoqda.
Xususan, bugun, 9 sentyabr kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazdi.
Unda masjidlar ochilishi, diniy ta’lim, xayriya, ishga joylashish, oilaviy va uy-joy masalalari hamda moddiy yordam so‘rab qilingan murojaatlar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Muloqotlar jarayonida oilaviy masalalar yuzasidan shar’iy yechim va zarur maslahatlar berilgan bo‘lsa, moddiy ko‘makka muhtoj yurtdoshlarimizga belgilangan tartibda amaliy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, boshqa masalalar ham vakolat doirasida ko‘rib chiqilib, mas’ullar tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar olishdi.
Bu kabi qabullar aholining diniy va ijtimoiy muammolarini tezkor hamda manzilli hal etishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati