Narpay tumani markaziy masjidi hisoblangan “Naqshbandiy” jome masjidining yangi binosi qurilishiga dastlabki g‘isht qo‘yildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda oqsoqollar, imomlar, ziyoli va mas’ullar ishtirok etdi.
Marosimda so‘z olgan Samarqand viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrulla domla Sattorov va tuman hokimi Sherbek Buranov masjid qurishning foydalari, katta savobligi, uning homiylar va hashar yo‘li bilan barpo etilayotgani tahsinga loyiqligini ta’kidladi.
Xayrli ishni boshlashdan oldin Qur’oni karim tilovat qilinib, ezgu amallar bardavom bo‘lishi, elu yurtga omonlik va farovonlik so‘rab, duoga qo‘l ochildi.
Ma’lumot o‘rnida ushbu yangi masjid ikki qavatdan iborat bo‘lib, jami 5 000 namozxonni o‘z bag‘riga oladi. Uning qurilish ishlari 2026 yilga qadar yakunlanishi mo‘ljallangan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
Matbuot xizmati