Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Avgust, 2026   |   29 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:59
Quyosh
05:29
Peshin
12:28
Asr
17:23
Shom
19:31
Xufton
20:58
Bismillah
12 Avgust, 2026, 29 Safar, 1448
Maqolalar

Islom yovuzlikka qarshi

07.10.2024   9234   10 min.
Islom yovuzlikka qarshi

Islom omonlik dinidir. Insonlar dinimiz ko‘rsatmalariga amal qilmas ekan, xavfsizlik, xotirjamlikka erishib bo‘lmaydi. Chunki, Islomda jonni o‘ldirish, o‘zganing mulkiga tajovuz qilish va botil yo‘l bilan molu mulkka ega bo‘lish harom qilingan. Muborak dinimiz ta’limotlarida biron kishiga zulm va zo‘ravonlik qilish u yoqda tursin, musulmonni hatto qo‘rqitishdan ham qaytarilgan.

Abu Laylo Ansoriydan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir g‘azotga chiqqanlarida u zotning sahobalaridan biri hazillashib, bir kishining o‘qdonini berkitib qo‘ydi. Egasi uni izlab, topa olmay, xavfga tushdi. Uning ustidan kula boshlashgan edi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam chiqib: Nimaga kulyapsizlar? dedilar. Hazillashib, falonchining o‘qdonini berkitib qo‘ygan edik, qo‘rqib ketdi. Shunga kulyapmiz, deyishdi. U zot: Musulmonni qo‘rqitish musulmonga halol emas, dedilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kuni shunday dedilar: “Allohga qasam, mo‘min bo‘lmaydi, mo‘min bo‘lmaydi, mo‘min bo‘lmaydi”. Sahobalar “Kim, ey Allohning Rasuli?” deb so‘raganlarida, u zot sollallohu alayhi vaallam: “Qo‘shnisi uning yomonliklaridan omon bo‘lmagan kishi”, dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyati.

Qo‘shnisiga ozor berib, yomonlik qiladigan kishining imoni mukammal bo‘lmasligini qayta qayta ta’kidlagan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam islomning mohiyati, uni tinchlik va xotirjamlik dini ekaniga yana bir bor e’tiborimizni qaratdilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmon birordariga qurol uqtalganni la’natladilar. Iymon keltirmas va bir-birimizni yaxshi ko‘rmas ekanmiz jannatni umid qilmasligimizni ta’kidladilar. Kishilar orasida bir biriga nisbatan muhabbatning paydo bo‘lishi esa salomlashish orqali bo‘lishini uqtirdilar. Chunki salomlashishda omonlik, tinchlik tilash borligi jamiyatda bag‘rikenglik hissiyotini paydo qiladi.  Bu esa islomning ulug‘ odatlaridandir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yana bir muborak hadislarida: “Musulmon – musulmonlar uning tilidan va qo‘lidan omon qolgan kishidir”, dedilar. Buxoriy va Muslim rivoyati.

Musulmonlarga ozor bermagan, ularga tili va qo‘li bilan zarar yetkazmagan odam afzal musulmon bo‘ladi. “Islom”, “musulmon” so‘zlari “salomatlik”, “tinchlik” ma’nolarini ifoda etadi. Shuning uchun musulmon–o‘zga odamlar uning yomonliklaridan tinch va salomat bo‘lgan shaxs, deyilmoqda. 

“Tilidan va qo‘lidan” deyilganda faqat shu ikki a’zo ko‘zda tutilgan emas. Odatda, odamlarga ko‘pincha til va qo‘ldan zarar, ozor yetadi. Ammo bundan boshqa uslub va yo‘llar bilan ham ozor berish yaxshi emas. Kim bu ishni qilsa, musulmonlik fazlini yo‘qotadi. 

Islom dini nafaqat musulmonlar, balki butun insoniyatga, hatto nabotot va hayvonotga, qo‘yingki, barcha mavjudotga rahm-shafqatli va mehribon bo‘lishga chaqiradi. Zo‘ravonlik, qo‘poruvchilik va tajovuzkorlikni qoralaydi, hech qachon oqlagan emas va oqlamaydi ham. Islom dini yovuzlikka qarshi kurashda ham adolat va insonparvarlik me’yorlaridan tashqari chiqmaslikka buyuradi. Din va millatidan qat’i nazar, tinch, osuda yashayotgan xalqlarga nisbatan tajovuzkorlik qilmaslikka, ularga nisbatan bag‘rikenglikka undaydi. Islom  dini o‘zga din vakillari bilan hamjihatlikda va ular bilan go‘zal uslubda munozara qilishga buyuradi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “(Ey, mo‘minlar!) Sizlar ahli kitoblar bilan faqat eng chiroyli uslubda munozara qilingiz, illo ularning orasidagi zulm (tajovuz) qilganlar bundan mustasnodirlar” (Ankabut surasi, 46-oyat).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam  bu haqida: “Kimki (tinchlik bo‘yicha) ahdlashgan (g‘ayridinni) o‘ldirsa, jannat hidini hidlamaydi va uning hidi qirq yillik masofadan mavjuddir”, dedilar. Imom Buxoriy rivoyat qilgan.

U zot: “Kimki ahd qilganga zulm qilsa yoki uni kamsitsa, yoki unga qo‘lidan kelmaydigan narsalarni yuklasa yoki roziligisiz undan biror narsa olsa, men qiyomat kuni uning hujjatini so‘rayman, xusumatlashaman”, dedilar. (Abu Dovud rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makka fathi kuni uning ahliga rahm-shafqat qilganlarida, ularga nima orqali xavfsiz bo‘lishlarini aytdilar: "Kim Abu Sufyonning uyiga kirsa, u xavfsiz bo‘ladi, kim qurolni tashlasa, u xavfsiz, kim masjidga kirsa, u xavfsizdir". Muslim rivoyat qilgan.

Bu holat ham islom tinchlikni mo‘minu kofirlarga birdek ravo ko‘rishiga dalolat qiladi.

Tinchlik islomda mana shunday qadrlanadi. Uning hatto rizqdan ham afzal ekanligi qayd etiladi.  Oyati karimada shunday deyilgan:

“Esla, vaqtiki, Ibrohim: “Robbim, buni omonlik yurti qilgin va ahlidan Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirganlarini mevalar ila rizqlantirgin”, – dedi. (Ibrohim surasi, 128-oyat)

Ibrohim alayhissalom avval yurtini omonlik diyori qilishini va shundan so‘ng imonlilarni rizqlantirishini so‘raganlar. Chunki, tinchlik bo‘lsa rizq, baraka bo‘ladi. Notinchlik payti kishining tomog‘idan taom o‘tmaydi. Yegan-ichganida lazzat bo‘lmaydi.

Ibodat ham tinchlik soyasida amalga oshirilganda mukammal bo‘ladi. Alloh taolo xavf soya solib turganda namozni ruknlarini to‘liq qilmasdan o‘qishga ruxsat berib, shunday deydi:

“Agar xavfda qolsangiz, piyoda va ulovda holingizda. Omonlikda bo‘lganingizda Allohni U Zot sizga bilmagan narsangizni o‘rgatganidek zikr qiling”. (Baqara surasi, 239-oyat) 

Oyatning “Agar xavfda qolsangiz” degan jumlasida urush, dushman xavfi nazarda tutilgandir. Agar shunday hol yuzaga kelsa, yurgan yoki mingan holingizda ham namozni o‘qing, ruku’-sajdasiz, hatto qiblani aniqlamay o‘qisa bo‘ladi. O‘z oyog‘ingiz bilan yurib ham, mingan ulovingiz ustida turib ham namoz o‘qing. Xavf ko‘tarilib, xotirjam bo‘lingach, namozlar avvalda Alloh ta’lim bergani kabi barcha ruknlariga rioya etgan holda to‘kis ado etiladi. 

Hudaybiya sulhini eslaylik. Ushbu sulhda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makka ahli bilan o‘n yil mobaynida urushmaslikka kelishib oldilar.  Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Hudaybiyaga borganlarida, u zot bilan birga bir ming besh yuz sahoba hamroh edi. Tinchlikda hayot kechirgan musulmonlarning soni oshib, sulhdan so‘ng ikki yildan ziyodroq vaqt o‘tgach Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘n minglab musulmonlar bilan Makkaga kirib kelishdi. Tinchlikning ahamiyati mana shunday edi.

Salama ibn Ubaydulloh ibn Mihson al-Ansoriy otalaridan rivoyat qiladi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: 

Kimki o‘z uyida omonlikda, jasadi salomatlikda, kunlik taomi huzurida holda tong ottirsa, xuddi unga butun dunyo jamlangandek bo‘ladi”, dedilar”. 

Bu dunyoda insonning eng yaxshi holati mana shu uch narsaga ega bo‘lgan holati ekan. Shunga erishgan odam ahvolim nihoyatda yaxshi, deb shukr qilib yursa bo‘ladi. Kishining uyiga, oilasi, bola-chaqasiga birov xavf solmasa, tinch-xotirjam bo‘lsa, sog‘-salomat bo‘lsa, dardi yo‘q bo‘lsa, yeydigan taomi bor odam nihoyatda ulug‘ bir baxt-saodatga erishgan bo‘lar ekan. Biz buni juda chuqur tushunib yetishimiz kerak. Mazkur holatning o‘zimizda bo‘lishi Allohning ulkan ne’mati ekanini anglab yetishimiz va unga shukrni o‘rniga qo‘yishimiz lozim. Agar bunday qilmasak, noshukr bo‘lamiz.

Qur’oni karimda bunday deyiladi: “Alloh bir shaharni misol keltirur: u tinch, sokin (shahar) edi, har tomondan rizqi kengu mo‘l kelib turar edi. Bas, u (aholisi) Allohning ne’matiga noshukrlik qilgach, Alloh unga (aholisiga) bu “hunarlari” sababli ochlik va xavf libosi (balosi)ni tortib qo‘ydi” (Nahl surasi, 112). Ulamolar oyatdagi: “ochlik va xavf libosi (balosi) ni noshukrliklari sabab ochlik va xavf biriktirilib qo‘yildi, deb tafsir qilishgan.

Islomning asl manbalari bo‘lmish Qur’oni karim va hadisi shariflarda tinchlik va bag‘rikenglik haqida ko‘plab ishoralar bor. Ushbu maqolamizda ulardan ayrimlarini keltirish bilan cheklandik.

Tinchlik degan bebaho ne’matning qadr-qimmati va ahamiyati tobora ortib borayotgan hozirgi murakkab va tahlikali zamonda Islom dinining tinchlikni targ‘ib qiluvchi ta’limotlarini keng yoyish muhimdir. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbaridan turib tinchlikning qadri, uni asrash haqida gapirib, bu yo‘nalishda diyorimizdan yetishib chiqqan mutafakkirlarning ilmiy meroslarni keng targ‘ib etish maqsadga muvofiqligini ta’kidlagan edi. Xususan, davlatimiz rahbari 2023 yil 19 sentyabr kuni BMTning 78-sessiyasida: “Diyorimiz jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan, islomni ilm-ma’rifat va tinchlik dini sifatida namoyon etgan al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy singari ulug‘ alloma va mutafakkirlar vatani ekani bilan haqli ravishda faxrlanamiz”, deya ta’kidladilar.

Darhaqiqat, Hazrat Navoiy g‘azallaridan birida:

Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanlig‘,

Yor o‘lung bir-biringizgaki, erur yorlig‘ ish.

deya xitob qilgan. Bu butun dunyo ahliga ulug‘ donishmandning xitobidir. Hayoti davomida turli xil holatlarga ko‘p guvoh bo‘lgan insonning hayotiy kuzatish­lari asosida kelgan xulosasi, desak xato bo‘lmaydi.

Bugun dunyo ahli bu xitobga rioya qilishga juda muhtoj.

Yurtboshimiz buyuk olimlarimizning boy merosini o‘rganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024 yil O‘zbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusini ilgari surdilar.

Ana shu ezgu tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 19 avgustdagi “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida ham o‘z ifodasini topgan bo‘lib, unga ko‘ra, 2024 yil oktyabr oyida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida yurtimizda xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkaziladi. Ayni kunlarda mazkur anjumanni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha katta tayyorgarlik ko‘rilyapti.

Bu kabi nufuzli va butun dunyo xalqlari uchun manfaatli bo‘lgan anjumannning diyorimizda o‘tkazilishida inshaalloh ko‘plab xayr va barakalar bor. Imom Buxoriyning “Dunyoda ilmdan boshqa najot yo‘q va hech qachon bo‘lmagay” degan purma’no hikmatli so‘zlari ostida naqadar ulkan ta’limotlar bor. Yer yuzida tinchlik va xotirjamlikning barqaror topishida islom dini ta’limotlari va buyuk ajodlarimizning ilmiy meroslaridan unumli foydalanish ayni muddaodir. Alloh taolo biz bandalarga makon qilib bergan yer kurrasida tinchlik va osoyishtalikni bardavom qilsin. Bu yo‘lda jiddu jahd qilayotgan barchani ajru savoblar bilan siylasin.   

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

Zayniddin domla Eshonqulov 

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Chin usta qoldimi? (qidiryapman)

10.08.2026   7581   8 min.
Chin usta qoldimi? (qidiryapman)

Bugunning gapi

“Uch xonali xonadonimni ta’mirlatish uchun ikki oy muddatga kelishib usta tushirgandim, olti oyda zo‘rg‘a chala-chulpa qilib ishini tugatdi...”
 

“Ustalar nega bunaqa-a? Uyini ta’mirlatib, ustalardan roziman, degan odamni uchratmadim...”
 

 “Ko‘pchiligi odamga firib beradi: ishni vaqtida bajarmaydi, ta’mir ishlari tugagach, boshida kelishilgan narxdan ikki barobar ko‘p mablag‘ so‘raydi...”
 

Yuqoridagi gaplar – uyini, xonadonini ta’mirlatib, ustalardan kuygan kishilarning dod-faryodlari.


Bugungi kunda jamiyatda ayrim ustalarning o‘z ishini vijdonan bajarmasligi, sifatsiz materiallar ishlatishi, vaqtni cho‘zishi yoki turli nayranglar bilan buyurtmachini aldashi, afsuski, ko‘pchilikni tashvishga solish barobarida shu kasb egalariga nisbatan ishonchning susayishiga yoki butunlay yo‘qolishiga olib kelyapti.


Yaxshi niyatda uyini, xonadonini ta’mirlatmoqchi bo‘lgan kishi usta ishlatgan tanishlaridan so‘rab-surishtirishi tayin. Yaqinda men ham xonadonimni ta’mirlatmoqchi bo‘lib usta izladim. Tanish-bilishlardan, do‘stlarimdan so‘rasam, yarmidan ko‘pi ustalardan nolidi. Bu holat nafaqat moliyaviy zarar, ayni paytda insonlar o‘rtasidagi ishonchning yo‘qolishiga ham sabab bo‘lmyaptimi?!


Islom ta’limotida halol mehnat, omonatdorlik va rostgo‘ylik yuksak fazilat ekani ta’kidlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Darhaqiqat, Alloh omonatni o‘z egalariga topshirishingiz va odamlar o‘rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyurar. Albatta, Alloh sizlarga yaxshigina nasihat qilur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi Zotdir” (Niso surasi, 58-oyat).


Ustalik – yaxshi kasb. Usta omonatdor bo‘lsa, odamlarning hojatini ravo qiladi, ko‘pga foydasi tegadi. Buyurtmachi o‘z molini, mablag‘ini ustaga ishonib topshiradi. Usta shu ishonchni oqlashi, ishni puxta va vijdonan bajarishi shart.


Uy – insonning boshpanasi. Uning har bir g‘ishti ezgu niyat bilan qo‘yiladi, har bir devori umid bilan ko‘tariladi. Ammo, afsuski, ba’zan ayrim ustalar imorat qurish yoki ta’mirlashda nayrang qiladilar. Usta tashqi tomondan devorni silliq suvaydi, ammo ichidagi yoriqlarni berkitadi. Bo‘yoqning yaltirog‘i ko‘zni quvnatadi, lekin ortidagi nuqson vaqt o‘tishi bilan ko‘zga tashlanadi.


Yangi ta’mirlangan xonadondan hali bo‘yoq hidi ketmay turib shiftda yoriqlar paydo bo‘ladi, eshiklar qiyshayib qoladi, pol esa g‘ichirlab imorat egasining asabini buzadi. Buyurtmachi ustaga bergan mablag‘iga ichi achiydi.


Ba’zi ustalar sifatli qurilish materiali olish uchun berilgan pulga arzon mahsulot sotib oladi. Qolgan mablag‘ni esa “mehnat haqim” deb o‘maradi. Sementga qumni ortiqcha qo‘shadi, temir yoki armaturani ingichkarog‘iga almashtiradi, mis simlar o‘rniga alyuminini tortadi.


Yana shunday ustalar ham borki, bir haftada tugatishga kelishilgan ishni bir oygacha cho‘zadi. Bahona ham tayyor: “Material kelmadi”, “Yordamchim betob bo‘lib qoldi”, “Ertaga tugatib beramiz” va hokazo.


Eng yomoni, ustaning qo‘lidan chiqqan uy bir yil o‘tar-o‘tmas yana ta’mirga muhtoj bo‘lib qoladi. Bu hunar emas, hiyladir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim bizni aldasa, bizdan emas”, deganlar (Imom Muslim rivoyati). Bu hadis har qanday sohadagi firibgarlikni qamrab oladi. Agar usta arzon yoki sifatsiz materialni qimmatbaho deb ko‘rsatsa, ishni ataylab chala bajarsa yoki keyin yana ta’mirga muhtoj bo‘ladigan qilib ishlasa, bu aldamchilikdan, firibgarlikdan boshqa narsa emas. Afsuski, bugun ko‘pchilik ustalar hiyla va nayrangni kasb qilib olganlar. Buning oqibatida na o‘zlari baraka topadilar, na buyurtmachi ularga bergan mablag‘iga rozi bo‘ladi.


Haqiqiy usta, o‘z ishini vijdonan qiladigan kishi boshqacha bo‘ladi. U har bir ishini bekamu ko‘st bajaradi. Chunki u odamlardan yashirgan nuqsonni, albatta, Alloh taolo ko‘rib, bilib turishini yaxshi anglaydi. Unday ustalar o‘zlariga Alloh taoloning: “Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara surasi, 195) oyatini hamda Nabiy alayhissalomning: “Alloh taolo o‘z ishini chiroyli, puxta qiladigan kishini yaxshi ko‘radi” (Imom Tabaroniy rivoyati), degan muborak hadislarini o‘zlariga shior qilib olgan bo‘ladilar. Lekin, afsuski, hozir bunday ustalarni topish amrimahol. Borlari ham “qo‘lma-qo‘l”.


Omonatdor ustalar qurgan uylar, yillar o‘tsa ham, yaxshilik bilan eslanadi. Ularning haqlariga xayrli duolar qilinadi. Birgina misol, bizning Sangijumon qishlog‘imizdagi ko‘p uylarni pachirlik usta Turdimurod bobo (Alloh makonini jannat qilsin!) qurgan. O‘sha paytlarda (1960–1990 yillar) vassajuft qilingan shiftlarga ustaning imoratni qurib bitirgan sanasini bitish an’ana bo‘lgan. Har safar qishloqqa borib uyga kirsam, usta boboning “imzosi”ga ko‘zib tushadi va Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilib, u kishining ruhlariga bag‘ishlayman.


Bugun ba’zi ustalarning ishni kelishilgan muddatda tugatmasligi; sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanishi; narxni asossiz oshirishi; kamchiliklarni yashirishi; bir necha oy o‘tib yana ta’mir qilishga majbur bo‘ladigan darajada ish tutishi katta gunohdir. Bunday xatti-harakatlar oqibatida buyurtmachi moddiy zarar ko‘radi, asabiylashadi, vaqt yo‘qotadi va eng achinarlisi, odamlar o‘rtasidagi ishonch susayadi.


Halol rizqning barakasi uning ko‘pligida emas, balki pokligidadir. Aldamchilik bilan, hiyla-nayrang ishlatib topilgan mablag‘ foyda bo‘lib ko‘rinsa-da, unda baraka bo‘lmaydi. Shuning uchun har bir usta o‘z qo‘li bilan topayotgan rizqining halolligi haqida o‘ylashi, har bir mix, har bir g‘isht, har bir sim yoki har bir ta’mir uchun qiyomat kuni hisob berilishini unutmasligi kerak.


Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh:

  •  Men ham (har bir shaxs) jamiyatning a’zosiman. Uy qurmoqchiman, lekin quruvchilik qo‘limdan kelmaydi. Demak, ustaga ehtiyojim bor. Uning oldiga borib, uy qurmoqchiman, shartnoma tuzaylik, deyman. Ustalar kasbi ortidan rizq topadi. Ular bilan kelishib, bugungi naxr bo‘yicha muayyan summa belgilanadi. Muddati va sifat ko‘rsatkichlari kelishib olinadi. Hozirga kunda, Alloh biluvchiroq, ustaman deganlarning 70 foizi aldamchi, nayrangboz, hiylakor: kelishilgan kunda belgilangan manzilga yetib kelmaydi, ishga kech kelib, erta ketadi, vazifasini puxta bajarmaydi, ishini bitirmasdan oldin pul so‘raydi. Takasaltang, taralla-bedod qilib yuradi. Uyning egasi ham xijolatda qoladi. Aksariyati shunaqa. Bunday ustalarga kim ishonadi? Ularga kim ish beradi? Bunday toifalar o‘ziga o‘zi qiladi, ular omadsizlikni o‘zlariga chorlab oladilar.


O‘ttiz foiz haqiqiy ustalar bor. Ular o‘z kasbi bilan faxrlanadi. Guruhlari bor, shogirdlari, ustozlari bor. Hammasini qoyillatib, asbob-anjomlarini chiroyli qilib qo‘yishgan. Shartnopmani tuzadi, vaqtida ishga keladi, belgilangan muddatda qurilishni yoki ta’mir ishlarini tugatadi, ish haqini olib ketadi. Buyurtmachi ham rozi, usta ham rozi. Bunday kishilarning ishida unum, baraka bo‘ladi. Topgan pullari barakali bo‘ladi.


Haqiqiy usta faqat qurilish yoki ta’mirlashni emas, balki odamlarning ishonchini ham qozonadi. Vijdon bilan qilingan har bir ish ibodatga aylanadi. Aldamchilik va nayrang bilan bajarilgan ish esa vaqtinchalik foyda keltirsa ham, dunyoda obro‘ni to‘kadi, rizq qiyilishiga sabab bo‘ladi, oxiratda esa javobgarlikni keltiradi.

 

Tolibjon NIZOM

Maqolalar