Islom omonlik dinidir. Insonlar dinimiz ko‘rsatmalariga amal qilmas ekan, xavfsizlik, xotirjamlikka erishib bo‘lmaydi. Chunki, Islomda jonni o‘ldirish, o‘zganing mulkiga tajovuz qilish va botil yo‘l bilan molu mulkka ega bo‘lish harom qilingan. Muborak dinimiz ta’limotlarida biron kishiga zulm va zo‘ravonlik qilish u yoqda tursin, musulmonni hatto qo‘rqitishdan ham qaytarilgan.
Abu Laylo Ansoriydan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir g‘azotga chiqqanlarida u zotning sahobalaridan biri hazillashib, bir kishining o‘qdonini berkitib qo‘ydi. Egasi uni izlab, topa olmay, xavfga tushdi. Uning ustidan kula boshlashgan edi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam chiqib: “Nimaga kulyapsizlar?” dedilar. “Hazillashib, falonchining o‘qdonini berkitib qo‘ygan edik, qo‘rqib ketdi. Shunga kulyapmiz”, deyishdi. U zot: “Musulmonni qo‘rqitish musulmonga halol emas”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kuni shunday dedilar: “Allohga qasam, mo‘min bo‘lmaydi, mo‘min bo‘lmaydi, mo‘min bo‘lmaydi”. Sahobalar “Kim, ey Allohning Rasuli?” deb so‘raganlarida, u zot sollallohu alayhi vaallam: “Qo‘shnisi uning yomonliklaridan omon bo‘lmagan kishi”, dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyati.
Qo‘shnisiga ozor berib, yomonlik qiladigan kishining imoni mukammal bo‘lmasligini qayta qayta ta’kidlagan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam islomning mohiyati, uni tinchlik va xotirjamlik dini ekaniga yana bir bor e’tiborimizni qaratdilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmon birordariga qurol uqtalganni la’natladilar. Iymon keltirmas va bir-birimizni yaxshi ko‘rmas ekanmiz jannatni umid qilmasligimizni ta’kidladilar. Kishilar orasida bir biriga nisbatan muhabbatning paydo bo‘lishi esa salomlashish orqali bo‘lishini uqtirdilar. Chunki salomlashishda omonlik, tinchlik tilash borligi jamiyatda bag‘rikenglik hissiyotini paydo qiladi. Bu esa islomning ulug‘ odatlaridandir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yana bir muborak hadislarida: “Musulmon – musulmonlar uning tilidan va qo‘lidan omon qolgan kishidir”, dedilar. Buxoriy va Muslim rivoyati.
Musulmonlarga ozor bermagan, ularga tili va qo‘li bilan zarar yetkazmagan odam afzal musulmon bo‘ladi. “Islom”, “musulmon” so‘zlari “salomatlik”, “tinchlik” ma’nolarini ifoda etadi. Shuning uchun musulmon–o‘zga odamlar uning yomonliklaridan tinch va salomat bo‘lgan shaxs, deyilmoqda.
“Tilidan va qo‘lidan” deyilganda faqat shu ikki a’zo ko‘zda tutilgan emas. Odatda, odamlarga ko‘pincha til va qo‘ldan zarar, ozor yetadi. Ammo bundan boshqa uslub va yo‘llar bilan ham ozor berish yaxshi emas. Kim bu ishni qilsa, musulmonlik fazlini yo‘qotadi.
Islom dini nafaqat musulmonlar, balki butun insoniyatga, hatto nabotot va hayvonotga, qo‘yingki, barcha mavjudotga rahm-shafqatli va mehribon bo‘lishga chaqiradi. Zo‘ravonlik, qo‘poruvchilik va tajovuzkorlikni qoralaydi, hech qachon oqlagan emas va oqlamaydi ham. Islom dini yovuzlikka qarshi kurashda ham adolat va insonparvarlik me’yorlaridan tashqari chiqmaslikka buyuradi. Din va millatidan qat’i nazar, tinch, osuda yashayotgan xalqlarga nisbatan tajovuzkorlik qilmaslikka, ularga nisbatan bag‘rikenglikka undaydi. Islom dini o‘zga din vakillari bilan hamjihatlikda va ular bilan go‘zal uslubda munozara qilishga buyuradi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “(Ey, mo‘minlar!) Sizlar ahli kitoblar bilan faqat eng chiroyli uslubda munozara qilingiz, illo ularning orasidagi zulm (tajovuz) qilganlar bundan mustasnodirlar” (Ankabut surasi, 46-oyat).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu haqida: “Kimki (tinchlik bo‘yicha) ahdlashgan (g‘ayridinni) o‘ldirsa, jannat hidini hidlamaydi va uning hidi qirq yillik masofadan mavjuddir”, dedilar. Imom Buxoriy rivoyat qilgan.
U zot: “Kimki ahd qilganga zulm qilsa yoki uni kamsitsa, yoki unga qo‘lidan kelmaydigan narsalarni yuklasa yoki roziligisiz undan biror narsa olsa, men qiyomat kuni uning hujjatini so‘rayman, xusumatlashaman”, dedilar. (Abu Dovud rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makka fathi kuni uning ahliga rahm-shafqat qilganlarida, ularga nima orqali xavfsiz bo‘lishlarini aytdilar: "Kim Abu Sufyonning uyiga kirsa, u xavfsiz bo‘ladi, kim qurolni tashlasa, u xavfsiz, kim masjidga kirsa, u xavfsizdir". Muslim rivoyat qilgan.
Bu holat ham islom tinchlikni mo‘minu kofirlarga birdek ravo ko‘rishiga dalolat qiladi.
Tinchlik islomda mana shunday qadrlanadi. Uning hatto rizqdan ham afzal ekanligi qayd etiladi. Oyati karimada shunday deyilgan:
“Esla, vaqtiki, Ibrohim: “Robbim, buni omonlik yurti qilgin va ahlidan Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirganlarini mevalar ila rizqlantirgin”, – dedi. (Ibrohim surasi, 128-oyat)
Ibrohim alayhissalom avval yurtini omonlik diyori qilishini va shundan so‘ng imonlilarni rizqlantirishini so‘raganlar. Chunki, tinchlik bo‘lsa rizq, baraka bo‘ladi. Notinchlik payti kishining tomog‘idan taom o‘tmaydi. Yegan-ichganida lazzat bo‘lmaydi.
Ibodat ham tinchlik soyasida amalga oshirilganda mukammal bo‘ladi. Alloh taolo xavf soya solib turganda namozni ruknlarini to‘liq qilmasdan o‘qishga ruxsat berib, shunday deydi:
“Agar xavfda qolsangiz, piyoda va ulovda holingizda. Omonlikda bo‘lganingizda Allohni U Zot sizga bilmagan narsangizni o‘rgatganidek zikr qiling”. (Baqara surasi, 239-oyat)
Oyatning “Agar xavfda qolsangiz” degan jumlasida urush, dushman xavfi nazarda tutilgandir. Agar shunday hol yuzaga kelsa, yurgan yoki mingan holingizda ham namozni o‘qing, ruku’-sajdasiz, hatto qiblani aniqlamay o‘qisa bo‘ladi. O‘z oyog‘ingiz bilan yurib ham, mingan ulovingiz ustida turib ham namoz o‘qing. Xavf ko‘tarilib, xotirjam bo‘lingach, namozlar avvalda Alloh ta’lim bergani kabi barcha ruknlariga rioya etgan holda to‘kis ado etiladi.
Hudaybiya sulhini eslaylik. Ushbu sulhda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makka ahli bilan o‘n yil mobaynida urushmaslikka kelishib oldilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Hudaybiyaga borganlarida, u zot bilan birga bir ming besh yuz sahoba hamroh edi. Tinchlikda hayot kechirgan musulmonlarning soni oshib, sulhdan so‘ng ikki yildan ziyodroq vaqt o‘tgach Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘n minglab musulmonlar bilan Makkaga kirib kelishdi. Tinchlikning ahamiyati mana shunday edi.
Salama ibn Ubaydulloh ibn Mihson al-Ansoriy otalaridan rivoyat qiladi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Kimki o‘z uyida omonlikda, jasadi salomatlikda, kunlik taomi huzurida holda tong ottirsa, xuddi unga butun dunyo jamlangandek bo‘ladi”, dedilar”.
Bu dunyoda insonning eng yaxshi holati mana shu uch narsaga ega bo‘lgan holati ekan. Shunga erishgan odam ahvolim nihoyatda yaxshi, deb shukr qilib yursa bo‘ladi. Kishining uyiga, oilasi, bola-chaqasiga birov xavf solmasa, tinch-xotirjam bo‘lsa, sog‘-salomat bo‘lsa, dardi yo‘q bo‘lsa, yeydigan taomi bor odam nihoyatda ulug‘ bir baxt-saodatga erishgan bo‘lar ekan. Biz buni juda chuqur tushunib yetishimiz kerak. Mazkur holatning o‘zimizda bo‘lishi Allohning ulkan ne’mati ekanini anglab yetishimiz va unga shukrni o‘rniga qo‘yishimiz lozim. Agar bunday qilmasak, noshukr bo‘lamiz.
Qur’oni karimda bunday deyiladi: “Alloh bir shaharni misol keltirur: u tinch, sokin (shahar) edi, har tomondan rizqi kengu mo‘l kelib turar edi. Bas, u (aholisi) Allohning ne’matiga noshukrlik qilgach, Alloh unga (aholisiga) bu “hunarlari” sababli ochlik va xavf libosi (balosi)ni tortib qo‘ydi” (Nahl surasi, 112). Ulamolar oyatdagi: “ochlik va xavf libosi (balosi) ni noshukrliklari sabab ochlik va xavf biriktirilib qo‘yildi, deb tafsir qilishgan.
Islomning asl manbalari bo‘lmish Qur’oni karim va hadisi shariflarda tinchlik va bag‘rikenglik haqida ko‘plab ishoralar bor. Ushbu maqolamizda ulardan ayrimlarini keltirish bilan cheklandik.
Tinchlik degan bebaho ne’matning qadr-qimmati va ahamiyati tobora ortib borayotgan hozirgi murakkab va tahlikali zamonda Islom dinining tinchlikni targ‘ib qiluvchi ta’limotlarini keng yoyish muhimdir. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbaridan turib tinchlikning qadri, uni asrash haqida gapirib, bu yo‘nalishda diyorimizdan yetishib chiqqan mutafakkirlarning ilmiy meroslarni keng targ‘ib etish maqsadga muvofiqligini ta’kidlagan edi. Xususan, davlatimiz rahbari 2023 yil 19 sentyabr kuni BMTning 78-sessiyasida: “Diyorimiz jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan, islomni ilm-ma’rifat va tinchlik dini sifatida namoyon etgan al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy singari ulug‘ alloma va mutafakkirlar vatani ekani bilan haqli ravishda faxrlanamiz”, deya ta’kidladilar.
Darhaqiqat, Hazrat Navoiy g‘azallaridan birida:
Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanlig‘,
Yor o‘lung bir-biringizgaki, erur yorlig‘ ish.
deya xitob qilgan. Bu butun dunyo ahliga ulug‘ donishmandning xitobidir. Hayoti davomida turli xil holatlarga ko‘p guvoh bo‘lgan insonning hayotiy kuzatishlari asosida kelgan xulosasi, desak xato bo‘lmaydi.
Bugun dunyo ahli bu xitobga rioya qilishga juda muhtoj.
Yurtboshimiz buyuk olimlarimizning boy merosini o‘rganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024 yil O‘zbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusini ilgari surdilar.
Ana shu ezgu tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 19 avgustdagi “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida ham o‘z ifodasini topgan bo‘lib, unga ko‘ra, 2024 yil oktyabr oyida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida yurtimizda xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkaziladi. Ayni kunlarda mazkur anjumanni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha katta tayyorgarlik ko‘rilyapti.
Bu kabi nufuzli va butun dunyo xalqlari uchun manfaatli bo‘lgan anjumannning diyorimizda o‘tkazilishida inshaalloh ko‘plab xayr va barakalar bor. Imom Buxoriyning “Dunyoda ilmdan boshqa najot yo‘q va hech qachon bo‘lmagay” degan purma’no hikmatli so‘zlari ostida naqadar ulkan ta’limotlar bor. Yer yuzida tinchlik va xotirjamlikning barqaror topishida islom dini ta’limotlari va buyuk ajodlarimizning ilmiy meroslaridan unumli foydalanish ayni muddaodir. Alloh taolo biz bandalarga makon qilib bergan yer kurrasida tinchlik va osoyishtalikni bardavom qilsin. Bu yo‘lda jiddu jahd qilayotgan barchani ajru savoblar bilan siylasin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari
Zayniddin domla Eshonqulov
X asrning oxiri va XI asrning boshlarida Xorazm va Buxoro ilmiy muhitida antik davr yunon falsafasi hamda tabiiy fanlar merosini qayta ko‘rib chiqishga bo‘lgan qiziqish nihoyatda kuchaydi. Aristotelning “Osmon va olam haqida” hamda “Fizika” asarlaridagi ayrim xulosalar o‘sha davr tadqiqotchilari tomonidan so‘zsiz haqiqat sifatida qabul qilinayotgan bir paytda, taxminan 24–26 yoshlardagi Beruniy antik muallifning ayrim qarashlarini amaliy kuzatuv va matematik mantiq yordamida shubha ostiga oldi. Beruniy o‘z e’tirozlari va savollarini xat orqali Buxoroda yashab ijod qilayotgan, o‘sha vaqtda 17–19 yoshlarda bo‘lgan Ibn Sinoga yubordi. Ushbu tarixiy muloqotning bizgacha yetib kelgan matni Ibn Sinoning Beruniy tomonidan berilgan savollarga qator javoblaridan iborat. Manbashunos va sharqshunos Yu.Zavadovskiy ushbu qo‘lyozma matnini rus tiliga o‘girgan va u ilk bor 1957 yilda Toshkentda nashr etilgan. Keyinchalik, 1973 yilda Beruniy tavalludining 1000 yillik yubileyi munosabati bilan falsafa fanlari nomzodi A.Sharipov tomonidan tayyorlangan qayta nashrda ushbu yozishmalarning ilmiy ahamiyati yanada aniqroq yoritilgan.
Beruniyni Aristotel ta’limotidagi ba’zi fizik qoidalarning kuzatuv va tajribaga zid kelishi alohida tashvishga solgan edi. Xususan, “Fizika” bo‘limiga oid savollar orasida moddalarning nur sindirishi va issiqlik yig‘ish xususiyatiga oid aniq tajriba bayon qilinadi. Xorazmlik olim dumaloq va shaffof shisha idishni olib, uni suv bilan to‘ldirganda u billur lupa kabi quyosh nurlarini bir nuqtaga to‘plab, alanga oldirish xususiyatiga ega bo‘lishini ko‘rsatib o‘tadi. Agar ushbu idish suv o‘rniga havo bilan to‘ldirilsa, hech qanday nur yig‘ilmaydi va olov hosil bo‘lmaydi. Beruniy Ibn Sinoga murojaat qilib, suvning bunday o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatishi sababini va nega aynan suv mavjud bo‘lganda nurlar to‘planishini so‘raydi. Sharqshunos A.Sharipov tadqiqotlarida ta’kidlanganidek, bu kabi savollar Beruniyning shunchaki nazariy mulohaza yuritmagani, balki aniq fizik hodisalarni tajribada tekshirib ko‘rganini tasdiqlaydi.
Ibn Sino Beruniyning bu savoliga javob berar ekan, suvning tabiatan tiniq, zich va silliq jism ekanini, shu sababli u o‘zidan o‘tayotgan nurni akslantirish va qaytarish xususiyatiga egaligini tushuntiradi. Optimika masalalarida olimlar o‘rtasidagi bahs Platon va Aristotel maktablarining qarashlarini qiyoslash darajasigacha yetib boradi. Ibn Sino ko‘rish jarayoni ko‘zdan nur chiqishi orqali yuz bermaydi degan Aristotel pozitsiyasini himoya qiladi va bu borada Platon qarashlaridan farqli yondashuvni ilgari suradi.
Beruniyning yana bir e’tiborga loyiq tajribaviy savoli suv va muzning zichligi hamda og‘irligi o‘rtasidagi munosabatga bag‘ishlangan. Aristotel nazariyasiga ko‘ra, sovuq va toshsimon qattiq shaklga ega bo‘lgan muz o‘z mohiyatiga ko‘ra tuproq elementiga yaqinroq bo‘lishi va suv tubiga cho‘kishi kerak edi. Lekin Beruniy amaliyotda muzning suv yuzida suzib yurishini ko‘rib, bu hodisaning fizik sababini so‘raydi. Ibn Sino o‘z javobida suv muzlagan paytda uning tarkibida havo zarralari qotib qolishini va aynan shu suyuqlik ichidagi havo pufakchalari muzni suv tubiga cho‘kishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlaydi. Yu.Zavadovskiy tomonidan o‘rganilgan ushbu ommaviy munozara o‘sha davr uchun moddalarning fizik holati va termodinamika boshlang‘ich tushunchalari bo‘yicha muhim qadam edi.
Kosmologiya va fazoviy geometriya sohasida ham Beruniy Aristotel da’volarini jiddiy sinovdan o‘tkazadi. Aristotel fazoda osmon sferasi og‘irlikka ham, yengillikka ham ega emas, chunki u markazga yoki markazdan atrofga harakat qilmaydi deb hisoblar edi. Beruniy esa xayoliy tafakkur nuqtayi nazaridan osmon jismi eng og‘ir jismlardan biri bo‘lishi mumkinligini, uning markazga tushmasligi uning vaznsizligini anglatmasligini ilgari suradi. Shuningdek, Beruniy fazo shakli borasida ham to‘xtalib, osmon sferasi mukammal sharsimon bo‘lishi shartligi, u tuxumsimon yoki yasmiqsimon shaklda ham bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi. Ibn Sino esa geometriya va fizika dalillarini keltirib, agar sfera sharsimon bo‘lmasa, uning harakati paytida bo‘shliq hosil bo‘lishi zaruriyatini isbotlashga urinadi.
Aristotelning fazoda olamning o‘ng va chap tomonlari haqidagi qarashlari ham Beruniyning keskin tanqidiga uchraydi. Aristotel jismning o‘ng tomoni harakat boshlanadigan joy deb ta’rif berib, keyinchalik Osmon harakati sharqdan boshlanadi, demak Sharq – bu o‘ng tomon degan xulosa chiqargan edi. Beruniy bunday xulosa chiqarish logikada “mantiqiy aylana” xatoligiga olib kelishini ko‘rsatib o‘tadi. Ibn Sino o‘z javobida Aristotel osmon sferasini tirik jism sifatida tasavvur qilganini aytib, antik muallif mantig‘ini himoya qilishga harakat qiladi.
Ushbu yozishmalar matni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining 2385-raqamli qo‘lyozmalar fondida saqlanib qolgan. Mazkur manbaning bizgacha yetib kelishida xatlarni ko‘chirib yozgan faqih Ma’sumiyning xizmati borligi xat oxiridagi qaydlarda eslatib o‘tiladi. Yu.Zavadovskiy va A.Sharipov tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, XI asr boshidagi bu ilmiy bahs nafaqat ikki mutafakkirning shaxsiy muloqoti, balki Turonda tabiatshunoslik fanlari va kuzatuv tajribalariga asoslangan yangi ilmiy uslub shakllanganining tarixiy isbotidir.
Beruniy va Ibn Sino o‘rtasidagi yozishmalar X-XI asrlarda Xorazm va Buxoroda shakllangan ilmiy tafakkur darajasi antik davr falsafasini shunchaki o‘zlashtirish bilan cheklanmay, uni aniq tajriba va mantiqiy tahlil vositasida tanqidiy qayta ko‘rib chiqish bosqichiga ko‘tarilganini anglatadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati