Bismillahir Rohmanir Rohiym
Suriyalik yozuvchi aytadi: "Iroq aholisi to‘qchilikda shu darajaga yetdiki, dasturxonda ortib qolgan narsa borki, uni axlatga tashlaydigan bo‘lishdi. Hatto, ularda (الاكل البايت) “kechagidan qolgan sarqit” atamasi ham paydo bo‘ldi. Alloh taolo ularni o‘n yil davomida iqtisodiy qamal bilan sinagan edi, qora qotgan nonni ham ko‘zga surtib yeydigan bo‘lishdi. Million nafar yosh bolalar ochlik va kasallikdan nobud bo‘ldilar.
Qachonki men o‘z yurtim Damashq va uning atrofidagi joylarda ham nonlarni axlatxonalarga tashlab yuborilayotgani, kambag‘al bir ayol qo‘lidan yerga tushib ketgan nonni olmay, beparvo tashlab ketayotganini, yana boshqa bir kimsa yerda yotgan nonni olmay, aksincha uni oyog‘i bilan tepalab chetga uloqtirib o‘tganini va hattoki, bir kishi oyoq kiyimini oq non bilan artib yaltiratayotganini ko‘rganimda, hech shaksiz bu xalq yaqin vaqtda noshukrligi, ne’matlarni qadrlamayotganligi uchun Allohning g‘azabiga uchrashi aniq ekanligini his qildim. Bizlarni qora kunlar kutmoqda, o‘shanda axlatxonalarda yotgan qotgan nonlarga zor bo‘lamiz, dedim".
Yozuvchi so‘zida davom etadi: "Otam rahmatli katta olim edilar. U kishi dasturxondagi yangi nonni qo‘yib, kechagidan qolganini yer edilar. Qotgan nonni suvda ivitib yer, uni tashlab yuborishga yo‘l qo‘ymas edilar. Oshxonadagi tovoqlarda ovqatlar qolib ketgan bo‘lsa yoki bolalar yemay qoldirib ketgan taomlari bo‘lsa, ularni tashlab yuborishga hecham yo‘l qo‘ymas edilar. Aksincha, agar ortgan taom tashlab yuborilganini ko‘rsalar juda qattiq g‘azablanar edilar. Ko‘pincha, o‘sha qolib ketgan ovqatlarni o‘zlari yob qo‘yar edilar va bundan hecham tortinmas edilar. Ne’matning ozini ham, ko‘pini ham qadriga yetadigan kishi bo‘lganlar. Alloh rahmat qilsin u kishi vafot etgunlaricha biror marta ham qon bosimi ko‘tarilishi, yurak yetishmasligi, oyoq og‘rishi, qand kasalligi va boshqa shunga o‘xshash ko‘pchilik keksa odamlar shikoyat qiladigan dard bilan kasallanmadilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Allohning ne’matlari bilan yaxshi qo‘shnichilik qilinglar, zero, u biror oiladan ketib qolsa, qaytib kelmasligi mumkin” degan hadislarini ko‘p takrorlar edilar.
Modomiki, siz ne’matlardan bahramand ekansiz, ogoh bo‘ling, Robbingizni ne’matini qadrlang, uni xorlamang. Aks holda, unga zor bo‘lasiz, boshingizga Allohning balosi kelsa...
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
Bugun, 14 sentyabr kuni Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi o‘z ishini boshladi.
Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Allohshukur Poshshozoda, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy nazorati raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov hamda boshqa qardosh va xorijiy davlatlar ulamolaridan iborat nufuzli delegatsiyalar ishtirok etmoqda.
Yalpi majlisda nutq so‘zlagan muftiylar o‘z ma’ruzalarida quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratmoqdalar:
– Kengash qoshidagi Fatvo hay’ati faoliyatini rivojlantirish, ummat uchun zarur qo‘shma fatvolar ishlab chiqish va zamonaviy masalalarga shar’iy yechim topish;
– diniy ta’lim muassasalarida ustoz va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ilmiy-uslubiy loyihalarni amalga oshirish;
– ekstremizm, terrorizm, takfirchilik, islomofobiya va mazhablararo nizo qo‘zg‘ash kabi tahdidlarga qarshi yakdil ma’rifiy kurashni kuchaytirish.
Shuningdek, Ulamolar diniy-ma’rifiy sohadagi ana shunday hamkorlik butun Turkiy dunyo birdamligini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Anjuman davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati