Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Avgust, 2026   |   10 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:15
Quyosh
05:40
Peshin
12:26
Asr
17:12
Shom
19:15
Xufton
20:36
Bismillah
23 Avgust, 2026, 10 Rabi`ul avval, 1448
Maqolalar

Kimning uyida bu kitobdan bo‘lsa...

07.10.2024   9896   5 min.
Kimning uyida bu kitobdan bo‘lsa...

O‘zbekiston qadimdan ilmu ma’rifat markazi, madaniyat o‘chog‘i bo‘lib kelgan. Yurtimizdan yetishib chiqqan allomalarning ilmiy-ma’naviy merosi bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Alloma va mutafakkirlarimizning ilmiy-ma’naviy merosi, jahon ilm-fani, sivilizatsiya rivojiga qo‘shgan bebaho hissasi dunyo olimlari hamda jahon hamjamiyati tomonidan hamisha yuksak e’tirof etiladi.

Keyingi yillarda allomalarimizning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasiga munosib baho berish borasida izlanishlar olib borish bo‘yicha Yangi O‘zbekiston yangidan yangi imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Xususan, davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev tomonidan diniy sohada olib borilgan tub islohatlar natijasida xalqaro doirada e’tirof etilgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, sohadagi turli xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari kabilar tashkil etilgani, shuningdek Imom Termiziyning tavalludining 1200 yilligini nishonlashi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori qabul qilingani izchillik bilan amalga oshirilayotgan tariximizni qayta tiklash, uni ilmiy, tarixiy va hayotiy haqiqat nuqtayi nazaridan turib yangitdan talqin etish jarayonining mantiqiy davomidir. Tabiiyki, ulardan unumli foydalanish  xalqimizga ma’naviy kuch-qudrat baxsh etadi, g‘ururini uyg‘otadi. 

Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini nishonlash doirasida joriy yilning oktyabr oyida dastlab Toshkent shahrida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda ushbu konferensiya doirasida Termiz shahrida “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkaziladi.

Ushbu anjumanni o‘tkazishdan maqsad, muqaddas dinimizning ilmlari rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan  Imom Abu Iso Muhammad Termiziyning ulkan ilmiy merosini yanada chuqur o‘rganish, xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib etish, ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, yosh avlodning ma’naviy-ruhiy olamini boyitish, ularning qalbida milliy iftixor, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirish nazarda tutilgan.

Shuningdek, qarorga muvofiq Imom Termiziyning “Ash-Shamoil al-Muhammadiyya” va “Sunani Termiziy” asarlarini moturidiylik aqidasi va hanafiylik mazhabiga tayangan ko‘p jildlik tarjima va sharhini tayyorlash hamda ularni nashr etish ishlari amalga oshiriladi. Bu orqali xalqimiz buyuk bobomizning ilmiy merosi, islom dinining asl ta’limotlari bilan yaqindan tanishish imkoniga  ega bo‘ladi.

Imom Abu Iso at-Termiziy majmuasida Imom Termiziy va termiziy allomalarning hayoti, ilmiy va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan asarlarning nodir qo‘lyozma va nashr nusxalari hamda kitoblarining ko‘rgazmalari tashkil etish orqali soha vakillari,  yurtimiz aholisi, yoshlar va sayyohlarning Imom Termiziy va termiziy allomalarning hayoti, ilmiy va ijodiy faoliyatini chuqur o‘rganish, ularga bo‘lgan e’tiborni oshishida xizmat qiladi.

Imom termiziy tavalludini nishonlash chora tadbirlari doirasida barcha termiziy allomalarning ilm-fanga qo‘shgan beqiyos ilmiy asarlarini o‘rganish va keng targ‘ib qilishni nazarda tutgan tadbirlar ham amalga oshiriladi. Jumladan,  “Termiziy allomalarning ilmiy-ma’naviy merosi: o‘tmish va bugun” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazilishi qarorda o‘z aksini topgan.

Ushbu ma’rifiy tadbir doirasida Imom Termiziy hayoti va ilmiy faoliyatiga oid ilmiy maqolalar tanlovi o‘tkaziladi. Imom-xatiblar va diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Imom Termiziy asarlari bo‘yicha hadislar bilimdoni” tanlovi, davra suhbatlari o‘tkaziladi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarining ustoz va talabalari Imom Termiziyning hayoti va ilmiy faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy maqola va media mahsulotlar tayyorlab, ularni ommaviy axborot vositalarida e’lon qilib, Internet jahon axborot tarmog‘i va ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib qilish ishlarini boshlab yuborganini ta’kidlab o‘tmoqchimiz. Jumladan, shu kunga qadar, alloma hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ellikdan ziyod materiallar tayyorlanib, matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilindi.  

Bir so‘z bilan aytganda buyuk mutafakkir allomlarimizning ilmiy asarlari davrlar o‘tishi bilan ahamiyatini yo‘qotmaganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Ayni bizu siz yashab turgan shu kecha kunlarimizda ham ushbu ilmiy meroslarga murojaat qilish, o‘rganish, keng targ‘ib etib, hayotga tatbiq qilishga ehtiyoj sezilmoqda. Imom Termiziyning o‘zlari “Sunani Termiziy” asari haqida: “Ushbu kitobni tasnif qilganimdan keyin, uni Hijoz, Iroq va Xuroson ulamolariga taqdim etdim. Ular rozilik bildirib, qabul qildilar. Kimning uyida bu kitobdan bo‘lsa, o‘sha xonadonda Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) gapirayotgandek bo‘lur”, degan edilar. Shu boisdan Imom Termiziyning hayoti va merosi  dunyoning turli burchaklarida yashovchi, dini va millatidan qat’iy nazar, ko‘plab olimlarning ilmiy izlanishlari mavzusiga aylangan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Alloma merosi, nafaqat islom tafakkuri va tarixi sahifalarini yoritishda, balki, butun insoniyatni doimiy ravishda bezovta qilib kelgan savollarga javob izlashda dolzarb bo‘lib qolmoqda. Shunday ekan Imom Termiziyning tavallud sanalari munosabati bilan amalga oshirilishi nazarda tutilgan barcha chora tadbirlar xalqimiz va butun dunyo aholisi uchun manfaatdan xoli bo‘lmaydi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

Zayniddin domla Eshonqulov 

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

14.08.2026   35405   2 min.
Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

Imom Buxoriy majmuasi nafaqat Ozbekiston, balki butun islom olami uchun ulugva muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.

Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.

Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.

Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.

Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.

Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.

Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.

Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari