Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Dekabr, 2024   |   24 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:47
Peshin
12:28
Asr
15:18
Shom
17:02
Xufton
18:22
Bismillah
25 Dekabr, 2024, 24 Jumadul soni, 1446
Maqolalar

Omiyn maxfiy aytiladimi yoki jahriymi?

8.10.2024   3292   3 min.
Omiyn maxfiy aytiladimi yoki jahriymi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Hanafiy mazhabiga ko‘ra, Fotiha surasidan keyin omiynni har bir namozxon ichida (maxfiy) aytadi. Barcha mujtahid ulamolarimizning nazdlarida namozda Fotiha surasidan keyin “omiyn”ni aytish sunnat hisoblanadi. Hanafiy mazhabimiz va molikiy mazhabida “omiyn”ni ovoz chiqarmay aytish kerak bo‘ladi. Bunga quyidagi ma’lumotlar dalil qilib keltirganlar:

  1. “Omiyn” lafzi duodir. Uning ma’nosi “ijobat qil”, ya’ni “duoni qabul qil”, demakdir. Qanday duo qilish haqida Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qilgan: “Robbingizga zorlanib va xufyona (ovozsiz) duo qilingiz! Zero, U (duoda va boshqada) haddan oshuvchilarni yoqtirmagay” (A’rof surasi, 55-oyat).

Hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu haqda bunday dedilar: “Ichida (maxfiy) qilingan duo ustida (oshkor) qilingan duoning yetmishtasiga teng keladi” (Imom Abu Shayx rivoyati).

Muhaddis Ibn Hibbon “Sahih” asarida ushbu hadisni keltiradi: “Duoning yaxshisi maxfiysidir”.

Demak, “omiyn”ni ichimizda aytsak, mazkur oyat va hadislarga amal qilgan bo‘lamiz.

  1. Abu Voil roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Ali va Ibn Mas’ud roziyallohu anhumo “(Namoz ichidagi) bismillahir rohmanir rohiym”ni ham, “a’uuzu”ni ham, “omiyn”ni ham ovoz chiqarib aytishmasdi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan doimo birga yurgan hazrat Ali va Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhumo kabi sahobiylarning “omiyn”ni ichlarida aytishlari ham kuchli dalil hisoblanadi. Boshqa bir rivoyatda hazrat Umar roziyallohu anhuning ham “omiyn”ni ichlarida aytib namoz o‘qiganlari ta’kidlanadi.

Hanafiy ulamolar xuddi shu ma’nodagi, lekin boshqa sahobai kiromlarning ismlari zikr qilingan rivoyatlarni ham keltiradilar.

  1. “Omiyn” lafzini Qur’ondan emasligi hammamizga ma’lum. Buning ustiga, ushbu lafz arabcha ham emas. “A’uuzu billahi minash shaytonir rojiym” esa Qur’onda kelgan, yana Alloh taolo bizga Qur’on o‘qiganimizda uni aytishni vojib qilgan. Shunday bo‘lsa ham “A’uuzu billahi minash shaytonir rojiym”ni namozda ichimizda aytamiz. Nima uchun endi “omiyn”ni ovoz chiqarib aytishimiz kerak?!
  2. Namoz juda ham mashhur ibodat hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namoz farz bo‘lgan kundan boshlab har kuni besh vaqt namozni jamoat bilan o‘qiganlar. U zot sollallohu alayhi vasallamning har bir namozlari minglab kishilar tomonidan sinchkovlik bilan kuzatib borilgan.

Agar “omiyn”ni ovoz chiqarib aytish afzal bo‘lganida, u zot alayhissalom bu narsani bayon qilgan bo‘lardilar va orada hech qanday shubha qolmas edi. Holbuki, u zot sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari imomlik qilayotganlarida, ba’zan ta’lim uchun birinchi safdagilar eshitadigan qilib “omiyn”, deganlaridan boshqa hech bir dalil yo‘q. Ayniqsa imomga iqtido qilgan kishilarning “omiyn”ni ovoz chiqarib aytganlari haqida hech qanday rivoyat ma’lum emas.

 “Sunnatga muvofiq namoz o‘qing” kitobidan olindi.

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Dallollik bilan shug‘ullanish mumkinmi?

25.12.2024   646   1 min.
Dallollik bilan shug‘ullanish mumkinmi?

Cavol: Dallollik kasbi joizmi? Agar joiz bo‘lsa, dallol ikki tomondan haq olsa bo‘ladimi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dallol gohida sotuvchi tarafidan, gohida oluvchi tarafidan, gohida esa ikkisi tarafidan ham vakil bo‘ladi. Agar dallol yolg‘on, firib, aldov qilmasdan faoliyat yuritsa, bu uchun haq olishi joiz hisoblanadi.
Dallolning haq olishi va uning qaysi tomondan bo‘lishi urf-odatga ko‘ra bo‘ladi. Urfda sotuvchi, yoki xaridor, yo har ikki tomon dallol haqqini beradigan bo‘lsa, shundan kelib chiqib ish faoliyatini yuritishi joiz hisoblanadi ("Durarul hukkam" kitobi). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.

Maqolalar