Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Avgust, 2026   |   8 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:12
Quyosh
05:38
Peshin
12:26
Asr
17:14
Shom
19:18
Xufton
20:39
Bismillah
21 Avgust, 2026, 8 Rabi`ul avval, 1448

Hayotingizni o‘zgartiruvchi 12 oyat

08.10.2024   9462   2 min.
Hayotingizni o‘zgartiruvchi 12 oyat

Qur’on barcha ehtiyojlaringiz va amallaringiz uchun dasturulamal bo‘luvchi Kitobdir.

1. Siz: “Omadsizman”, deb aytmang!

Chunki Alloh taolo: “Mo‘minlar najot topdilar” deb marhamat qilgan (Muminun surasi, 1-oyat).
 

2. Siz: “Bunchalik qiyin”, deb aytmang!

Chunki Alloh taolo: “Bas, albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir. Albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir” deb marhamat qilgan (Sharh surasi, 5-6-oyatlar).
 

3. Siz: “Menga hech kim yordam bermaydi”, deb aytmang!

Chunki Alloh taolo: “Mo‘minlarga madad berish Bizning zimmamizdagi haq bo‘lgan” deb marhamat qilgan (Rum surasi, 47-oyat).
 

4. Siz: “Yolg‘izman”, deb aytmang!

Chunki Alloh taolo: “Qo‘rqmangiz! Albatta, Men sizlar bilan birgaman – eshitaman va ko‘raman” deb marhamat qilgan (Sharh surasi, 5-6-oyatlar).


5. Siz: “Gunohlarim juda ko‘p”, deb aytmang!

Chunki Alloh taolo: “Albatta, Alloh tavba qiluvchilarni sevadi” deb marhamat qilgan (Baqara surasi, 222-oyat).


6. Siz: “Dinga amal qilish juda qiyin”, deb aytmang!

Chunki Alloh taolo: “Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og‘irlikni xohlamaydi” deb marhamat qilgan (Baqara surasi, 185-oyat).


7. Siz: “Kambag‘al-faqirman”, deb aytmang!

Chunki Alloh taolo: “Imon keltirgan va solih amallarni qilganlar uchun mag‘firat va farovon rizq bordir” deb marhamat qilgan (Haj surasi, 50-oyat).


8. Siz: “Bemorman”, deb aytmang!

Chunki Alloh taolo: “Qur’onni mo‘minlar uchun shifo va rahmat o‘laroq nozil qilurmiz” deb marhamat qilgan (Isro surasi, 82-oyat).


9. Siz: “Bunga kuchim yetmaydi”, deb aytmang!

Chunki Alloh taolo: “Alloh hech bir jonga toqatidan tashqari narsani taklif etmaydi” deb marhamat qilgan (Baqara surasi, 286-oyat).


10. Siz: “Mehnatlarim qadrlanmayapti, o‘zimni qadrsiz his qilyapman”, deb aytmang!

Chunki Alloh taolo: “Albatta, bu sizlar uchun mukofot va sizlarning sa’y-harakatlaringiz (Alloh nazdida) maqbuldir” deb marhamat qilgan (Inson surasi, 22-oyat).


11. Siz: “Shaytonning makri buncha kuchli”, deb aytmang!

Chunki Alloh taolo: “Albatta, shaytonning makri zaifdir” deb marhamat qilgan (Niso surasi, 76-oyat).


12. Siz: “G‘alaba uzoqda”, deb aytmang!

Chunki Alloh taolo: “Ogoh bo‘lingki, Allohning yordami (hamisha) yaqindir” deb marhamat qilgan (Baqara surasi, 214-oyat).

Alloh taolo hayotimizning har bir lahzasini Qur’oni karim oyatlariga muvofiq o‘tkazishimizga tavfiq ato etsin!

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

12.08.2026   34185   3 min.
Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.

Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.

Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.

Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:

«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».

Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.

Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari