1. Laa havla va laa quvvata illa billah – jannat eshiklaridan biri.
ألا أدلك على باب من أبواب الجنة قال: وما هو؟ قال: لا حول ولا قوة إلا بالله
Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu aytadilar: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Seni jannat eshiklaridan bir eshikka dalolat qilayinmi?” dedilar. Men: “U nima?” deb so‘radim. Nabiy alayhissalom: “Laa havla va laa quvvata illa billah”, dedilar" (Imom Tabaroniy rivoyati).
2. Laa havla va laa quvvata illa billah – jannat xazinalaridan biri.
قل: لا حول ولا قوة إلا بالله فإنها كنز من كنوز الجنة
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: “Laa havla va laa quvvata illa billah”ni aytgin. Albatta, u jannat xazinalaridan biridir", dedilar" (Imom Termiziy rivoyati).
3. Laa havla va laa quvvata illa billah – jannat ko‘chati.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jannat ko‘chatlarini ko‘paytiringlar”, dedilar. “Yo Allohning rasuli, uning ko‘chatlari nima?” deyishdi. U zot alayhissalom: “Laa havla va laa quvvata illa billah”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).
4. Laa havla va laa quvvata illa billah – 99 dardga shifo bo‘ladi.
مَنْ قَالَ لا حَوْلَ وَلا قُوَّةَ إِلاَّ بِاللهِ كَانَتْ دَوَاءٌ مِنْ تِسْعَةٍ وَتِسْعِينَ دَاءٍأَيْسَرُهَا الْهَمُّ
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim Laa havla va laa quvvata illa billah”ni aytsa, to‘qson to‘qqiz dardga davo bo‘ladi. Eng yengili g‘amdir", dedilar (Imom Tabaroniy, Imom Hokim rivoyati).
5. Laa havla va laa quvvata illa billah – faqirlikni daf qiladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim har kuni yuz marta “Laa havla va laa quvvata illa billah”ni aytsa, unga faqirlik yetmas", dedilar (Ibn Abu Dunyo rivoyati).
6. Laa havla va laa quvvata illa billah – ne’matlarning bardavom bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kimga Alloh ne’mat bersa-yu, u bu ne’matning o‘zida davomiyligini istasa, “Laa havla va laa quvvata illa billah”ni ko‘p aytsin", deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
7. Laa havla va laa quvvata illa billah – balo-musibatlardan xalos etadi.
Hazrat Ali roziyallohu anhu aytadilar: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: "Ey Ali, senga qiyin ahvolga tushib qolganda aytiladigan kalimalarni o‘rgataymi?" dedilar. "Alloh meni sizga fido qilsin, o‘rgating, yo Rasululloh", dedim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Qiyin ahvolga tushib qolsang, “Bismillahir rohmanir rohiym. Va laa havla va laa quvvata illaa billaahil ’aliyyil ’aziym”, deb ayt. Chunki mana shu duo bilan Alloh xohlaganicha har turli balolardan xalos qiladi», dedilar.
Molik Ashja’iyning o‘g‘li asirga tushib qolganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga odam yuborib “Laa havla va laa quvvata ilaa billah”ni ko‘p aytishni buyurganlar. Natijada o‘g‘li asirlikdan xalos bo‘lgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari o‘z tajribalarida “Laa havla va laa quvvata ilaa billah”ni aytish bilan mushkullari oson, balo-ofatlari daf bo‘lishini ko‘p sinab ko‘rganlar.
Olimlardan biri aytadilar: “Kimning g‘am-tashvish va musibatlari ko‘payib ketsa: “Laa havla va laa quvvata illa billah” kalimasini ko‘p aytsin”.
Davron NURMUHAMMAD
Xabar berganimizdek, Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston muftiylari muhim yo‘nalishlarda 3 ta bayonot va zamonaviy masalalarga oid 6 ta yirik fatvoni imzolashdi.
Jumladan, «Islomning ilm-fan va texnologiyaga yondashuvi» mavzusidagi bayonotda Islom dinida insoniyat farovonligiga xizmat qiluvchi barcha ilmiy va texnologik yutuqlar qo‘llab-quvvatlanishi bilan birga, ular yuksak axloqiy mezonlar, adolat va mas’uliyat tamoyillari asosida rivojlanishi shartligi ta’kidlandi.
«Musulmonligi ma’lum bo‘lgan shaxsni kofirga chiqarishning hukmi» to‘g‘risidagi bayonotda Islom ta’limotiga ko‘ra, kalimai shahodat keltirib, qibla ahlidan bo‘lgan har qanday shaxs musulmon hisoblanishi hamda qilgan gunohi yoki amaldagi nuqsoni tufayli uni kufrda ayblash (takfir qilish) qat’iyan man etilishi aytildi. Shuningdek, Turkiy davlatlar ulamolari ushbu bayonotda jamiyatda fitna, qon to‘kilishi va nizolarga sabab bo‘luvchi takfirchilik oqimlariga qarshi ilmiy-ma’rifiy kurashni kuchaytirish, ummat birdamligini mustahkamlash zarurligiga e’tibor qaratishdi.
«Oila qurishga targ‘ib qilish, uni muhofaza qilish va mustahkamlashga doir umumiy mas’uliyat» bayonotida Islom ta’limotiga ko‘ra, oila nikoh asosiga quriladigan, sog‘lom avlod va jamiyat davomiyligini ta’minlovchi, insonga ruhiy xotirjamlik hamda axloqiy tarbiya beruvchi muqaddas muassasa ekaniga urg‘u qaratildi. Muftiylar oila institutini himoya qilish, yoshlarni oilaga tayyorlash va milliy-ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashda birdamlikka chaqirdilar.
Shuningdek, muftiylar tomonidan «Bitta qabrga birdan ortiq mayyitni dafn etishning hukmi», «Ijaraga berilgan dehqonchilik yerlarining ushri», «Fatvo so‘rash va fatvo berishda sun’iy idrokdan foydalanish masalasi», «Juma namozi durust bo‘lishining shartlari», hijriy oy boshlanishini aniqlash mezonlari va takfir masalasiga doir 6 ta fatvo matni imzolandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati