Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Avgust, 2026   |   14 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:20
Quyosh
05:44
Peshin
12:25
Asr
17:07
Shom
19:08
Xufton
20:28
Bismillah
27 Avgust, 2026, 14 Rabi`ul avval, 1448

Fidya sadaqasini kimlar beradi?

02.04.2024   18148   4 min.
Fidya sadaqasini kimlar beradi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

JAVOB: Bismillahir Rohmanir Rohim. Fidya – kishi zimmasidagi narsani ado qilish maqsadida mol yoki shunga o'xshash narsani berishidir (“Lisonul arab”).

Shariatimiz ikki toifa kishilarni ro'za tutmasliklariga ruxsat berib, o'rniga Ramazonning har bir kuni uchun fidya berishga buyurgan.

Birinchisi: Qarilik sababli umuman ro'za tutishga yaramaydigan, kundan-kunga jismonan zaiflashib borayotgan yoshi ulug' keksalar.

Ikkinchisi: Surunkali kasal bo'lib, odatda tuzalishiga umid bo'lmagan va ro'za tutish ularning salomatligiga jiddiy ziyon etkazishi mumkin bo'lgan bemorlar (“Bahrur roiq”).

Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda bunday marhamat qilgan: “(Ro'za tutishga) madori etmaydiganlar zimmasida bir miskin kimsaning (bir kunlik) taomi fidyadir. Kimki ixtiyoriy ravishda ziyoda xayr qilsa (lozim bo'lganidan ortiq fidya bersa), o'ziga yaxshi. Agar bilsangiz, ro'za tutishingiz (fidya berib tutmaganingizdan) yaxshiroqdir”(Baqara surasi, 184-oyat).

Fidya – Alloh taolo bandalariga bergan engillikdir.

Har kunlik fidyaning miqdori yarim so' bug'doy (taxminan ikki kilogramm) yoki bir so' xurmo yohud bir so' arpadir. Bularning qiymatini berish bilan ham fidya ado bo'ladi. Vatandoshlarimizga oson bo'lishi uchun har yili Ramazon oyida O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay'ati tomonidan fidyaning o'rtacha miqdori belgilanib, e'lon qilinadi.

Fidyani Ramazon oyi kirishidan oldin berilmaydi. Oy kirishi bilan xohlasalar, o'ttiz kunlik ro'zaning fidyalarini birdaniga jamlab beradi, xohlasalar har kuni bo'lib-bo'lib to'lab beradi (“Fatovoyi Hindiya”).

Ro'za fidyasini bir kishiga ham yoki bir necha kishiga ham berish mumkin (“Raddul muhtor”).

Fidyani miskin, faqir, beva-bechora, etim-esir, nochor va zakot berishga qodir bo'lmaganlarga beriladi. Ammo otasi, onasi, farzandlari, nabiralari, eri, xotini va zakot berishga qodir bo'lganlarga berishi joiz emas.

Fidya berib yurgan qariya yoki surunkali bemorlar ro'za tutishga qodir  bo'lib qolishsa, bergan fidyalari bekor bo'lib, tutmagan ro'zalarining qazosini tutishlari vojib bo'ladi (“Raddul muhtor”).

Ro'za tutishga yaraydigan qariyalarga esa ro'za tutish farz bo'ladi. Ro'za tutishga qodir bo'la turib fidya bersalar, ro'za ulardan soqit bo'lmaydi va fidyasi o'z o'rniga tushmaydi (“Raddul muhtor”).

Tuzalishiga umid bor, odatda, ma'lum vaqtdan keyin shifo topadigan bemorlarga ro'za tutish zarar qilsa, bularning ham ro'za tutmasliklariga shariatimiz ruxsat beradi. Ammo bular fidya bermaydilar. Tuzalganlaridan keyin qazo bo'lgan kunlarning ro'zasini tutib beradilar.

Afsuski, hozirgi kunda Ramazon oyida bemor bo'lib, tuzalgandan keyin qazosini tutib berishga layoqati bo'lgan ba'zi kishilar bemorliklarida ro'zaning fidyasini berib qo'yib, tuzalganlaridan keyin “men qazo bo'lgan ro'zalarimni tutmayman, chunki men fidyasini berganman” demoqdalar. Vaholanki, shariatimiz fidya berishni ularga buyurmagan, balki tuzalganlaridan keyin qoldirgan ro'zalarining qazosini tutib berishlarini farz qilgan.

Zimmasida namoz va ro'zalarining qazosi bor kishi vafotidan oldin ularning fidyasini to'lashni vasiyat qilishi vojibdir. Vasiyat etmay vafot etsa, gunohkor bo'ladi. Mayyit fidya to'lashga vasiyat qilgan bo'lsa, uni kafanlash, qabrga qo'yish, qarzlarini to'lashdan keyin qolgan bor mol-mulklari qiymatining uchdan biridan mayyitning fidyasini merosxo'rlar ado qilishlari vojib bo'ladi. Ado qilmasalar, gunohkor bo'ladilar. Agar marhum fidya to'lashni vasiyat qilmagan bo'lsa, yoki mol-mulk qoldirmagan bo'lsa, merosxo'rlar o'z ixtiyorlari bilan marhumning fidyasini to'lashlari ulkan savob hamda mayyitga engillik va rahm-shafqat qilgan bo'ladilar. Mabodo, to'lamasalar gunohkor bo'lmaydilar (“Raddul muhtor”). Vallohu a'lam.

O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

 
 
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Aholi bilan ochiq muloqot: murojaatlar yechim topmoqda

12.08.2026   50742   1 min.
Aholi bilan ochiq muloqot: murojaatlar yechim topmoqda

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan aholi bilan yo‘lga qo‘yilgan ochiq va samimiy muloqot tizimi fuqarolarning murojaatlarini atroflicha o‘rganish hamda ularga tezkor yechim topishda muhim omil bo‘lmoqda.

12 avgust kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning arz, taklif va murojaatlarini tingladilar. Yuzma-yuz suhbat jarayonida masjidlar holati va faoliyati, imom-xatiblar ishi, Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish, oilaviy munosabatlarni tartibga solish hamda moddiy yordam ko‘rsatishga oid ko‘plab masalalar chuqur tahlil qilinib, ularning aksariyati joyida ijobiy hal etildi.

Eslatib o‘tamiz, bu kabi qabullar va fuqarolar bilan muloqot tadbirlari Diniy idoraning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarda har haftaning chorshanba kuni imom-xatiblar tomonidan o‘tkazib kelinmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Aholi bilan ochiq muloqot: murojaatlar yechim topmoqda Aholi bilan ochiq muloqot: murojaatlar yechim topmoqda Aholi bilan ochiq muloqot: murojaatlar yechim topmoqda Aholi bilan ochiq muloqot: murojaatlar yechim topmoqda
Yangiliklar