Mashhur faqih, usuliy alloma shayx Muhammad Adnon ibn Yosin Darvish 1970 yil 17 noyabrda Suriyaning Damashq shahrida tavallud topgan.
Misrning “Al-Azhar” universitetining bakalavriati (shariat va qonun fakulteti) va magistratura bosqichini (usulul fiqh) tamomlagan.
Usulul fiqh yo‘nalishi bo‘yicha fan doktori ilmiy unvoniga ega.
«Abdulaziz Buxoriyning usulul Bazdaviyga sharhi “Kashful asror” asarining ilmiy tahqiqi» mavzusidagi magistrlik ilmiy ishini himoya qilgan.
“Ibn Hojibning usuldagi fikrlari” doktorlik ilmiy ishi birinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan.
Damashq shahri va viloyatidagi o‘rta maktablarda mudarrislik qilgan.
1989 yildan Fath Islom institutida, 2006 yildan ushbu ta’lim dargohining yuqori universitet qismida dars berib keladi.
2014 yildan buyon Turkiyaning Istambul shahridagi Sabohuddin Zaim masjidida mudarris sifatida faoliyat yuritmoqda.
Shom oliy ma’hadida fiqh va mazhablar fiqhi bo‘yicha ham mudarrislik qilgan. Damashq viloyatidagi Huda ma’hadining asoschisi va mudiri sanaladi.
O‘tgan zabardast ulamolar, xususan Imom Suyutiyning “Sahihi Muslim”ga yozilgan “Deboj” nomli sharhini, Imom Kosoniyning “Badoi’us-sanoi’” kitobini, “Hidoyatul Fattoh fi zikri adillati nurul iyzoh” kitobini, Meros ilmiga oid “Sirojiya” kitobi sharhini, Munziriyning “Arba’iyn fi istisno’il ma’ruf” kitobini, Imom Marg‘inoniyning “Hidoya” asarini, Imom Musiliyning “Ixtiyor” kitobini, “Sahihul Buxoriy”ning eng katta sharhlaridan bo‘lmish “Najohul qoriy bisharhil Buxoriy” kitobini sharhlagan va tahqiq qilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning ko‘ngliga quvonch ulashishga qaratilgan xayriya tadbirlari davom etmoqda.
Xususan, joriy yilning 9 avgust kuni «Vaqf» xayriya jamoat fondi Buxoro viloyati filiali, hududdagi masjidlar xodimlari va saxovatpesha homiylar hamkorligida ehtiyojmand oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘ylari tashkil etildi.
Tadbir doirasida to‘ybolalarning har biriga 35 ta velosiped, 35 to‘plam o‘quv qurollari hamda yangi kostyum-shim, ko‘ylak va oyoq kiyimlar to‘plami tantanali ravishda topshirildi.
Tantanali marosimda so‘z olganlar bolajonlar va ularning ota-onalariga ezgu tilaklar bildirib, farzandlarni sog‘lom, barkamol va dinu diyonatli insonlar etib tarbiyalash, ularga munosib ta’lim berish eng muhim vazifalardan biri ekanini ta’kidladilar.
Dinimiz va xalqimizga xos bo‘lgan mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik fazilatlarining amaliy ifodasi bo‘lgan bu kabi xayrli tadbirlarni «Vaqf» fondi tomonidan izchil davom ettirish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati