Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Faqih olimlardan Aliy ibn Abu Ziyo Nuriddin Shabromallisiy Qohiriy hazratlari 1589 yili Qohiraning g‘arbiy qismidagi Shabromallis qishlog‘ida dunyoga keladi. Uch yoshda suvchechakka chalinadi. Yoshligida ko‘zdan qolib, butun umr ana shu zaylda yashadi. Lekin Alloh taolo u zotga ko‘z nuri evaziga qalb nurini ato qildi. U yoshlik paytidayoq Qur’oni Karimni yod oladi. 1008 hijriy sanada otasi hamrohligida Misrga keladi. U yerda «Shotibiyya», «Xulosa», «Bahja al-Vardiyya», «Al-Minhaj», «Nuzumut tahrir» va boshqa matnlarni yod oladi. Keyin Azharga kirib, o‘qishni davom ettiradi.
Xullas, Qohiraga ta’lim olish uchun kelgan shu zot avvaliga ilm olish borasida sezilarli natijalarni qo‘lga kirita olmadi. Harchand urinmasin, ko‘zlangan maqsad hosil bo‘lmas edi. Hatto, ish shu darajaga yetdiki, ilm tolibi bo‘lgan Aliy Shabromallisiy bir oz umidsizlikka ham tushdi.
O‘sha mahzun kunlarning birida yoniga bir kishi kelib: «Men senga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga o‘qiladigan bir salavotni o‘rgataman, uni har kuni shom bilan xufton oralig‘ida o‘qisang, inshaalloh, ilming rivoj topadi», deb aytadi. Salavot quyidagicha edi:
«Allohumma solli ’ala sayyidinaa Muhammadin va a’lihi kamaa laa nihayata likamaalika va ’adada kamaalihi».
Shayx Shabromallisiy ushbu salavotni shom bilan xufton oralig‘ida o‘qiy boshlaydi.
Alloh taolo mana shu salavotning barakotidan ilmiga shu darajada rivoj va ziyodalik ato etadiki, hatto «Shifo» kitobiga sharh va «Bayzoviy» tafsiriga hoshiya yozgan Shihobiddin Xofajiy u kishining huzurida o‘tirib, bir qog‘ozni olib, yozgan narsalarida bir oz o‘zgartirish kerak bo‘lgan o‘rinlarni topib, to‘g‘rilab o‘tirar edi. U shanbadan boshlab, to juma kunigacha tushunmagan narsalarini yozib borar, juma kuni esa Aliy Shabromallisiyning masjidiga kelib, birma-bir savol berib, javob olar edi. O‘shanda shayx Xofajiy yerda o‘tirgan holida yozib olar, Ali Shabromallisiy esa kursida o‘tirib javob berardi. Shayx Shabromallisiy ko‘zi ojizligiga qaramay, yoddan Xofajiyga javob aytardi. Shu o‘rinda shayx Shihobiddin Xofajiy bilan ham yaqinroq tanishib olsak.
Shayx Shihobiddin Xofajiy taniqli olim bo‘lib, 13 mujalladdan iborat she’riy uslubda yozilgan «Xizanatul adab» kitobining muallifi Abdulqodir Bag‘dodiyning ustozi edi. Abdulqodir Bag‘dodiy besh ming qasidani yod olgan edi. Bu yuz ming baytga to‘g‘ri keladi. U ustozi haqida gapirib: «Men u kishining dengizdek ilmidan bir tomchisiga ega bo‘ldim xolos», degan edi.
So‘zim so‘ngida ilm talabida yurgan talaba yigitlar, do‘stlarimizga ushbu salavotni shom bilan xufton oralig‘ida o‘qib yurishni tavsiya qilaman.
«Allohumma solli ’ala sayyidinaa Muhammadin va a’lihi kamaa laa nihayata likamaalika va ’adada kamaalihi».
Ma’nosi: Allohim, Sening kamoling va uning benihoya adadi miqdoricha Muhammad alayhissalomga va u zotning oilalariga salavot va salom yo‘lla.
Anvar Tursunov tarjimasi
Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi «Zomin» jome masjidida diniy soha xodimlari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan tashkiliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Sirdaryo viloyati vakilligi rahbariyati, tuman va shahar bosh imom-xatiblari, hudud masjidlari imomlari, otinoyilar, «Haj» ziyoratchilari hamda MFY raislari qatnashdi.
Uchrashuvda yurt tinchligini asrash, yosh avlodni milliy va diniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash hamda noxush holatlarning oldini olish kabi muhim masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, tadbir doirasida amaliy sa’y-harakatlar ham olib borildi:
Imom-xatiblar va otinoyilar mahallalardagi ehtiyojmand va ko‘makka muhtoj oilalar xonadonlariga tashrif buyurdilar.
Jarayonda jami 112 ta xonadon (imom-xatiblar tomonidan 83 ta, otinoyilar tomonidan 29 ta oila) holidan xabar olinib, ularning muammo va takliflari o‘rganildi.
Fuqarolarga ma’naviy-ma’rifiy dalda berilib, zarur amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
O‘MI Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati