Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Noyabr, 2026   |   4 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:48
Quyosh
07:10
Peshin
12:12
Asr
15:24
Shom
17:08
Xufton
18:24
Bismillah
14 Noyabr, 2026, 4 Jumadul soni, 1448

Alloh holimizni isloh qilsin!

14.10.2024   6836   3 min.
Alloh holimizni isloh qilsin!

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Peshinga yaqin masjid taraf yo‘l oldim. Mashinadan tushar ekanman, atrofi oq surp bilan o‘ralgan tobutga ko‘zim tushdi. Demak yoshi katta inson vafot etibdi. «Biz Allohnikimiz va albatta, Unga qaytuvchimiz». Tobut janoza o‘qiladigan joyda turardi. Uning atrofida hech kim yo‘q. Go‘yoki mayyitni qabrda yolg‘iz qolishiga hozirdan tayyorlashayotgandek edi. Har galgidek nariroqda faqat janozani o‘ziga qatnashadiganlar masjid tashqarisida turishibdi. Ular orasida daraxt soyasida alohida turgan uch-to‘rt nafar yoshi kattalarga ham ko‘zim tushdi. Ko‘rinishidan oltmish yoshlardan oshgan kishilar edi.

Ichkariga kirdim. Azon aytib bo‘lingan, odamlar peshinning oldingi to‘rt rak’at sunnatini o‘qishayotgan ekan. Tashqi ayvonning orqaroq qatoridan joy topib, men ham namozni o‘qishga kirishdim. Ibodatni boshlashga boshladimu, tashqaridan kelayotgan baland ovozlardan xayolim chalg‘iy boshladi. Daraxt soyasida o‘tirgan chollardan birortasining qulog‘i og‘irroq shekilli, bir-biriga qattiq-qattiq gapirishardi. To‘rt rak’at namozni zo‘rg‘a, ta’bim xira bo‘lib o‘qib tugatdim. Chollar kimningdir ikkita kvartirasi borligidan tortib, oilasida nechta aka-uka qolganini qizg‘in muhokama qilishayotgan edi. Eng yomoni, ora-sira so‘kinib ham qo‘yishardi. Diqqatni jamlashga har qancha urinmay, eplolmadim. Bildimki, hali-hanuz xushu’ bilan namoz o‘qishni o‘rganmabman.

Farz namoziga iqomat aytilganda salqingina xonaqohga kirib bordim. Bu yerda ortiqcha ovozlar eshitilmadi. Balki haligi kishilar jim bo‘lishgandir yoki zich yopilgan derazalar tashqaridagi ovozlarni ichkariga kiritmagandir...

Avvallari bizga kattalar janoza odoblarini o‘rgatishardi. Ma’lumki, musulmonning boshqa bir musulmon bandaga nisbatan haq-huquqlari bor. Bir musulmonning tanishi vafot etsa, uning janozasida hozir bo‘lish mazkur haqlardan biridir. Janozada qatnashayotgan kishi esa dunyoviy gaplardan tiyilishi, vafot etganning haqqiga Allohdan rahmat va mag‘firat so‘rab duo qilishi, uning bu dunyo hayotidagi qilib o‘tgan yaxshi amallarini zikr etishi kerak. Ulug‘larimiz janozada har bir inson uchun katta ibrat bor, deb nasihat qilishgan. Darhaqiqat, bir yaqin kishisining o‘limi boshqa bir musulmonni o‘tgan umrini eslab, o‘zini sarhisob qilishi uchun eng yaxshi eslatmadir. Bunday vaqtda inson o‘z-o‘zidan sergak tortib o‘yga toladi.

Bir vaqtlar masjidga kirib namoz o‘quvchilar soni kam bo‘lsa-da, janozaning o‘ziga kelgan insonlar shovqin ko‘tarmas, mayyitning hurmatini va janoza odobini saqlashga harakat qilishar edi. O‘limni ko‘z oldilariga keltirib mahzun bosh egib turishardi. Endi-chi?..

Xullas, janoza namozini hamma birga turib o‘qidi. Yig‘ilganlardan bir guruhi tobutni yelkalariga olib qabriston tomon yo‘l olishdi, qolganlar dunyo tashvishlari va gap-so‘zlari bilan ovora bo‘lib qolaverdi.

Aslida janoza odobi haqida hozir ham ko‘p gapiriladi, lekin, nazarimda bu gaplar shunchaki e’tiborsiz qolayotgandek... Yoshi bir joyga borib qolganlarning munosabati shunday bo‘lsa, ulg‘ayib kelayotgan yosh avloddan nimani kutamiz?

Alloh holimizni isloh qilsin!

San’at Hasanov

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistonlik 20 nafar imom-xatib Al-Azhar akademiyasida malaka oshirdi

13.11.2026   22775   1 min.
O‘zbekistonlik 20 nafar imom-xatib Al-Azhar akademiyasida malaka oshirdi

Misrdagi Al-Azhar xalqaro akademiyasida 20 nafar o‘zbekistonlik imom-xatib uchun tashkil etilgan malaka oshirish dasturi yakunlanib, ishtirokchilarga maxsus shahodatnoma topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” muxbiri. 
 

Ikki hafta davom etgan o‘quv kursida diniy soha vakillari o‘zlarining ilmiy-diniy bilimlarini oshirish, Al-Azharning boy ilmiy tajribasi va o‘qitish uslublarini o‘zlashtirish bo‘yicha mashg‘ulotlarda qatnashdi.
 

Tadbirda so‘zga chiqqan akademiya rahbari Hasan Sag‘ir ushbu o‘quv kurslari Al-Azhar majmuasi rahbari shayx Ahmad Tayyibning doimiy e’tiborida bo‘lganini alohida ta’kidladi. Uning qayd etishicha, shayx Ahmad Tayyib o‘quv jarayonini jiddiy kuzatib borgan.
 

Safar davomida o‘zbekistonlik imomlar ushbu davlatdagi Katta ulamolar kengashi a’zosi doktor Hasan Shofeiy bilan ham ko‘rishdi. Uchrashuv chog‘ida ilm-fan, diniy ma’rifat va ulamolar mas’uliyati xususida suhbat bo‘lib o‘tdi.
 

Imom-xatiblar Al-Azhar hamda Imom Husayn masjidlariga tashrif buyurib, u yerda saqlanayotgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbat berilgan tabarruk ashyolar, jumladan, muborak qilich va boshqa tarixiy yodgorliklarni ko‘rish imkoniga ega bo‘ldi.
 

Tadbir doirasida O‘zbekiston va Al-Azhar o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy hamkorlik, ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, imom-xatiblarning ilmiy salohiyatini yuksaltirish hamda o‘zbekistonlik yoshlarning ushbu nufuzli dargohda ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha kelgusi chora-tadbirlar belgilab olindi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

 

O‘zbekistonlik 20 nafar imom-xatib Al-Azhar akademiyasida malaka oshirdi O‘zbekistonlik 20 nafar imom-xatib Al-Azhar akademiyasida malaka oshirdi O‘zbekistonlik 20 nafar imom-xatib Al-Azhar akademiyasida malaka oshirdi O‘zbekistonlik 20 nafar imom-xatib Al-Azhar akademiyasida malaka oshirdi O‘zbekistonlik 20 nafar imom-xatib Al-Azhar akademiyasida malaka oshirdi
O'zbekiston yangiliklari