Ayni damda “Islom – ezgulik va tinchlik dini” mavzusidagi nufuzli xalqaro anjuman Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi. Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov olib bormoqda.
Dastavval Prezident maslahatchisi Xayriddin Sultonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev janobi oliylarining xalqaro anjuman ishtirokchilariga tabrigini o‘qib eshittirdi.
Unda xalqaro konferensiya qatnashchilari qutlanib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi tashabbus qo‘llab-qo‘vvatlangani, so‘nggi 7 yilda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada ulkan islohotlar olib borilgani, xalqaro ilmiy markazlar tashkil etilgani, ko‘plab allomalarimizning kitoblari nashr etilgani qayd etilgan.
Shuningdek, anjuman doirasidagi muqaddas Islom dinining insonparvarlik mohiyatini ochib berishga qaratilgan ilmiy ma’ruzalar, tashabbuslar, muhokamalar dunyoda tinchlik-xotirjamlikka hissa bo‘lib qo‘shilishiga umid bildirilgan.
Xalqaro anjuman davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev kabilar so‘zga chiqib, mamlakatimizda bag‘rikenglik siyosati yuritilayotgani, barcha sohalar qatori diniy sohada keng ko‘lamli o‘zgarishlar bo‘layotgani, yot g‘oyalarga qarshi kurash bo‘yicha milliy strategiya amalga oshirilayotgani va Islom dinidagi tinchlikni ta’minlashga qaratilgan ta’limotlarini qayd etib, barchani tinchlik va ezgulik yo‘lida hamkorlik qilishga chaqirdilar.
Xalqaro anjuman qizg‘in davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Toshkent islom instituti magistratura bosqichi hamda Hadis ilmi maktabiga hujjat topshirgan talabgorlar uchun joriy yilning 11 avgust kuni ijodiy imtihonlar o‘tkaziladi.
Talabgorlar tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha quyidagi fanlardan imtihon topshiradilar:
Teologiya (Tafsir va Qur’on ilmlari): Qur’oni karim va tajvid, Tafsir;
Teologiya (Hanafiylik va fiqh ilmlari): Fiqh, Usulul-fiqh;
Hadis ilmi maktabi: Hadis va mustalahul hadis.
Imtihonlar 11 avgust kuni soat 8:00 da Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti binosida boshlanadi. Talabgorlarni ro‘yxatga olish jarayoni soat 7:30 dan start oladi.
Muhim eslatma: Abituriyentlar imtihonga pasport (yoki ID-karta) asli hamda «Imtihon ruxsatnomasi» bilan kelishlari shart. Ushbu hujjatlardan biri bo‘lmagan talabgorlar imtihonga kiritilmaydi.
Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Zarqaynar 18-berk ko‘chasi, 47-uy.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati