– 15-16-oktabr kunlari Oʻzbekistonning goʻzal va qadimiy Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” nomli xalqaro konferensiya oʻtkazilmoqda. Mazkur nufuzli anjumanda ishtirok etayotganimdan benihoya shodman.
Konferensiya doirasida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida muassasa vakillari bilan muloqot olib bordik. Bu yerda “Qoʻlyozmalarni tadqiq qilishning nazariy asoslari” nomli kitobimning oʻzbek tilidagi taqdimoti ham oʻtkazilganidan juda quvondim. Akademiya va “Dorul Maxtutot” markazi oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini muhokama qildik, tajriba almashdik.
Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho beraman. Oʻzbekiston tinchlik-xotirjamlik hukm suradigan diyor. Oʻzbek xalqi shu yurtda tugʻilib voyaga yetgan, oʻzining nihoyatda serqirra ilmiy-ijodiy faoliyati bilan dunyo ahlini lol qoldirgan, dunyo tamadduni rivojiga beadoq hissa qoʻshgan ulugʻ ajdodlari bilan faxrlansa arziydi.
Sharq bir necha asrlar davomida taraqqiyotning oʻzagi boʻlib kelgan. Bugun ham uning nuri umumbashariy madaniy va ilmiy meros sifatida keng nur sochayotganligini alohida taʼkidlash lozim.
Prezident tashabbusi bilan oʻtkazilayotgan “Islom – tinchlik va ezgulik” dini mavzusidagi xalqaro konferensiya esa hozirgi globallashuv jarayonida islom moʻtadillik va bagʻrikenglik dini ekanini namoyon qiladigan muhim maʼrifat maydoni ekanini taʼkidlamoqchiman.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining buyuk alloma va mutafakkirlarning dunyo, xususan, musulmon ilm-fani va sivilizatsiyasi ravnaqiga qoʻshgan munosib hissasi, muqaddas islom dinining insonparvarlik mohiyati boʻyicha fundamental tadqiqotlar oʻtkazishga oid dasturlar, ilmiy loyihalarni ishlab chiqish, ularni amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni oʻtkazishni qoʻllab-quvvatlab bildirgan tashabbuslarini yuqori baholayman.
Mahmud Misriy,
Turkiyaning Istanbul shahridagi qoʻlyozmalarni oʻrganishga ixtisoslashgan “Dorul Maxtutot” markazi bosh direktori
https://iiau.uz/oz/news/3434
Joriy yilning 2–3 sentyabr kunlari Qohira shahrida Butunjahon fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati tashabbusi bilan nufuzli xalqaro anjuman bo‘lib o‘tadi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etadi. Ma’lumki, joriy yil iyul oyida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Butunjahon Fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati a’zoligiga qabul qilingan edilar.
Xalqaro yig‘inda dunyoning taniqli muftiylari, fatvo va fiqh markazlari ulamolari, xalqaro tashkilotlar vakillari, Al-Azhar dorulfununi kabi nufuzli oliygohlar professorlari hamda soha mutaxassislari jam bo‘ladi.
Kun tartibida sun’iy intellekt, jadal raqamlashtirish va zamonaviy bioetika zamonida oila instituti mustahkamligini ta’minlash, ayollar huquqlarini muhofaza qilish, yoshlarni zararli illatlardan asrash hamda ma’naviy inqirozlarga islomiy qadriyatlar asosida shar’iy va ilmiy yechimlar topish masalalari atroflicha muhokama qilinadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati