Alloh butun insoniyatni mehr-oqibat va tinch-totuv yashashga chaqirdi. Natijada, Islom dinining nuri sharq va gʻarb boʻylab tarqaldi.
Ayniqsa, uning nurini oʻz ilmi va maʼrifati ila porlashiga xizmat qilgan yurtingiz ulamolarini alohida taʼikdlab oʻtish lozim. Movarounnahr buyuk ulamolaridan Islom ilmlarining barcha soha va yoʻnalishlari boʻyicha katta ilmiy meros qoldirdi. Xususan, Qurʼoni karimdan keyin eng ishonchli manba boʻlgan “Sahihi Buxoriy” asari muallifi, Hadis ilmining amiri Imom Buxoriy, “Shamoilul Muhammadiya” asarini taʼlif etgan Imom Termiziyning merosidan butun Islom olami foydalanishini alohida eʼtirof etish darkor.
Bugungi konferensiyaga tanlangan mavzu muqaddas dinimiz asl maqsad va gʻoyalarini aks ettiradi. Darhaqiqat, Islom dini tinchlik va yaxshiliklar, ezguliklar dinidir. Islomni himoya qilish, dunyoda tinchlikni oʻrnatish bugungi eng dolzarb vazifamiz sanaladi.
Biz Butun olam musulmonlari uyushmasi ulamolari insoniyatni tinchlikka chaqiramiz.
Ushbu konferensiya tashabbuskori Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga minnatdorlik bildiraman.
Abdurahmon Abdulloh al-Zayd,
Islom olami uyushmasi Bosh kotibi oʻrinbosari (Saudiya Arabistoni)
Misrdagi Al-Azhar xalqaro akademiyasida 20 nafar o‘zbekistonlik imom-xatib uchun tashkil etilgan malaka oshirish dasturi yakunlanib, ishtirokchilarga maxsus shahodatnoma topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” muxbiri.
Ikki hafta davom etgan o‘quv kursida diniy soha vakillari o‘zlarining ilmiy-diniy bilimlarini oshirish, Al-Azharning boy ilmiy tajribasi va o‘qitish uslublarini o‘zlashtirish bo‘yicha mashg‘ulotlarda qatnashdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan akademiya rahbari Hasan Sag‘ir ushbu o‘quv kurslari Al-Azhar majmuasi rahbari shayx Ahmad Tayyibning doimiy e’tiborida bo‘lganini alohida ta’kidladi. Uning qayd etishicha, shayx Ahmad Tayyib o‘quv jarayonini jiddiy kuzatib borgan.
Safar davomida o‘zbekistonlik imomlar ushbu davlatdagi Katta ulamolar kengashi a’zosi doktor Hasan Shofeiy bilan ham ko‘rishdi. Uchrashuv chog‘ida ilm-fan, diniy ma’rifat va ulamolar mas’uliyati xususida suhbat bo‘lib o‘tdi.
Imom-xatiblar Al-Azhar hamda Imom Husayn masjidlariga tashrif buyurib, u yerda saqlanayotgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbat berilgan tabarruk ashyolar, jumladan, muborak qilich va boshqa tarixiy yodgorliklarni ko‘rish imkoniga ega bo‘ldi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston va Al-Azhar o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy hamkorlik, ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, imom-xatiblarning ilmiy salohiyatini yuksaltirish hamda o‘zbekistonlik yoshlarning ushbu nufuzli dargohda ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha kelgusi chora-tadbirlar belgilab olindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati