Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boʻlib oʻtayotgan bu muhtasham anjuman, nafaqat musulmonlar uchun, balki ular bilan diniy bagʻrikenglik tamoyillari asosida umrguzaronlik qilib kelayotgan, qoʻni-qoʻshnichilik munosabatlarini olib borayotganlar uchun ham xayrlidir.
Islom barcha xalqlarni birlikka chorlaydi. Islom diniga eʼtiqod qiluvchi barcha moʻminlar orasida tarqalgan salom soʻzi ham “Sizga tinchlik, omonlik tilayman”, degandir. Shu maʼnoda, islom nomi bilan bogʻlanayotgan xunrezliklar va noxush hodisalar zamirida chin islomga xos boʻlgan eʼtiqod yoʻq, desak, aslo yanglishmagan boʻlamiz.
Ota-bobolarimiz minglab yillar mobaynida islom diniga eʼtiqod qilib keladi. Bu ezgu din, Markaziy osiyoda yashayotgan xalqlarning urf-odatlariga qadar singib ketgan va bunda hech qanday gʻalizlik kuzatilmaydi.
Bunga sabab esa, sof islom aqidasini, uning maʼrifatini, insonparvarligiyu ezgu gʻoyalarini botil aqidalardan oriflik bilan ajratib bera olgan ulamolarning aynan Markaziy osiyodan koʻplab yetishib chiqqanidir. Bu ezgu taʼlimotlardan uzoqlashgan sari, fitnalar koʻpayigani bor gap. Shu bois, ota-bobolarimizning toʻgʻri eʼtiqod borasidagi tavisiyalari va ilmiy merosiga suyanishimiz shart.
Bugun axborot globallashuvi tufayli botil gʻoyalar bilan chalgʻiyotgan yoshlar kam emas. Shu bois, ularga eʼtiqod nuqtai-nazaridan toʻgʻri maʼlumot berish, yoshlarni botil aqidalardan oʻz vaqtida ogoh qilib borish, biz ulamolarning vazifamizdir. Alloh taolo oʻz kalomida “Agar bilmaydigan boʻlsangiz, zikr ahllaridan soʻrangiz”, deb marhamat qiladi. Allohga shukurki, Oʻrta osiyo xalqi, islom olamiga tanilgan allomalari bilan faxrlanadi. Muqaddas kalomdagi “bilganlar” ham shular, aslida.
Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Xoja ahmad Yassaviy, Sigʻnoqiy kabi allomalar haqni botildan ajratgan, ummatga toʻgʻri yoʻlni va islom maʼrifatini koʻrsatib bergan kishilar edi. Mana shunday ajdodlarimizning moʻtadil yoʻli esa, yoshlarni radikal gʻoyalardan asrashda juda muhim. Bugungi anjuman aynan shu haqiqatni anglatishga xizmat qilmoqda.
Naurizbay Utpenov,
Qozogʻiston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy
Da’vo: Musulmonlar xalifasiz uch kundan ortiq yashashi harom. Barcha musulmonlarga xalifa saylash farz.
Raddiya: Avvalo shuni yaxshi bilish lozimki, Islomda xalifalik davri allaqachon o‘tib ketgan. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam hayotlik chog‘laridayoq xalifalik davrini aniq raqamlar bilan qancha davr davom etishini oldindan aytganlar: “Xalifalik o‘ttiz yildir! Undan keyin podsholik bo‘ladi”.
Imom Termiziy, Imom Abu Dovud, Imom Ahmad ibn Hanbal o‘z to‘plamlarida keltirib o‘tishgan. Hadis Payg‘ambarimizning risolat mo‘jizalaridan biri bo‘lib, unda aytilgan xabar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin o‘ttiz yil davomida o‘z tasdig‘ini topdi.
Ma’lumki, Islom ummati uchun to‘rt roshid xalifa bor. Ular: Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali roziyallohu anhum. Shu to‘rt xalifaning musulmonlar ustida rahbarlik davri o‘ttiz yilga to‘g‘ri kelgan. Bularning davri o‘tgach Islom ummati orasida xalifalik davri tugab Payg‘ambarimiz bashorat qilgan podsholik davri boshlandi va to qiyomatgacha shunday ketadi.
Nofe’ rivoyat qiladilar, Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu Yazid ibn Muoviya davrida issiq kunlarda Abdulloh ibn Mutiy’ning oldiga keldi. U (Abdulloh ibn Mutiy’): “Abu Abdurahmonga yostiq keltiringlar”, dedi.
Ibn Umar: “Men o‘tirish uchun kelmadim. Payg‘ambarimiz alayhissalomdan eshitgan hadisni senga aytib beray deb keldim”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitdim: “Kim itoatdan qo‘lini tortsa, Qiyomat kunida Allohga hujjati bo‘lmagan holda yo‘liqadi. Kim bo‘ynida bay’ati bo‘lmagan holda vafot etsa johiliyat o‘limida o‘lgan bo‘ladi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Abdulloh ibn Umar ibn Mutiy’ning huzuriga issiq kechalarda keldilar. Ibn Mutiy’: “Abu Abdurahmonga yonboshiga yostiq qo‘yinglar”, dedi. U zot: “Men seni oldingga o‘tirish uchun kelmadim, balki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan ikki kalimani senga xabarini berish uchun keldim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dan eshitdim: Kimki toatdan qo‘lini tortsa, qiyomat kunida unga hech bir hujjat bo‘lmaydi, kimki jamoatdan ajralgan holda vafot topsa johiliyat o‘limini topibdi”, der edilar (Imom Ahmad rivoyati).
E’tibor berilsa, har ikki hadis Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu rivoyat qilingan birinchisini Imom Muslim “Sahihi Muslim” kitobida ikkinchisini Imom Ahmad Hanbal “Musnad” kitobida rivoyat qilib keltirishgan. Ushbu iki rivoyatdagi hadisi shariflar bir-birini to‘ldirib kelmoqda.
Demak, kim Allohning hukmlariga itoat qilishdan o‘zini tortsa, qiyomat kunida hech bir hujjatsiz holda Allohga ro‘baro‘ bo‘lar ekan. Kim jamoatdan ajrab firqalarga qo‘shilib, bo‘linib ketsa johiliyat o‘limini topar ekan.
Hizbut-tahrir da’vatchilari “Sahihi Muslim”da kelgan rivoyatning ikkinchi “Kim bo‘ynida bay’ati bo‘lmagan holda o‘lsa, johiliyat o‘limini topgan bo‘ladi” jumlasini matndan yulib olib, o‘zlarining xalifasiz yashash mumkin emas, degan da’volariga hujjat qilmoqchi bo‘ladilar.
Vaholanki, Payg‘ambarimiz alayhissalom kelajakda musulmonlar o‘zlari bo‘ysunishlari lozim bo‘lgan xalifa deb ataladimi, u amir deb ataladimi bo‘ysunmay tafriqaga ketib qolishlarini oldindan ko‘rganday bu hadisni aytganlar.
Ushbu hadisi sharif o‘sha tarixiy davrga mos kelgani e’tiboridan Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu muminlar bay’at qilishlari lozim bo‘lgan amir Yazid ibn Muoviya bo‘la turib bay’at qilishdan bosh tortuvchilarga, turli firqalarga bo‘linish arafasida turgan musulmonlarga qarata, Payg‘ambar alayhissalomning ogohlantirishlarini yana eslatib qo‘yish uchun aytganlar desak to‘g‘riroq bo‘ladi. Aslida yo‘q xalifani tiklash to‘g‘risida emas.
Qolaversa, Imom Ahmad ibn Hanbal “Musnad”idagi 21919-hadis. Safina roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitdim: “Xalifalik o‘ttiz yildir. Keyin podshohliklar bo‘ladi”, dedilar. Safina: “Hisobla! Abu Bakr xalifaligi ikki yil,Umarning xalifaligi o‘n yil, Usmonning xalifaligi o‘n ikki yil, Aliyning xalifaligi olti yil”, dedi.
Imom Ahmad ibn Hanbal “Musnad”idagi 21923-hadis. Safina Abu Abdurahmon dedi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitdim: Xalifalik 30 yildir. Keyin podshohliklar”, dedilar. Bas eslatdi. Xuddi shu ma’nodagi hadis imom Termiziyning va Abu Dovudning Sunanlarida ham rivoyat qilinib hasan sahih deb sifatlangan.
Mazkur hadisi shariflardan ko‘rinib turibdiki, xalifalik o‘ttiz yil bo‘lib o‘tdi. So‘ngra Muoviya roziyallohu anhudan podshohliklar boshlandi, chunki davlat otadan bolaga qolib, o‘g‘li Yazid ibn Muoviya podshoh bo‘ldi. Keyin uning urug‘lari umaviylar, ulardan keyin abbosiylar podshohligiga o‘tdi.
Allohning irodasi ila Payg‘ambar alayhissalom o‘zlari mo‘jizadek bashorat qilib aytib qo‘yganlaridek bo‘ldi. Hizbut-tahrir shotirlari esa qancha yillar o‘tib yana xalifalikni tiklaymiz, uch kun xalifasiz yashagan dindan chiqadi, deb da’vo qilib yurishibdi.
Hazrati Ali roziyallohu anhudan keyin yashagan musulmonlar hammasini iymoni nima bo‘ladi, ularning da’volari bilan qancha allomalar qancha olimlar o‘tdi, avliyolar valiylar o‘tdi, nahotki shuncha zotlar ham bu yo‘ldan adashganlarcha aqli donishlari bo‘lmagan bo‘lsa?! Yo‘q aslo unday emas, bu hizbchilarning o‘zlari adashmoqdalar, desak to‘g‘riroq bo‘ladi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi