Bismillahir Rohmanir Rohiym
رَبَّنَا ظَلَمْنَا أَنْفُسَنَا وَإِنْ لَمْ تَغْفِرْ لَنَا وَتَرْحَمْنَا لَنَكُونَنَّ مِنَ الْخَاسِرِينَ
O'qilishi: Robbanaa zolamnaa anfusanaa va in lam tag'fir lanaa va tarhamnaa lanakuunanna minal xoosiriyn
Ma'nosi: “Robbimiz, biz o'zimizga zulm qildik. Agar Sen bizni mag'firat qilmasang va bizga rahim qilmasang, albatta, ziyon ko'rganlardan bo'lamiz” (A'rof surasi, 23-oyat).
رَبَّنَا فَاغْفِرْ لَنَا ذُنُوبَنَا وَكَفِّرْ عَنَّا سَيِّئَاتِنَا وَتَوَفَّنَا مَعَ الْأَبْرَارِ
O'qilishi: Robbanaa fag'fir lanaa zunuubanaa va kaffir 'anna sayyiaatina va tavaffanaa ma'al abror.
Ma'nosi: “Robbimiz, bizning gunohlarimizni kechirgin va yomonliklarimizni o'chirgin hamda yaxshilar bilan birga o'ldirgin” (Oli Imron surasi, 193-oyat).
Poytaxtimizdagi “Novza” masjidida “Haj – 2026” mavsumining ilk ziyoratchilarini kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Yuzida quvonch, tilida shukrona bilan muqaddas zaminga oshiqayotgan hamyurtlarimiz ziyoratlarini eson-omon ado etib, yurtimizga qaytishini so‘rab, duolar qilindi.
Yaqinlarini muborak safarga kuzatayotgan yurtdoshlarimizning ham nigohida havas va sog‘inch tuyg‘ulari balqiydi: ular ham mana shunday saodatli kunlar va Ka’batulloh ziyorati o‘zlariga ham nasib etishini chin dildan niyat qilgan bo‘lsa, ajabmas.
Aytish joizki, O‘zbekistondagi 2026 yilgi haj mavsumi 2 maydan boshlandi. 18 mayga qadar har kuni mamlakatimizning 9 ta hududi – Toshkent, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Samarqand, Buxoro, Qarshi, Termiz va Urganch shaharlaridagi aeroportlardan Saudiya Arabistonining Madina shahriga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar amalga oshiriladi.
– Yurtimizda diniy-ma’rifiy sohaga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli so‘nggi yillarda mo‘min-musulmonlar islomning barcha ruknlari, xususan, haj amallarini to‘la-to‘kis ado etish baxtiga noil bo‘lmoqda, – deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov. – Xususan, bu yil ham haj tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi. Ziyoratchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, meningit kasalligiga qarshi emlandi. Ularga rasmiy haj vizalari va boshqa zarur hujjatlar rasmiylashtirib berildi.
Muborak safar qatnashchilariga guruh rahbarlari mas’ul qilinib, safar oldi mashg‘ulotlari o‘tkazilyapti. Ayol ziyoratchilar uchun ham alohida ayol mutaxassis va shifokorlar ajratilgan. Shuningdek, har bir ziyoratchiga “Haj – buyuk ibodatdir” qo‘llanmasi, sumka, nimcha, termos, soyabon, sim-karta, quvvatlagich taqdim etilmoqda.
– Quvonch va hayajonimizning cheki yo‘q, – deydi ziyoratchilardan biri Nabi Vahobov. – Yaratganga behisob shukrki, orzu-armonlarimiz ushalmoqda. Haj ziyoratiga yo‘lga chiqyapmiz. Biz uchun yaratilgan qulayliklardan behad xursandmiz. Bularning barchasi yurtimizda “Inson qadri uchun, inson baxti uchun!” degan ezgu tamoyilning amaliy ifodasi. Nasib etsa, ziyoratimiz davomida Allohdan yurtimizdagi tinchlik-omonlik, taraqqiyot va farovonlikni bardavom etishini so‘rab, duolar qilamiz.
Makka shahrida ziyoratchilarning asosiy qismi bir hududdagi mehmonxonalarga joylashtiriladi. Shuni ham eslatish zarurki, yurtdoshlarimiz bugungi murakkab zamonda Saudiya Arabistoni tomonidan belgilangan yangi qonun-qoidalarga qat’iy amal qilishi, ogohlikni oshirishi shart.
Ayni paytda Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan “Haj – 2026” mavsumi ishchi guruhlari hamkor tashkilotlar bilan birga mehmonxonalar, Mino va Arofot vodiylarida ziyoratchilar ibodatlarini bekamu ko‘st ado etishi uchun munosib sharoitlar tayyorlash bo‘yicha faol ish olib bormoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlarida haj amallari haqidagi suhbatlar, tavsiyalar va maqolalar taqdim etilmoqda.
“Xalq so‘zi”