Ayni kunlarda Namangan viloyatidagi 190 dan ziyod jome' masjidlarda yurtimizdagi tinchlik va farovonlik sharofatidan taroveh namozi va xatmi Qur'on emin-erkin ado etilmoqda. Ko'plab maskanlarda iftorlik dasturxoni yozilib, xalqimizga osoyishtalik, fayzu baraka tilab duolar qilinmoqda.
Jumladan, Pop tumanida O'zbekiston Musulmonlari idorasi viloyat vakilligi tashabbusi bilan tuman hokimligi va tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi hamkorligida 300 nafar kam ta'minlangan, ijtimoiy himoyaga muxtoj, nogironligi bo'lgan shaxslarga iftorlik dasturxoni yozildi. Duoga qo'l ochganlar yurtimizda tinchlikik-omonlik bardavom bo'lishini so'radilar. Ijtimoiy daftarlarga kiritilgan kishilarga esdalik sovg'alari, oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.

Qayd etish joiz, viloyatdagi imom-xatiblar, mahalliy hokimliklar mutasaddilari, homiy tashkilotlar rahbarlari, mahallalar faollari ishtirokida joylarda inson qadrini ulug'lash maqsadida muhtoj insonlarni yo'qlov tadbirlari muntazam ravishda uyushtirib kelinmoqda. Muqaddas dinimizning insonparvarlik ruhi bilan yo'g'rilgan ezgu an'anlarini munosib davom ettirishga qaratilayotgan bu e'tibor yurtdoshlarimiz tomonidan mamnuniyat ila qarshi olinmoqda.
Namangan shahridagi “Yahyoxon to'ra” jome' masjidi Diyor va Baynalmilal mahallalari aholisiga xizmat ko'rsatadi. Masjid faollari mahallalar mas'ullari bilan birgalikda bir qator yo'qlov tadbirlarini tashkil etdi.

Latifa Abdug'aniyeva Andijon ko'chasida istiqomat qiladi. Turmush o'rtog'i vafot etgach yolg'izlanib qoldi. Qizini turmushga uzatgach esa mahalladoshlari ko'magiga suyungan onaxon bu yo'qlovdan boshi osmonga etdi. Yana bir fuqaro Ulug'bek Fayziyev esa qo'li gul usta edi. Hastalik sababli bir yil avval yotib qolgan bu bemor ham mahalladoshlarining ko'ngil so'raganidan xursand. Zafar ko'chasining nuroniylaridan biri Halimaxon Abdullayeva bu yil tabarruk 83 yoshni qarshi oldi. Taqdir taqozosiga ko'ra, hozir yakka o'zi istiqomat qilayotgan onaxondan mahalladoshlar tez-tez xabar olib turishadi.

Viloyatdagi masjidlar imom-xatiblari boshchiligida hamkor tashkilotlar, shuningdek, joylardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining mahallalardagi xodimlari bilan birgalikda “Ramazon – mehr-muruvvat, xayru saxovat oyi” shiori ostidagi yo'qlov tadbirlari davom etmoqda. Qolaversa, diniy soha xodimlari xonadonlarga borib, iftorlik tadbirini o'tkazmoqda.

– Diyorimizda oylarning sultoni, mehr-shafqat ramzi bo'lgan, fazilati jihatidan boshqa oylardan ulug' bo'lgan mohi Ramazon ufurib turibdi. Ramazoni sharif yaxshi amallarda mo'minlar bir-birlari bilan musobaqalashadigan oydir, – deydi “Yahyoxon to'ra” jome' masjidi imom-xatibi Nurulloh Jamolov. – Payg'abarimiz Muhammad alayhissalom “Kimki Ramazonda iymon bilan savob umidida ro'zasini tutar ekan, uning o'tgan gunohlari kechiriladi”, dedilar. Zero, bugungi qilinayotgan xayrli ishlar o'ksik kishilarning dillariga huzur, lablariga tabassum ulashish, albatta. Bu “Inson qadri uchun” tamoyilining amaldagi ko'rinishidir.
Oqilxon Dadaboyev,
O'zA muxbiri
Bugun, 14 sentyabr kuni Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi o‘z ishini boshladi.
Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Allohshukur Poshshozoda, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy nazorati raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov hamda boshqa qardosh va xorijiy davlatlar ulamolaridan iborat nufuzli delegatsiyalar ishtirok etmoqda.
Yalpi majlisda nutq so‘zlagan muftiylar o‘z ma’ruzalarida quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratmoqdalar:
– Kengash qoshidagi Fatvo hay’ati faoliyatini rivojlantirish, ummat uchun zarur qo‘shma fatvolar ishlab chiqish va zamonaviy masalalarga shar’iy yechim topish;
– diniy ta’lim muassasalarida ustoz va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ilmiy-uslubiy loyihalarni amalga oshirish;
– ekstremizm, terrorizm, takfirchilik, islomofobiya va mazhablararo nizo qo‘zg‘ash kabi tahdidlarga qarshi yakdil ma’rifiy kurashni kuchaytirish.
Shuningdek, Ulamolar diniy-ma’rifiy sohadagi ana shunday hamkorlik butun Turkiy dunyo birdamligini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Anjuman davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati