Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Xindistonning buyuk ulamolaridan Mahmud Devbandiy va u kishining shogirdi Husayn Ahmad Madaniy hind diyorini ingliz mustamlakachilaridan ozod qilib, yana musulmonlarga o‘tkazishga harakat qilishganini sezgan Angliya hukumati bu ikki zabardast olimni O‘rta Yer dengizidagi Malta oroliga surgun qilib, shu yerda hibs qilgan.
Qamoqxonaga kirayotgan paytda Mahmud Devbandiy yig‘lab yuborgan ekanlar. Shunda shogirdlari Husayn Ahmad Madaniy nega yig‘layotganlarini so‘raganida «Endi Ramazonda Qur’on xatmini qayerda eshitaman?» degan ekanlar. Ikkovlari ham olim bo‘lishgan ekanlar-u, lekin murattab qori emas ekanlar. Ramazonga to‘qqiz oy qolgan paytda Husayn Ahmad Madaniy bir Mus'haf toptirib, 9 oy ichida Qur’onni yod olib, Ramazonda xatmga o‘tib bergan ekanlar. Shunda ustozlari: «To qiyomatga qadar avlodingdan qori uzilmasin!» deb duo qilgan ekanlar.
Husayn Ahmad Madaniydan uchta o‘g‘il qolgan. Ular As’ad Madaniy, Arshad Madaniy, Asjad Madaniy. Bir qizlarining uyida 40 ta murattab qori bor ekan. Arshad Madaniyning 10 ta farzandi (7 o‘g‘il, 3 qiz) bor, hammasi murattab qori ekan.
Buyuk ustozni ziyorat qilish maqsadida odamlar Hindistondan kemaga chiqib, Maltaga borishar ekan. Inglizlar esa ularni qamoqxonaga qo‘ymagach, hech bo‘lmasa, shu yerda ustoz bor-ku, bizga ziyorat savobini berar deya, qamoqxona atrofini aylanib, duo qilib ketishaverarkan.
Shunda Husayn Ahmad Madaniy ustozlariga: «Ustoz, bizni ziyorat qilgani kelayotgan odamlarning keti uzilmaydi, lekin ularni bizga ko‘rsatishmayapti, shu yerni aylanib-aylanib qaytishayotgan ekan» desa, Mahmud Devbandiy aytgan ekanlar: «Qarab turgin, bularning ixlosi sabab Alloh taolo ularning bolalarini qori qiladi!».
Devband qishlog‘ining narirog‘ida Amroha degan kichkina qishloq bor. U yerda 5000 ta murattab qori bor. Undan ham narida Kandehla degan qishloq bor. Unda esa bironta ham murattab qori bo‘lmagan ayol yo‘q!
Ustoz Yorqinjon qori rahimahulloh
بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ
عن جابر بن عبد الله رضي الله عنهما قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم:
« المجالس بالأمانة إلا ثلاثة مجالس: سفك دم حرام، أو فرج حرام، أو اقتطاع مال بغير حق »
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Majlislar omonatdir. Faqat uch majlis bundan mustasno: nohaq qon to‘kish, harom shahvoniy aloqa (zino) va nohaq molni tortib olish haqidagi majlislar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
“Majlislar omonatdir”, ya’ni odamlar yig‘ilgan har qanday majlisda aytiladigan gaplar omonat hisoblanadi. Agar suhbatdoshlar ma’lum bir gapning sir saqlanishini istasalar yoki vaziyat shuni taqozo etsa, u holda u gapni boshqalarga tarqatish joiz emas.
Bunga quyidagilar kiradi: shaxsiy sirlar; oilaviy maslahatlar; ishxona yoki tashkilot yig‘ilishlari; davlat ishlariga oid maxfiy suhbatlar; faqat ishtirokchilarga tegishli bo‘lgan ma’lumotlar.
“Omonat” degani faqat mol-mulkni saqlash emas, balki sirni, ma’lumotlarni va eshitilgan gapni ham saqlashni o‘z ichiga oladi.
Nima uchun majlis omonat deb atalgan? Chunki odamlar bir-biriga ishonib, erkin maslahatlashishi va dardini aytishi uchun ularning gaplari tashqariga chiqmasligi zarur. Agar majlisda yoki biror yig‘inda qatnashgan kishi eshitganlarini boshqalarga tarqataversa, odamlar bir-biriga ishonmay qo‘yadi, g‘iybat va chaqimchilik ko‘payadi, munosabatlar buziladi, jamiyatda o‘zaro ishonch yo‘qoladi. Shu bois solih salaflar majlis sirini oshkor qilishni omonatga xiyonat deb hisoblashgan.
“Faqat uch majlis bundan mustasno...” ya’ni ba’zi hollarda sir saqlash mumkin emas. Agar bir kishi: “Men falonchini o‘ldirmoqchiman yoki unga zarar yetkazmoqchiman” desa va uning bu ishi jiddiy ekani ma’lum bo‘lsa, uni yashirish joiz emas. Balki qotillikning oldini olish uchun tegishli mas’ullarni yoki huquqni muzofaza qiluvchi tashkilotlar vakillarini ogohlantirish shart.
“Harom shahvoniy aloqa (zino)”. Agar bir kishi zino qilish yoki birovning nomusiga tajovuz qilish niyati borligini bildirsa, bu haqda ham sukut qilish mumkin emas. Bunday holda jabrlanuvchini yoki buning oldini oladigan mas’ul shaxslarni ogohlantirish lozim bo‘ladi.
“Nohaq molni tortib olish”. Agar kimdir o‘g‘rilik, firibgarlik qilishni, birovning haqini tortib olishni rejalashtirayotganini aytsa, bu sirni ham saqlab turish joiz emas. Chunki bu boshqalarning haqiga tajovuzdir.
Xo‘sh, shunday vaziyatga duch kelgan kishi qanday yo‘l tutishi lozim?
Avvalo, o‘sha odamga nasihat qilinadi va Allohdan qo‘rqishi eslatiladi. Agar u fikridan qaytmasa va xavf haqiqiy bo‘lsa, zararning oldini olish uchun tegishli shaxslarga xabar beriladi. Bu xabar berish faqat jinoyatni to‘xtatish bo‘lishi kerak, odamni sharmanda qilish yoki obro‘sini to‘kish emas.
Xulosa qilib aytganda, barcha hadislar kabi mazkur hadis ham mo‘min-musulmonlarga juda muhim axloqiy qoidani o‘rgatadi: majlisda eshitilgan gaplar omonat hisoblanadi va ularni egasining roziligisiz tarqatish aslo mumkin emas. Biroq agar bu sirni saqlash oqibatida insonning joniga, nomusiga yoki mol-mulkiga katta xavf tug‘ilsa, zararning oldini olish uchun shu haqda xabar berish ba’zi hollarda vojib bo‘ladi. Shu tariqa Islom ham omonatni saqlashni, ham odamlarning hayoti, nomusi va mol-mulkini muhofaza qilishni ta’minlaydi.
Manbalar asosida
T.NIZOM tayyorladi.