Xalqaro anjuman
Global dunyoda ajdodlarning ilmiy merosi hamda boy hayotiy saboqlariga ehtiyoj ortib bormoqda. Yoshlar tafakkurini bilim ziyosi bilan toʻldirishga harakat qilmas ekanmiz, ularni chalgʻitadigan, oʻz domiga tortadigan buzgʻunchi gʻoyalar sanoqsiz. Biroq tafakkur himoyasiga bir butun boʻlib, jamiyat miqyosida kirishilmas ekan, natijasi haminqadar boʻlib qolaveradi. Shukrki, zohiriy-botiniy xatarlarga sergak millatimiz bu borada anchayin jips. Ayni harakatlarga davlat miqyosida eʼtibor qaratilayotgani esa natijalar choʻgʻini olovga aylantiradi.
Prezidentimizning 2024-yil 15-avgustdagi “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorida Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida, uning doirasida Termiz shahrida “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan oʻrni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar oʻtkazilishi belgilangan.
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2024-yil 18-oktabr, 211-son
Islom olami ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) Samarqand shahriga bag‘ishlangan “She’riyat shaharlari” tanlovi yakunlarini sarhisob qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Laureatlarning nomlari tashkilotning Rabat shahridagi qarorgohida Butunjahon roman haftaligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda e’lon qilindi. Mazkur tanlov ICESCO She’riyat va adabiyot markazi tomonidan Samarqandning 2025 yilda islom olami madaniyat poytaxti deb e’lon qilinishi munosabati bilan tashkil etilgan edi.
Hay’at raisi, ICESCOning Sivilizatsiyalararo muloqot markazi direktori, elchi Xolid Fath ar-Rahmon tanlovga 600 ta she’r kelib tushgani, ulardan 174 tasi chuqur ekspertlik bahosidan o‘tkazish uchun saralab olinganini bildirdi.
Tanlovda birinchi o‘rinni yamanlik Muhammad Darvish Hasan Maksai, ikkinchi o‘rinni falastinlik Ahmad Yusri Hasan al-Xattob, uchinchi o‘rinni esa misrlik Muhammad Ismoil Abdulloh Suveylim qo‘lga kiritdi. G‘oliblarga sovrinlar va faxriy yorliqlar topshirildi. Birinchi o‘rin uchun 3000 AQSH dollari, ikkinchi o‘rin uchun 2000, uchinchi o‘rin uchun esa 1000 dollar mukofot belgilangan. Shuningdek, Suriya, Iroq, Jazoir, Tunis va Mavritaniyadan kelgan yana yetti nafar shoir rag‘batlantiruvchi mukofotlarga sazovor bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati